14:14 / 22.11.2024
62

Britaniya Rossiyaga qarshi urushga tayyorligini e’lon qildi

Britaniya Rossiyaga qarshi urushga tayyorligini e’lon qildi
Foto: Getty Images
Rossiya Sharqiy Yevropadagi davlatlardan biriga hujum qilgan taqdirda Buyuk Britaniya qurolli kuchlari ularni himoya qilish uchun hatto “bugun kechqurun” ham jangovar harakatlarni boshlashga tayyor. Bu haqda Britaniya mudofaa shtabi boshlig‘ining o‘rinbosari, general-leytenant Rob Magovan ma’lum qildi.

"Agar Britaniya armiyasidan bugun kechqurun jang qilish so‘ralsa, u shak-shubhasiz jangga kirishardi. Menimcha, bu zaldagi hech kimda shubha bo‘lmasligi kerakki, agar ruslar bugun kechqurun Sharqiy Yevropaga bostirib kirsalar, biz ular bilan jangda to‘qnash kelamiz", dedi Rob Magovan Jamoatlar palatasining mudofaa qo‘mitasida.

Shu tariqa u parlament a’zolarining Rossiya tomonidan jiddiy keskinlik yuzaga kelgan taqdirda Buyuk Britaniya NATOning sharqiy qanotiga tashlashi mumkin bo‘lgan brigadalar soni haqidagi savoliga javob berdi.

Magovan 2022 yil may oyida Britaniya mudofaa shtabi boshlig‘ining o‘rinbosari bo‘ldi. Uning vakolatiga mudofaaning barcha yo‘nalishlarini strategik rivojlantirish kiradi. U strategik qurollantirish dasturlarini amalga oshirish uchun ham mas’uldir.

Foto: Rob Magovan / United24
Magovan 2024 yil mart oyida Buyuk Britaniya zaxiralar va o‘q-dorilarning yetishmasligi tufayli Rossiyaga qarshi mojaroda ikki oydan ortiq vaqt davomida yakka o‘zi turib bera olmasligini aytgandi. Mudofaa vaziri Grant Shapps esa bunday ehtimoliy to‘qnashuvda Buyuk Britaniya NATOning boshqa a’zolari bilan hamkorlikda ishtirok etishini ta’kidlagan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Britaniya armiyasida 72 510 nafar professional harbiy xizmat qilmoqda. Bu Napoleon urushlari davridan beri rekord darajadagi past ko‘rsatkichdir, deb yozmoqda The Telegraph. Business Insider'ning yozishicha, Britaniya armiyasi hozirda Ruminiya va Bangladesh qurolli kuchlaridan kamroq, Kanada va Armanistonnikidan esa ko‘proq.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2023 yil dekabr oyida Rossiyaning NATO davlatlari bilan urush qilish uchun “hech qanday sababi yo‘qligini, na geosiyosiy, na iqtisodiy, na siyosiy va na harbiy manfaatlari borligini” ta’kidlagandi. NATO rahbariyati ham Rossiya bilan mojaro izlamayotganini qayd etib kelmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Britaniya Rossiyaga qarshi urushga tayyorligini e’lon qildi