07:57 / 02.12.2024
27

Isroillik ravvinni Ummonga o‘g‘irlab ketishmoqchi bo‘lgan...

Isroillik ravvinni Ummonga o‘g‘irlab ketishmoqchi bo‘lgan...
Foto: The Jerusalem Post
Birlashgan Arab Amirliklarida o‘ldirib ketilgan isroillik ravvin Zvi Koganni dastlab Ummonga o‘g‘irlab ketish rejalashtirilgan. Bu haqda manbalarga tayanib,Wall Street Journal xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, ravvin stomatolog qabuliga borgan va qaytib kelmagan. Oradan bir necha kun o‘tgach, uning jasadi Ummon chegarasi yaqinida topilgan. Hodisa bo‘yicha o‘tkazilgan tergovga ko‘ra, xavf-xatarsiz uydan chiqib ketgan ravvin o‘g‘irlab ketilgan. Biroq o‘g‘rilarning ravvinni Ummonga olib ketish rejasi o‘xshamagan va u o‘ldirilgan. Tergov jarayoni bilan tanish bo‘lgan manbaga ko‘ra, qotillik muvaffaqiyatsiz o‘g‘irlash paytida sodir bo‘lgan.

Ravvinning rafiqasi Rivki Kogan eriga bog‘lana olmagach, mahalliy yahudiy jamoasiga yordam so‘rab murojaat qilgan. Jamoa va hukumatning sa’y-harakatlari keng ko‘lamli tergov boshlanishiga olib kelgan, oqibatda gumonlanuvchilarning shaxsi aniqlangan.

Ravvinning o‘limi: O‘zbekiston fuqarolari gumonlanmoqda

BAAda 21 noyabr kuni isroillik ravvin Zvi Kogan bedarak yo‘qoldi. 24 noyabr kuni maxsus xizmat va xavfsizlik organlari uning jasadini topdi. Marhum Isroil va Moldova fuqaroligiga ega bo‘lib, yahudiylarning “Xabad” diniy harakatida faoliyat yuritgan va uning Abu Dabidagi vakili bo‘lgan. Isroil hukumati ravvinni Eron razvedkasi kuzatgani haqidagi ma’lumotlarga egaligini da’vo qilmoqda. Tehron mazkur ayblovlarni rad etgan.

24 noyabr kuni ravvinni o‘ldirishga gumonlanib O‘zbekistonning uch fuqarosi qo‘lga olingan. Jumladan, Olimboy Tohirovich (28 yosh), Mahmudjon Abdurahim (28 yosh), Azizbek Komilovich (33 yosh) ushlangan.

Foto: WAM
Hozirda gumonlanuvchilarning ishlari tergovni yakunlash uchun prokuraturaga topshirilgan. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu “qotillardan birortasi ham omon qolmasligi”ni ta’kidlagan.

O‘zbekiston tomoni nima demoqda?

Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 26 noyabr kuni TIV binosida Isroil elchisi Gideon Lustig bilan uchrashgan.

Zvi Koganning vafoti munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdik. O‘zbekiston xalqi barcha din va elat vakillariga azaldan do‘stona munosabatda bo‘lib kelgan. Biz millatchilikning hech qanday ko‘rinishiga toqat qilmaganmiz va bundan keyin ham toqat qilmaymiz. Terrorizm va ekstremizmning chegarasi va millati yo‘q”, deb yozdi vazir o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Baxtiyor Saidov O‘zbekiston hukumati tergov jarayonlarida BAA va Isroil idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini aytgan.

O‘zbekistonning Dubay shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Abu Dabidagi elchixonasi Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligi va boshqa mutasaddi idoralari bilan doimiy aloqada bo‘lib, mazkur masala yuzasidan oydinlik kiritish maqsadida tegishli ishlar olib bormoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroillik ravvinni Ummonga o‘g‘irlab ketishmoqchi bo‘lgan...