12:20 / 20.12.2024
25

O‘zbekiston JST bo‘yicha AQSH bilan muzokaralarni yakunladi

O‘zbekiston JST bo‘yicha AQSH bilan muzokaralarni yakunladi
Foto: LinkedIn / Azizbek O‘runov
O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lib kirish bo‘yicha AQSH bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov LinkedIn sahifasida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 19 dekabr kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va AQSH Savdo vakili Ketrin Tay tegishli protokolni imzoladi.

Bu yil bizning JSTga a’zo bo‘lish harakatimizdagi tarixiy yil bo‘ldi, yil yakunida juda istiqbolli natijalarga erishildi”, deb yozdi Azizbek O‘runov.

Foto: LinkedIn / Azizbek O‘runov
AQSH Savdo vakili Ketrin Tayning bayonotida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha doimiy sa’y-harakatlarini e’tirof etgan. Bayonotda qayd etilishicha, O‘zbekiston 1994 yilda JSTga a’zo bo‘lish uchun ariza bergan va 2020 yildan buyon bu yo‘nalishda faol ish olib bormoqda.

O‘zbekistonning muzokaralarga jiddiy kirishgani so‘nggi ikki yilda, shu jumladan, ikki tomonlama muzokaralarimizning muvaffaqiyatli kechishida muhim omil bo‘ldi”, deyiladi bayonotda.

Foto: LinkedIn / Azizbek O‘runov
O‘zbekistoning JSTga a’zo bo‘lish harakatlari

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruh 1998 yilda tashkil etilgan edi. Keyingi yillarda ushbu ishchi guruh faqat uch marta uchrashdi va 2005 yillarning o‘rtalariga kelib bu borada xalqaro ekspertlar bilan uchrashuvlar to‘xtab qolgandi. O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni 2020 yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan ishchi guruhning to‘rtinchi yig‘ilishi bilan rasman qayta tiklandi. Shundan so‘ng 2022 yil iyun, 2023 yil mart va 2023 yil noyabr oylarida yana uchta uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

2023 yil sentyabrida Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasi doirasida Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Unda JST bosh direktori O‘zbekiston tomonidan tashkilotga a’zo bo‘lish borasida ko‘rilayotgan choralarni yuqori baholagan. Ngozi Okonjo-Iveala JST kotibiyati O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytgan hamda mamlakat yaqin kelajakda tashkilotga qo‘shilishiga ishonch bildirgandi.

2024 yil fevralida O‘zbekistonda 5 ta qonun JST bitimlariga uyg‘unlashtirildi.

O‘zbekiston nima uchun JSTga a’zo bo‘lishi kerak?

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishdan oladigan eng birinchi manfaatimiz—iqtisodiyotda korxonalar uchun teng sharoit yaratilishidir. Bu o‘z navbatida raqobat muhiti yaxshilanishiga olib keladi va bu ikkinchi muhim jihat — raqobat muhiti yaratilishiga olib keladi. Raqobatsiz rivojlanish qiyin. Tez rivojlangan davlatlar tajribasiga qaralsa, ularda iqtisodiy o‘sishning asosiy manbalaridan biri raqobat muhiti bo‘lgan. Uchinchidan, sifatli investitsiyalar keladi. Bu iqtisodiyotning barqaror o‘sishi uchun muhim omil”, degan edi Aziz Urunov tashkilotga a’zolik haqida “Daryo”ga bergan intervyusida.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston ushbu tashkilotga qo‘shilish orqali oladigan to‘rtinchi eng muhim foyda — savdo munosabatlarida JST a’zolari bilan bir tilda gaplashish bo‘ladi. Mamlakat tashqi bozorga ochiladi. Bu O‘zbekistonning nafaqat ichki bozori, balki tashqi bozorlarni ham tadbirkorlarga ochilishiga yordam beradi. Global ishlab chiqarish zanjiriga kirish uchun katta imkoniyat yaratadi.

O‘zbekiston 2026 yilgacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lmoqchi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » O‘zbekiston JST bo‘yicha AQSH bilan muzokaralarni yakunladi