15:00 / 13.11.2024
22

Tramp teleboshlovchiga AQSH mudofaa vaziri bo‘lishni taklif qildi

Tramp teleboshlovchiga AQSH mudofaa vaziri bo‘lishni taklif qildi
Foto: Reuters
AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp mudofaa vaziri lavozimiga Fox News telekanali boshlovchisi Pit Hegset nomzodini ilgari surdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

"Pit butun umri davomida qo‘shinlar uchun ham, mamlakat uchun ham jangchi bo‘lgan. Pit qattiqqo‘l, aqlli va “Amerika birinchi o‘rinda” tamoyiliga chinakamiga amal qiladi. Pit boshqaruvda bo‘lganida, Amerikaning dushmanlari ogoh bo‘lishsin — armiyamiz yanada buyuk bo‘ladi va Amerika hech qachon orqaga qaytmaydi", dedi Tramp.

Hegset armiyada katta xizmat tajribasiga ega bo‘lib, Afg‘oniston va Iroqda xizmat qilgan. Bundan tashqari, u bir necha yil davomida Trampning prezidentlik davrida ham, undan keyingi paytda ham norasmiy maslahatchisi vazifasini bajargan. Ta’kidlanishicha, Pentagon amaldorlari Trampning mudofaa vaziri lavozimiga ehtimoliy nomzodlar qatorida Hegsetning ismini tilga olmagan. Vazirlikdagi manbalar tanlovdan lol qolganini bildirgan.

Biroq, Hegset orqali Tramp o‘zining birinchi muddati davomida ko‘pincha murakkab munosabatlarga ega bo‘lgan vazirlikni boshqaradigan sodiq shaxsni topishi mumkin.

"Tramp birinchi prezidentlik davrida mudofaa vaziri Jeyms Mettis bilan adovatda bo‘lgan. U Tramp Amerika qo‘shinlarini Suriyadan zudlik bilan olib chiqib ketishini e’lon qilganidan keyin norozilik belgisi sifatida iste’foga chiqqandi. Trampning boshqa mudofaa vaziri Mark Esper saylovdan bir necha hafta oldin yangi Tramp ma’muriyati tahdidi haqida ochiqchasiga ogohlantirgan", deyiladi xabarda.

Trampning davridagi yana bir mudofaa vaziri Mark Esper saylovdan keyin yangi administratsiya xavfi haqida ochiqchasiga ogohlantirgandi. Hegset 44 yoshda, u AQSH Milliy gvardiyasi faxriysidir. 2014 yildan beri Fox telekanalida ishlagan, 2017 yildan boshlab esa Fox & Friends Weekend ko‘rsatuviga boshlovchilik qilgan. Uning kanal bilan tuzilgan shartnomasi faqat kecha tugagani ta’kidlanmoqda.

Tramp boshchiligida yangi administratsiya

Milliarderlar Ilon Mask va Vivek Ramasvami Donald Tramp davrida hukumat samaradorligiga erishish bo‘yicha yangi departamentga rahbarlik qiladi. Departament DOGE deb nomlanadi. U Mask tarafdor bo‘lgan Dogecoin kriptovalyutasiga ishora qiladi.

Foto: Ilon Mask va Vivek Ramasvami
"Birgalikda bu ikki ajoyib amerikalik mening ma’muriyatim uchun davlat byurokratiyasini demontaj qilish, ortiqcha qoidalarni, keraksiz xarajatlarni kamaytirish va federal agentliklarni qayta tashkil etish yo‘lini ochib beradi", degan Tramp.

Kelib chiqishi yahudiy bo‘lgan amerikalik investor Stiven Vitkoff AQSHning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili bo‘ladi. U 1997 yilda asos solgan investitsiya va ko‘chmas mulk kompaniyasi Witkoff'ni boshqaradi. Bundan tashqari, u Nyu-Yorkdagi ko‘chmas mulk kengashi ijroiya qo‘mitasida ishlagan. Endilikda Trampning administratsiyasida faoliyat yuritadi.

Oq uy apparatiga tarixda ilk bor ayol kishi rahbarlik qiladi

Trampning saylovoldi kampaniyasiga rahbarlik qilgan Syuzi Uayls inauguratsiyadan keyin Oq uy apparatini boshqaradi. Uayls apparat rahbari lavozimini egallashdan oldin ma’lum shartlarni qo‘ygani aytilmoqda. Jumladan, eng muhimi prezident bilan Oval kabinetda kimlar aloqa qila olishi ustidan kuchliroq nazorat o‘rnatish.

Foto: Syuzi Uayls / AP Photo
"Syuzi Uayls Amerika tarixidagi eng yirik siyosiy g‘alabalardan biriga erishishimga ko‘maklashdi va 2016 hamda 2020 yillardagi muvaffaqiyatli saylov kampaniyalarimning ajralmas qismi bo‘ldi. U kuchli, aqlli, innovatsion shaxs bo‘lib, u hammaning hurmat va e’tiboriga sazovordir. Syuzi Amerikani yana buyuk qilish uchun tinmay mehnat qilishni davom ettiradi. Uning Qo‘shma Shtatlar tarixidagi birinchi ayol apparat rahbari bo‘lishi Syuzi uchun munosib sharafdir. U mamlakatimizni o‘zi bilan faxrlanishga undashiga shubha yo‘q", deya ta’riflagan Tramp.

AQSHdagi 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda Tramp 312 ta, Harris esa 226 ta ovoz oldi. G‘alaba qozonish uchun esa 270 ta ovoz olish lozim edi. Tramp rasman 2025 yil 20 yanvarda davlat rahbari lavozimiga kirishadi. U prezidentlik davrida urushni 24 soat ichida tugatishni va’da bergandi, shuningdek, Ukrainaga harbiy yordam ajratilishini tanqid qilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp teleboshlovchiga AQSH mudofaa vaziri bo‘lishni taklif qildi