22
Trampning maslahatchilari Ukraina uchun tinchlik rejasining uchta asosiy variantini taklif qilishmoqda
Alex Babenko / AP / Scanpix / LETA
Donald Trampning maslahatchilari ochiq va maxfiy tarzda Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha takliflarini ilgari surmoqda, bu takliflar birgalikda saylangan prezidentning tinchlik rejasi konturlarini ko‘rsatadi, deb yozmoqda jurnalistlari turli bayonotlarni o‘rgangan hamda manbalar bilan gaplashgan Reuters agentligi.
Reuters'ning to‘rt manbasiga ko‘ra, noyabr oyi oxiriga kelib ham Tramp hali tinchlik rejasini ishlab chiqish uchun ishchi guruhni tuzishga ulgurmagandi, ammo bir necha maslahatchilar ochiq forumlarda bir-biriga, ayrim holatlarda Trampning o‘ziga o‘z takliflarini bildirishgan.
Trampning birinchi muddatida milliy xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullangan xodimlaridan biri tasdiqlashicha, hozirda uchta asosiy taklif mavjud: Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus elchilikka nomzod Kit Kellogdan, vitse-prezident Jey Di Vensdan va AQSHning Germaniyadagi sobiq elchisi, milliy razvedka xizmati sobiq direktori Richard Grenelldan.
Kellogning AQSH Milliy xavfsizik kengashi sobiq mas’ul kotibi Fred Fleys hammuallifligidagi rejasi agar Kiyev Moskva bilan muzokaralarni boshlamasa, Vashington Ukrainani harbiy yordamdan mahrum qilishini ko‘zda tutadi. Rossiya muzokaralardan bosh tortishi esa, Amerikaning Ukrainaga yordami oshirilishiga olib keladi. Bu rejaga ko‘ra, tomonlar «mavjud front chizig‘i» asosida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olishi kerak bo‘ladi.
Jey Di Vens esa o‘z g‘oyalarini sentyabr oyidayoq bayon qilgandi — uning fikricha, kelishuv mavjud front chizig‘ida demilitarizatsiya qilingan hududni o‘z ichiga olishi va bu hudud Rossiyaning kelgusi ehtimoliy bosqinining oldini olish uchun «jiddiy darajada mustahkamlanishi» lozim. Uning taklifi Ukraina NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortishini nazarda tutadi.
Iyul oyida AQSH Respublikachilar partiyasi qurultoyi doirasida Bloomberg News davra stolida chiqish qilgan Grenell Ukraina sharqida «avtonom regionlar» yaratishni taklif qilgan va mamlakat yaqin vaqtlar ichida NATOga qo‘shilishiga qarshi chiqqandi.
Reuters manbalaridan biri aytishicha, Grenell hali yangi ma’muriyatdan o‘rin olmagan bo‘lsa-da, u Yevropa masalalarida Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Grenell sentyabr oyida Nyu Yorkda Donald Trampning Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvida qatnashgan kam sonli kishilardan biri edi.
Reuters qayd etishicha, uchala taklif ham Ukrainaning NATOga a’zoligi masalasi kun tartibidan chiqarilishi bo‘yicha umumiylikka ega. Bu, katta ehtimol bilan, NATOga taklif etilishni o‘zining «g‘alaba rejasi»ning bir qismiga aylantirgan Volodimir Zelenskiy, shuningdek, Yevropadagi ittifoqchilar hamda ayrim amerikalik kongressmenlar tomonidan qarshilikka uchrashi mumkin, deyishmoqda tahlilchilar va milliy xavfsizlik organlarining sobiq xodimlari.
Noyabr oyi oxirida Zelenskiy agar Ukrainaning Kiyev nazoratida qolgan hududlari «NATO soyaboni ostiga» olinadigan bo‘lsa, urushning «qaynoq fazasi» yakunlanishi mumkinligini aytgandi. U keyinroq aniqlik kiritib, mamlakatni okkupatsiya qilingan hududlarisiz, qisman harbiy alyansga taklif qilib bo‘lmasligini aytgandi.
Maslahatchilar fikricha, yakuniy tinchlik kelishuvi Tramp, Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi bevosita shaxsiy munosabatlarga bog‘liq bo‘ladi. Ammo, tahlilchilar hamda amerikalik sobiq mulozimlar Tramp Putin hamkorlikni istamasligiga duch kelishi, chunki u hududlarni egallashda davom etish foydaliroq deb hisoblashi mumkinligini aytishgan.
Saylovoldi kampaniyasi davrida Donald Tramp bir necha bor prezidentlikka saylanganidan keyin Ukrainadagi urushni hali lavozimga kirishmasdanoq, «24 soat ichida» tugatishini aytgandi, ammo buni qay tarzda amalga oshirmoqchi ekanini izohlamagan. Zelenskiy bunga javoban, takliflarni eshitishga tayyorligi, ammo «agar ular shunchaki hududlarni topshirishdan iborat bo‘ladigan bo‘lsa, ular juda ibtidoiyligi»ni ta’kidlagandi. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Erdo‘g‘an Putin bilan Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi
Xitoy Donald Trampning BRICS a’zolariga nisbatan tahdidlariga javob berdi
Ilon Mask: Amerika Qo‘shma Shtatlari bankrotlik yoqasida!
Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari-2025 mezbonligi O‘zbekistondan olib qo‘yildi
O‘zbekistonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga doir taqiqlar belgilandi
Ukrainada 10 oyda urushdan qochish bilan bog‘liq 60 mingta «ish» ochilgan
Olimpiya shaharchasi belgilangan muddatda yakunlanmasligi sababli O‘zbekiston mezbonlikdan voz kechgani aytildi
Germaniyada 17 yoshli bola yirik terakt uyushtirishga urindi