17:20 / 19.12.2024
3

Yana bir taniqli nashr Donald Trampni “Yil odami” deb topdi

Yana bir taniqli nashr Donald Trampni “Yil odami” deb topdi
Foto: Getty Images
Financial Times AQSH prezidenti etib saylangan Donald Trampni “Yil odami” sifatida e’tirof etdi. E’tiborli tomoni, mazkur nashr 2016 yilda ham Trampni “Yil odami” deb tan olgandi.

“Trampning qaytishi — dramatik voqea”

Financial Times Trampning prezidentlikka qaytishini “dramatik voqea” sifatida baholadi. “2021 yilning yanvarida Donald Tramp Kapitoliyga olomon hujumi uyushtirilishiga sababchi bo‘lgandi. Bu 1812 yilgi urush paytida Britaniya qo‘shinlari tomonidan yoqib yuborilganidan beri Amerika qonun chiqaruvchi organiga qilingan birinchi hujum edi”, deyiladi Financial Times nashridagi maqolada.

Qayd etilishicha, o‘sha paytda hatto Trampning sadoqatli tarafdorlari ham unga qarshi chiqishgan. Amerika va dunyoning aksariyat qismi Jo Baydenning Tramp prezidentligini “noxush muddat” bo‘lgan degan fikriga qo‘shilgan.

Shuncha voqeadan keyin ham Tramp yana siyosatga qaytmoqda. Uning mamlakatni tartibga solish va soliqlarni kamaytirish bo‘yicha va’dalari fuqarolarni ishontira oldi”, deyiladi maqolada.

Yangi muddat qanday bo‘ladi?

Trampning yangi prezidentlik muddati qanchalik yaxshi yoki yomon bo‘lishini baholash qiyin. Tramp o‘zining ichki raqiblaridan o‘ch oladi, deb ishonish uchun jiddiy asoslar bor”, deyiladi maqolada. Biroq qarama-qarshi fikrlar ham mavjud.

2024 yilgi saylov kampaniyasi menejeri va Oq uy apparati bo‘lajak rahbari Syuzi Uayls Trampning “qasos olishi” kuchli iqtisodiyotni tiklash bo‘lishini taxmin qildi.

Time jurnali e’tirofi

13 dekabr kuni Time jurnali AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampni “Yil odami” deb topgandi.

U bu maqomga da’vogar milliarder Ilon Mask, malika Keyt Middlton va muxolifatchi Yuliya Navalnayani ortda qoldirdi.

Financial Times — Britaniyaning kundalik biznes gazetasi. Dunyoning 24 ta shahrida umumiy tiraji qariyb 356 ming nusxada chop etiladi. Moliya va biznes olamidan yangiliklarni nashr etish va tahlil qilishga ixtisoslashgan.

Time — 1923 yildan beri nashr etiladigan Amerika jurnali. Nashrning umumiy auditoriyasi barcha platformalarda 2023 yil mart oyi holatiga ko‘ra 100 milliondan oshgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yana bir taniqli nashr Donald Trampni “Yil odami” deb topdi