07:41 / 27.11.2024
6

Rossiya tug‘ilish kam bo‘lgan hududlarning gubernatorlarini iste’foga chiqarishni boshlaydi

Rossiya tug‘ilish kam bo‘lgan hududlarning gubernatorlarini iste’foga chiqarishni boshlaydi
Foto: Nikolay Vinokurov
Rossiya prezidentining administratsiyasi 2025 yildan boshlab gubernatorlar faoliyati samaradorligini mintaqadagi tug‘ilish darajasiga qarab baholaydi. Bu haqda hukumatdagi manbaga tayanib, «Vyorstka» xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda hukumatda Kreml uchun umumiy tug‘ilish koeffitsiyentini hisoblash (KPI) qo‘llanmasi tayyorlanmoqda (reproduktiv yoshdagi bir nafar ayolga to‘g‘ri keladigan bolalar soni) va u mintaqa rahbarlari faoliyatining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari qatoriga kiritiladi.

«Tug‘ilish [keyingi yildan] baholanadi, biroq menga bunday baholash allaqachon yo‘lga qo‘yilgandek tuyulmoqda», — deydi manba. U Kreml tug‘ilish ko‘rsatkichlarini oshirishni talab qilish mumkinligidan xavotirda ekanini, ammo jiddiy mablag‘larni yo‘naltirmasdan buni amalga oshirib bo‘lmasligini bildirgan.

KPI'ni bajarmagan gubernatorlar iste’foga chiqarilishi va keyingi karerasi uchun «tamg‘a» qo‘yilishi mumkin. Mintaqadagi boshqa hokimiyat vakillari ham bundan bebahra qolmaydi: federal markaz tug‘ilishni oshirishni gubernatorlardan talab qiladi, u bo‘lsa o‘z qo‘l ostidagilar, xususan, vazirlardan so‘raydi.

Natijada, hududlar kerakli raqamlarni «qo‘shishni» boshlaydi, ammo Kreml ushbu ko‘rsatkichlarni «qattiq» tekshirishi, jumladan, mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirliklari ma’lumotlarini ko‘tarishi mumkin. Shu bois tug‘ilishning oshishini asosan yosh oila va onalarga pul berilmaydigan subyektlardan kutish kerak. «O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, qaysi biri oson: «Men — onaman» yozuvi tushirilgan plakatlar tanlovini o‘tkazishmi yoki har bir onaga bir necha ming rubl berish?», — deya tushuntiradi nashr suhbatdoshi.

Prezident administratsiyasiga yaqin manbaga ko‘ra, agar ichki siyosiy kun tartibi haqida gapiriladigan bo‘lsa, «prezidentni tashvishga soladigan asosiy narsa» — bu tug‘ilish va ko‘p bolali oilalardir. Markaziy Rossiya mintaqalaridan bo‘lgan boshqa bir manbaning aytishicha, tug‘ilish darajasi «ko‘proq yangraydigan mavzuga aylanishi kerak». «Kreml sizni jamoada ekaningizni ko‘rishi kerak. Ikki yil oldin hamma Z belgisini tushirishni boshlagan edi, hozir imkon qadar ona va bolalar haqida gapirmoqda. Shunday ekan, har qanday tashabbusga tug‘ilish mavzusi «yopishtirilmoqda»: xuddiki, hamma bundan xursand» — deydi u.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin joriy yilning avgust oyida gubernatorlarning samaradorligini «umumiy tug‘ilish koeffitsiyenti»ni hisobga olgan holda baholanishini talab qilgandi. O‘shanda u hukumatga «bolali oilalar hayoti sifatini va tug‘ilishni oshirishga qaratilgan tadbirlar» bo‘yicha milliy loyihani tahlil qilishni topshirgan edi.

Putinning chaqiriqlariga qaramay, Rossiyada tug‘ilish kamayib bormoqda. «Rosstat» ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning dastlabki olti oyida Rossiyada 599,6 ming chaqaloq dunyoga kelgan — bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,6 mingga kam. Shunday qilib, tug‘ilish darajasi 2023 yilga nisbatan qariyb 3 foizga tushib ketgan — bu 1999 yildan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya tug‘ilish kam bo‘lgan hududlarning gubernatorlarini iste’foga chiqarishni boshlaydi