date
views 208

Rossiya harbiy qoʻshini Pokrovsk shahri chekkalariga yorib kirdi. Shahar dosh bera oladimi?

Rossiya harbiy qoʻshini Pokrovsk shahri chekkalariga yorib kirdi. Shahar dosh bera oladimi?
Foto: Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA
Rossiya qoʻshini 2024 yil fevral oyi oxirida Avdiyivka egallanganidan keyin Pokrovsk tomon yurishni boshlagan va qariyb 10 oydan buyon deyarli tanaffussiz davom ettirmoqda.

Bu vaqt mobaynida ular Ukraina hududida 50 kilometr masofaga ichkariladi va Donetsk oblastida Kiev nazoratida qolgan soʻnggi yirik sanoat markaziga yaqinlashib keldi.

Ukraina qoʻmondonligi avgust oyida zaxira kuchlar olib kelish hisobiga raqib yurishini toʻxtatishga muvaffaq boʻlgandi.

Ammo qoʻshni Selidove shahri qisqa muddatda egallanganidan keyin, noyabr-dekabr oylarida Rossiya armiyasi harakati yana tezlashdi. Hozirda ruslar Pokrovsk ta'minotida logistika zanjirini uzib qoʻyishga va ushbu aholi yashash manzilini egallash boʻyicha amaliyotni boshlashga yaqin.

Tahlilchilar Pokrovsk Rossiya armiyasi tomonidan egallanishi Ukraina iqtisodiyotiga ogʻir zarba boʻlishidan ogohlantirmoqda. Bu mamlakatda qolgan soʻnggi yirik koʻmir qazib olish va poʻlat ishlab chiqarish markazidir.

Xavfli yorib kirish

Selidove oktyabr oyi oxirida egallab olingandi. Ukrain boʻlinmalari qurshovga tushib qolmaslik uchun shaharni tashlab chiqishgan. Ammo Ukraina qurolli kuchlari shahar atrofida yangi mudofaa chizigʻini tashkil eta olmadi va Rossiya armiyasi gʻarb tomon yurishini davom ettirib, Pokrovskni janubdan aylanib oʻtish va shaharni barcha logistik yoʻnalishlardan uzib qoʻyish harakatini boshladi.

Rossiya armiyasi asosan Solona daryosi va temiryoʻl liniyasi boʻylab harakatlandi. Bir yarim oy ichida rossiyaliklar 11 km masofaga ilgariladi hamda oʻz yoʻlidan chiqqan Vishneve, Grigorevka, Petrovka, Jeltoe va Novopustinka kabi qishloqlarni nazoratiga oldi.

Ukraina qurolli kuchlarining Novotroitskoe va Shevchenko qishloqlari oraligʻidagi tepaliklarda oʻrnatgan kuchli istehkomi raqib yanada gʻarbga yurishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadini koʻzda tutgan edi.

Harbiy sharhlovchi va «Senzor.net» nashri bosh muharriri Yuriy Butusov aytishicha, bu uchastkadagi fortifikatsiya aql bilan barpo etilgan: pozitsiya toʻgʻri tanlangan, mudofaa polosalari tayyorlangan, istehkomning oʻzi tarmoqlangan hamda dronlar va artilleriya hujumidan yaxshi himoyalangan.

Foto: Diego Herrera Carcedo/Anadolu
Ammo, uning soʻzlariga koʻra, frontning mazkur uchastkasidagi qoʻshinning jangovar samaradorligi bilan bogʻliq muammolar tufayli Rossiya armiyasi ukrainlarning pozitsiyalarini tezlik bilan va amalda qarshilikka uchramasdan egallab oldi. Butusov bunga qoʻmondonlikning notoʻgʻri hisob-kitoblari sabab boʻlgan deb hisoblaydi.

«Dushman uni (Ukraina qurolli kuchlarining mustahkamlangan hududini) jangsiz egalladi, harbiy qoʻmondonlik u erga biror odam yuborishidan oldinroq kirib keldi», — deydi Butusov.

Uning fikricha, vaziyat «oʻta ogʻir va tekshiruv oʻtkazishni talab qiladi».

Hozirda Ukraina qurolli kuchlari qoʻmondonligi rossiyaliklarni toʻxtatish uchun Novotroitskoe va Shevchenkoga qoʻshimcha zaxiralar yuborgan.

Mazkur hududga javobgar boʻlgan «Xortitsa» operativ-strategik qoʻshinlar guruhi vakili Nazar Voloshin aytishicha, ukrain armiyasi Pokrovsk atrofida boy berilgan pozitsiyalarni qaytarib olishga urinmoqda, xususan, Shevchenko qishlogʻi yonidagi Vozrojdenie aholi yashash punktini ham (avvalgi nomi — Noviy Trud).

«Dushman Pokrovsk yoʻnalishida, Vozrojdeniedan gʻarbda va Novotroitskoedan janubda bizning istehkomlarga hujum qildi, uzoq davom etgan toʻqnashuvlar natijasida ikkita pozitsiyamiz yoʻq qilindi, biri boy berildi», — degan Voloshin telemarafon efirida.

Ushbu istehkom egallanadigan boʻlsa, Rossiya qoʻshini qoʻshni Peschanoe posyolkasiga oʻtishi va Taras Shevchenko nomidagi kon terrikonida oʻrnashishi mumkin. Bu tepalik Pokrovskning muhim logistik arteriyasi — etti kilometr shimoldan oʻtgan, Pavlograd va Dniproga boruvchi trassa ustidan nazorat oʻrnatish imkonini beradi.

Pokrovsk taqdiri nima boʻladi?

Rossiyaning razvedkachi diversiya guruhlari allaqachon Pokrovskka «suqulib kirish»ga harakat qilmoqda, degan BBC Ukraina xizmatiga DeepState loyihasi hammuassisi Roman Pogoreliy.

«Dushmanni Shevchenko qishlogʻidan ancha berida uchratishgan. U Pokrovsk tomon harakatlanishda davom etmoqda. Men hozirning oʻzida shaharga keng koʻlamli yurish boshlanadi demayman, ammo Rossiya armiyasi ukrain mudofaasini „paypaslab“ koʻrish uchun razvedka va beqarorlashtiruvchi harakatlarini amalga oshiradi», — deb hisoblaydi OSINT-tahlilchi.

Shuningdek, Pogoreliy rossiyalik harbiylar bu yoʻnalishga tajribali zarbdor dron operatorlari boʻlinmasini tashlaganiga e'tibor qaratgan. Bu ularga Pokrovsk atrofidagi temiryoʻl va avtomobil transportlariga hujum qilish imkonini beradi.

Tahlilchilar Pokrovsk Rossiya armiyasi qoʻliga oʻtishi Ukraina iqtisodiyoti uchun ogʻir zarba boʻlishidan ogohlantirmoqda
«Bu rossiyaliklarning soʻnggi vaqtlardagi asosiy taktikasi — logistik yoʻllarni toʻsib qoʻyish. Vuhledar, Selidove atrofida shunday boʻlgandi, hozir Kuraxovo, Velika Novosilka va Pokrovsk atrofida ham shunday boʻlmoqda, — deydi u. — Normal logistika yoʻqligi yoʻqotishlar ortishiga va mudofaa zaiflashishiga olib keladi».

Ukrainalik tarixchi va harbiy tahlilchi Mixaylo Jiroxov oʻz manbasiga tayanib, Pokrovsk-Pavlograd-Dnipro trassasidan endi harbiy ta'minot uchun foydalanib boʻlmasligini aytgan. Ukraina qurolli kuchlariga boshqa yoʻllarni izlash tavsiya etilgan.

«Dniproga boruvchi yoʻldan foydalanilmayapti. U allaqachon FPV-dronlar etib boradigan hududga aylangan. Qoʻshinlarga undan foydalanmaslik boʻyicha buyruq kelgan» — degan Jiroxov BBC’ga.

Bundan tashqari, undagi ma'lumotga koʻra, ukrain boʻlinmalarini, birinchi navbatda artilleriya qismlarini shahardan tashqari olib chiqish boshlangan.

Tahlilchining hisoblashicha, logistika bilan bogʻliq vaziyat keskin yomonlashadigan taqdirda, Ukraina qurolli kuchlari toʻligʻicha shaharni tark etadi. «Baxmut goʻshtqiymalagichi» ya'ni shahardagi har bir koʻcha uchun ogʻir janglar olib borilishi kutilmaydi, deydi u.

Pavlogradga boruvchi trassa toʻsib qoʻyiladigan taqdirda, chekinish uchun nisbatan xavfsiz boʻlgan yagona yoʻl qoladi — shimoldagi Dobropole posyolkasiga olib boruvchi dala yoʻli.

Rossiyalik harbiylar ukrain armiyasi logistikasini uzib qoʻyishni niyat qilgani haqida 59-motopiyodalar brigadasi tarkibiga kiruvchi va Pokrovsk yoʻnalishida jang qilayotgan «Da Vinchi boʻrilari» batalyoni komandiri Sergey Filimonov ham gapirgan.

«Hozirda men dushman Pokrovskka roʻparadan hujum qilishiga zarurat koʻrmayapman. Oʻylaymanki, u Pokrovsk va Pavlograd oʻrtasidagi trassa tomon chiqishga urinadi va buni ham Donetsk oblasti, ham Dnipropetrovsk oblasti orqali amalga oshirishi mumkin», — degandi u dekabr oyi boshida «1+1» telekanaliga bergan intervyusida.

«Ammo umuman olganda, dushmanda Pokrovskni egallash imkoniyati mavjud. Imkoniyat katta», — deb hisoblaydi Filimonov.

Boshqa frontlarda nimalar boʻlmoqda?

Rossiya hozirda asosiy sa'y-harakatlari, kuchlari va vositalarini uchta qoʻshni yoʻnalishga qaratgan: Pokrovsk, Kuraxovo va Vremevka. Bu hududlarda jang qilayotgan guruh miqdori, harbiy ekspertlarga koʻra, 150 ming kishigacha etadi.

Soʻnggi haftada Rossiya armiyasi Kuraxovo shahri chekkalariga etib borgan, ammo ukrain harbiylari hozircha ularning shahar gʻarbidagi Donetsk-Zaporijjya trassasiga chiqishga boʻlgan barcha urinishlarini toʻxtatmoqda.

Rossiya bu yoʻnalishda muvaffaqiyatga erishgan taqdirda nafaqat favqulodda muhim logistik qontomirni toʻsib qoʻyishi, balki Ukraina qurolli kuchlarining katta guruhini qurshovga olishi mumkin.

Shu bilan birga, rossiyaliklarning shimoliy qanoti allaqachon trassadan 2-3 km masofada, Dachnoe posyolkasi atrofiga kelgan, janubda Suxie Yali daryosi boʻylab harakatlanayotgan boʻlinmalar esa yoʻlga etib kelishiga 5 km masofa qolgan. Ukraina qurolli kuchlari uchun bu erdagi eng murakkab vaziyat Romanovka, Annovka va Uspenovka qishloqlarida yuzaga kelgan.

Kuraxovo va qoʻshni aholi yashash punktlari harbiy harakatlar oqibatida butkul vayron boʻlgan
Ukrainalik jangchilar Kuraxovodan 8 km masofadagi bu «karman» hududni uzoq vaqtdan buyon ushlab turgan va rossiyaliklarga shaharga janubdan yaqinlashib kelish imkoniyatini bermayotgandi. Ammo DeepState tahlilchilari 12 dekabr kuni kechqurun bergan ma'lumotlarga koʻra, Rossiya kuchlari shiddat bilan Uspenovkaga yaqinlashgan, onlayn-xaritada ukrainlarning bu hududdagi pozitsiyasi qurshov xavfi ostida qolgani aks etgan.

Ukraina qurolli kuchlari boʻlinmasi bu xavfli uchastkadan olib ketilgani yoki toʻsilib qolgani toʻgʻrisida ma'lumot yoʻq.

Donbass janubidagi vaziyat noqulay tarzda rivojlanayotganiga qaramay, ukrain qoʻshini bu erda, ayniqsa frontning nisbatan tahdidli uchastkalarida qarshi hujumlar uyushtirish uchun imkon topmoqda.

Xususan, dekabr oyi boshida Ukraina qurolli kuchlari Noviy Komar qishlogʻini qaytarib olishga muvaffaq boʻlgan va Velika Novosilka posyolkasidagi muhim istehkom qurshovga olinishiga yoʻl qoʻymagan, 11 dekabr kuni esa ukrain harbiylari rossiyaliklardan Konstantinopolskeni qaytarib oldi, bu yuqorida eslab oʻtilgan, Uspenovka qishlogʻi yaqinidagi «karman» hududga yonma-yon joylashgan.

«Axboriy qarshilik» guruhi koordinatori, zaxiradagi polkovnik Konstantin Mashovets soʻnggi vaqtlarda rossiyaliklarning frontning mazkur uchastkasidagi katta yurishi alohida qismlarga boʻlinib ketgani va sekinlashib qolganiga e'tibor qaratgan.

Rossiya armiyasi hali ham ayrim uchastkalarda yutuqlarga erishmoqda, ammo bu yutuqlarning operativ-taktik «samaradorligi» endi «ancha munozarali» koʻrinmoqda, deb hisoblaydi Mashovets.

«Bularning barchasi juda sekin, katta miqdordagi yoʻqotishlar evaziga amalga oshmoqda. Raqib ba'zida tezlashib emaklamoqda. Bir oy oldin bunday ilgarilash tizimli holatda, tushunarli, qandaydir operativ-taktik mantiqqa mos kelardi, raqibda qandaydir reja borligi yaqqol koʻrinib turardi. Ammo hozir men bunday deya olmayman», — deya xulosa qiladi ekspert.

Bundan tashqari, uning fikricha, Ukraina qurolli kuchlarining Vremevka va Kuraxovo yoʻnalishlaridagi ilgʻor boʻlinmalari qarshilik darajasi asta-sekinlik bilan ortib bormoqda. Ammo bu hozircha Rossiya armiyasini toʻliq toʻxtatishga imkon bermaydi, deya tan oladi ekspert.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya harbiy qoʻshini Pokrovsk shahri chekkalariga yorib kirdi. Shahar dosh bera oladimi?