21:33 / 10.12.2024
43

“Yil odami-2024” uchun kimlar da’vogarlik qilmoqda?

“Yil odami-2024” uchun kimlar da’vogarlik qilmoqda?
Time jurnali “Yil odami-2024” nominatsiyasi uchun nomzodlar ro‘yxatini e’lon qildi. Ro‘yxatga AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp, Britaniya malikasi Keyt Middlton, rossiyalik marhum muxolifatchi Yuriy Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya va boshqalar kiritilgan.

Time jurnali 1927 yildan buyon dunyoga eng katta ta’sir ko‘rsatgan, xoh ijobiy, xoh salbiy bo‘lsin, shaxs, guruh yoki g‘oyani tanlaydi. 2023 yilda mazkur unvonga pop yulduz Teylor Svift sazovor bo‘lgan. Undan oldin esa Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, milliarder Ilon Mask, AQSH sobiq rahbari Barak Obama va boshqalar loyiq ko‘rilgandi. Bu yilgi 10 nomzoddan iborat qisqa ro‘yxatga quyidagilar kiritildi:

Kamala Harris

Foto: AFP
Ta’kidlanishicha, Harris 107 kun davomida AQSH prezidentligi uchun poygada qatnashgan va u mamlakat tarixida birinchi ayol prezident bo‘lishi mumkin edi. Ammo u saylovda Trampga mag‘lub bo‘ldi. Harris Bayden bilan birgalikda 2020 yilda “Yil odami” muqovasida bo‘lgan — bu duet Tramp va sobiq vitse-prezident Mayk Pensni mag‘lub etgan yil edi.

Keyt Middlton

Foto: Getty Images
Bu yil Keyt Middltonga uning salomatligi bilan bog‘liq muammolar tufayli e’tibor qaratildi. Uels malikasida saraton kasalligi aniqlandi. Yaqinda u kimyoterapiya kursini yakunladi va hatto bir necha bor jamoat tadbirlarida ko‘rindi.

Keyt 2013 yilda Time100 jurnalining eng ta’sirli shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan va 2011 yilda “Yil odami” nominatsiyasida g‘oliblikka da’vogarlardan biri bo‘lgan.

Ilon Mask

Foto: Getty Images
Dunyoning eng boy odami bo‘lgan Ilon Mask 2024 yil siyosat olamiga kirib keldi. U Trampni qo‘llab-quvvatladi, mitinglarda ishtirok etdi, Trampga prezidentlik dasturini shakllantirishda ko‘maklashdi. Tramning saylovdagi g‘alabasidan so‘ng Maskning ta’siri yanada kuchaydi va u yangi idorga hamrais etib tayinladi. Amerikalik milliarder 2021 yilda Time jurnali tomonidan yilning eng ta’sirchan shaxsi deb tan olingandi.

Yuliya Navalnaya

Foto: Getty Images
Rossiyalik iqtisodchi Yuliya Navalnaya fevral oyida turmush o‘rtog‘i, muxolifatchi Aleksey Navalniy vafot etganidan keyin e’tibor markazida bo‘ldi. Koloniyadagi erining vafotidan keyin Navalnaya uning ishini davom ettirishini aytdi. Navalnaya Rossiya muxolifatining “birinchi xonimi” deb atalmoqda.

Binyamin Netanyaxu

Foto: Benjamin Netanyaxu / X
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bu yil dunyodagi “eng nufuzli va ziddiyatli rahbarlardan biri” bo‘ldi, deb yozmoqda Time.

G‘azodagi qurbonlar soni 44 056 nafarga yetganiga qaramay, Netanyaxu 2023 yil 7 oktyabr kuni Isroilga hujum qilib 1200 kishini o‘ldirgan HAMASga qarshi urushiga nisbatan tanqidlarga qaramay, bu yil harbiy harakatlarini davom ettirdi, deyiladi xabarda.

Jerom Pauell

Foto: Getty Images
Jerom Pauell 2018 yildan buyon AQSH Federal zaxira tizimining raisi bo‘lib, ham Tramp, ham Bayden ma’muriyatlarida faoliyat yuritmoqda.

Rais sifatida u 2024 yilgi saylovlarda eng muhim masala deb hisoblangan iqtisodiyotga boshchilik qildi. Garchi Pauell bu lavozimga Tramp tomonidan nomzodi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, saylangan prezident o‘zining birinchi vakolat muddati davomida Federal zaxirani bir necha bor tanqid qilib, uni haddan tashqari yuqori foiz stavkalarini saqlab turishda ayblagan. O‘shandan beri Pauell Federal zaxiraning siyosiy partiyalar va nomzodlardan mustaqilligi naqadar muhimligini ta’kidlab kelmoqda.

U ikki marta — 2019 va 2020 yillarda Time jurnalining 100 ta eng ta’sirli shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan hamda 2023 yilda “Yil odami” unvoniga nomzodlar qatorida bo‘lgan.

Jo Rogan

Foto: Getty Images
Podkaster Jo Rogan uchun 2024 omadli yil bo‘ldi. Uning joriy voqealar, siyosat va u bilan bog‘liq barcha narsalar haqida hikoya qiladigan Joe Rogan Experience podkasti ketma-ket beshinchi yil Spotify’da eng yaxshi podkastga aylandi va har bir epizod uchun o‘rtacha 11 million tinglovchini to‘pladi. Saylovdan bir necha kun oldin Rogan Tramp bilan uch soatlik intervyu e’lon qildi, keyinchalik Rogan uni qo‘llab-quvvatladi va ba’zi saylovchilar intervyu ularning qaroriga ta’sir qilganini aytdi.

Rogan — o‘z shousida COVID-19 haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgani va o‘tmishda irqiy haqoratlardan foydalangani uchun salbiy munosabatga duch kelgan ziddiyatli shaxs, deb ta’kidlaydi nashr.
U 2022 yilda Time100 ning eng nufuzli shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan.

Klaudiya Sheynbaum

Foto: Global Look Press
Oktyabr oyida Klaudiya Sheynbaum Meksika tarixidagi birinchi ayol prezident sifatida tarixga kirdi.

Sheynbaum o‘z kampaniyasini kambag‘allar manfaati uchun kurashga qaratdi va Meksika iqtisodiy tanazzuldan tortib uyushgan zo‘ravonlikning o‘sishigacha bo‘lgan muammolarga duch kelgan bir paytda o‘z lavozimini egalladi, deyiladi xabarda.

Donald Tramp

Foto: USA Today
Jurnal Trampning prezidentlik lavozimiga qaytishini “hayratlanarli” deb atadi. U yosh erkak saylovchilarni faollashtirish orqali Amerika saylovchilar tarkibini o‘zgartirdi. Bu unga hal qiluvchi g‘alabani ta’minladi va har bir ikkilanayotgan shtatni respublikachilar foydasiga o‘zgartirishga imkon berdi.

Uning 2024 yildagi g‘alabasi ko‘p jihatdan tarixiy ahamiyatga ega: u AQSH tarixidagi eng keksa prezident bo‘ladi va shu yil boshida Nyu-York sudi tomonidan 34 ta firibgarlik aybi bo‘yicha hukm qilingan, bu esa uni prezidentlikka saylangan birinchi sudlangan jinoyatchiga aylantirdi, deya ta’kidlashadi maqola mualliflari.

Tramp 2016 yilda ilk bor prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganida ham Time jurnali tomonidan “Yil odami” deb e’tirof etilgandi.

Mark Sukerberg

Mark Sukerberg bu yil kuzatuv ostida qoldi, chunki milliarder Facebook, Instagram va boshqa platformalarga tegishli bo‘lgan Meta ustidan hukumat nazorati bilan shug‘ullandi. Bu yil Sukerberg va boshqa texnologik kompaniyalar rahbarlari Senat sud qo‘mitasida ijtimoiy tarmoqlarning yoshlarga ta’siri masalasi bo‘yicha so‘roq qilingan.

2024 yilgi saylov davrida amaldorlar Facebook’da noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalishi haqida tashvish bildirgandi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, dekabr oyiga kelib Sukerbergning sof kapitali 210 milliard dollarga yetgan, bu esa uni dunyodagi to‘rtinchi eng boy insonga aylantirgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Yil odami-2024” uchun kimlar da’vogarlik qilmoqda?