19:13 / 27.11.2024
3

Ukrainada Tramp nomzodi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga taklif qilindi

Ukrainada Tramp nomzodi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga taklif qilindi
Foto: AP
Hukmron “Xalq xizmatkori” partiyasidan Oliy Rada deputati Aleksandr Merejko Nobel qo‘mitasiga maktub yo‘llab, AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampni 2025 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatdi.

Ukrainaning “24-kanal” ma’lumotlariga ko‘ra, Merejko maktubda “Tramp butun dunyoda tinchlik o‘rnatishga katta hissa qo‘shgan”ini aytib, kelajakda bundan ham ko‘proq ishlar qila olishiga ishonch bildirgan. Misol tariqasida deputat Trampning birinchi prezidentlik davrida Isroil va musulmon davlatlari o‘rtasidagi kelishuvlarda vositachilik qilganini keltirgan.

Tramp, shuningdek, qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha jahon yetakchiligini namoyish qilib, Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi bugungi xalqaro koalitsiyaga asos soldi”, deydi Merejko.

Merejkoning o‘zi Ukrainaning Kyiv Independent nashriga bergan izohida Trampning Tinchlik uchun Nobel mukofotiga nomzod bo‘lishini “Ukrainaning omon qolishiga yordam berishi uchun respublikachi e’tiborini jalb qilish imkoniyati” sifatida qarashini tushuntirgan.

Avvalroq The Washington Post (WP) Kiyevdagi manbalariga tayanib, ukrainalik siyosatchilar va tadbirkorlar Trampni Ukrainaga mamlakatning energiya resurslari va foydali qazilmalari evaziga harbiy yordam ko‘rsatishga ko‘ndirishga urinishayotgani haqida yozgan edi.

“Naftogaz” rahbari Aleksey Chernishov AQSHga Ukraina energetika resurslarini sotishdan yuqori foyda olishni va’da qilgan. Oliy Radaning iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Vladimir Vasilyuk Ukraina minerallarini, jumladan, zamonaviy yuqori texnologiyali sanoat uchun muhim bo‘lgan litiyni amerikaliklar qo‘liga berish zarurligini ta’kidlagan.

WP'ga ko‘ra, ukrainalik siyosatchilar ham Trampni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash respublikachining “siyosiy maqsadlariga erishishida foydali” ekanligiga ishontirgan. Shu bilan birga, gazetaning ta’kidlashicha, Vladimir Zelenskiy Trampni Ukrainaga yordam berishda davom etish zarurligiga ishontirishi qiyin bo‘ladi, chunki Amerikaning yangi yetakchisining yaqin doiralari – vitse-prezident Jeyms Devid Vens va Ilon Mask qo‘llab-quvvatlashning ma’nosizligi haqida gapirishmoqda.

Avvalroq Tramp prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonsa, Ukrainadagi mojaroni inauguratsiyadan oldin ham tezda hal qilishini, bu borada aniq rejasi borligini bir necha bor ta’kidlagan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainada Tramp nomzodi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga taklif qilindi