date
views 284

Chernogoriyada qoʻlga tushgan kriptomagnat AQShga ekstraditsiya qilinadi

Chernogoriyada qoʻlga tushgan kriptomagnat AQShga ekstraditsiya qilinadi
Do Kvon Foto: Woohae Cho / Bloomberg / Getty Images
Chernogoriya adliya vaziri Boyan Bojovich kriptomagnat Do Kvonni AQShga ekstraditsiya qilish boʻyicha qarorga imzo chekdi. Ushbu qaror kriptovalyuta sohasidagi ziddiyatli shaxslardan biri ishtirokidagi yuridik mojaroga nihoyat nuqta qoʻymoqda.

Qayd etilishicha, vazirning qarori Kvon tomonidan Chernogoriya Oliy sudi qarori ustidan Konstitutsiyaviy sudga kiritgan shikoyati rad etilganidan soʻng qabul qilingan. Sentyabr oyida oliy sud instantsiyasi Terra asoschisini Janubiy Koreyaga topshirish imkoniyatini bekor qilib, yakuniy qarorni qabul qilish vakolatini Adliya vazirligiga topshirgan edi.

Vazirlikning rasmiy bayonotida qayd etilishicha, qaror qabul qilishda barcha holatlar, jumladan, jinoyatning ogʻirlik darajasi, u sodir etilgan joy, ekstraditsiya uchun soʻrovlarning berilishi, Kvonning fuqaroligi va uni boshqa mamlakatga topshirish imkoniyatlari inobatga olingan.

33 yoshli Kvonning Terraforms Labs kompaniyasi Terra USD (UST) steyblkoinini ishlab chiqqan boʻlib, u Terra tokeni (LUNA) bilan oʻzining algoritm va operatsiyalar tizimi orqali dollar kursiga bogʻliqligini saqlab turishi kerak edi. 2022 yil mayda tizim ishdan chiqdi, bu vaqtda UST va LUNA tokenlarining umumiy kapitalizatsiyasi 60 milliard dollardan oshgandi. Investorlar zudlik bilan oʻz mablagʻlarini chiqarib olishga urinishi natijasida ikkala token narxlari quladi. Do Kvon loyihasining barbod boʻlishi shu qadar keng koʻlamli ediki, u global kriptovalyuta bozoriga ham ta'sir koʻrsatdi.

Koʻp oʻtmay Janubiy Koreya Kvonni firibgarlik va bozorni manipulyatsiya qilishda ayblab, hibsga olishga order berdi. U oʻz aybiga iqror boʻlmadi va mamlakatdan qochib ketdi. Butun dunyo boʻylab investorlar milliardlab dollarlaridan ayrildi va Kvon Janubiy Koreya, AQSh hamda Interpol tomonidan qidiruvga berildi.

Oʻtgan yilning martida Do Kvon Chernogoriyada soxta hujjatlardan foydalangani uchun qoʻlga olindi. Joriy yil mart oyida esa qamoqdan ozod etilgach, u AQSh yoki Janubiy Koreyaga ekstraditsiya qilinadigan boʻldi.

Ekstraditsiya oid ish Chernogoriyada siyosiy mojaroni keltirib chiqardi: sobiq adliya vaziri Andrey Milovich bosh vazir Miloyko Spaichni Kvon bilan moliyaviy aloqalari tufayli Janubiy Koreyaga ekstraditsiya qilish uchun lobbichilik qilishda aybladi.

Kriptotadbirkorning advokatlari uni Janubiy Koreyaga ekstraditsiya qilishni soʻradi — ushbu mamlakatda bu turdagi moliyaviy jinoyatlar uchun 30-40 yil qamoq jazosi belgilangan. AQShda esa sud isbotlangan har bir jinoyat uchun alohida jazo tayinlashi va yakunda ularning umumiy muddati bir necha barobarga oshib ketishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo