21:58 / 05.01.2025
50

Xitoyda metapnevmovirus grippdan keyingi ikkinchi eng koʻp tarqalgan OʻRVIga aylandi

Xitoyda metapnevmovirus grippdan keyingi ikkinchi eng koʻp tarqalgan OʻRVIga aylandi
Foto: Bai Yipu / XinHua / Global Look Press
Xitoyning koʻplab hududlarida odam metapnevmovirusi bilan kasallanish holatlari aniqlanmoqda. Bu haqda 2 yanvar kuni Xitoy Kasalliklar nazorati va profilaktikasi boshqarmasi xabar berdi.

Boshqarmaning qayd etishicha, hozirda mamlakat boʻylab oʻtkir respirator virusli infektsiyalar (OʻRVI) tarqalishi muntazam oshib bormoqda.

23–29 dekabr kunlariga oid ma'lumotlar tahliliga koʻra, OʻRVI orasida gripp an'anaviy ravishda birinchi oʻrinda: grippga oʻxshash alomatlarga ega bemorlardan olingan namunalarning 30,2 foizida gripp virusi aniqlangan (bir hafta oldingidan 6,2 foizga yuqori).

Ikkinchi eng keng tarqalayotgan OʻRVI – odam metapnevmovirusi boʻlib, laborator tahlillarning 6,2 foizida ushbu infektsiya aniqlanyapti (bir hafta oldingidan 0,1 foizga yuqori). Metapnevmovirusga chalinish holatlari 14 yoshgacha boʻlgan bolalar orasida koʻpaygan. Oʻsish koʻproq Xitoyning shimoliy hududlariga toʻgʻri keladi.

Grippga oʻxshash belgilar kuzatilayotgan bemorlarning 4,9 foizida rinovirus, 3,7 foizida adenovirus aniqlangan.

“Qish uchun odatiy hol”

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Ning 3 yanvar kungi matbuot anjumanida nafas olish yoʻllari infektsiyalari qish mavsumida eng yuqori choʻqqiga chiqishi odatiy hol ekani, xorijliklar uchun Xitoyga sayohat qilish xavfsiz ekanini ta'kidladi.

Shifoxonalarning gavjumligi haqidagi xabarlar toʻgʻrisida soʻralganda, u “kasalliklar oʻtgan yilga nisbatan engilroq va kichikroq miqyosda tarqalayotgani”ni aytdi.

Kambodja Yuqumli kasalliklarni nazorat qilish departamenti metapnevmovirusi va Covid-19 oʻrtasidagi oʻxshashliklarni qayd etgan. Indoneziya, Hindiston va Yaponiya kabi qoʻshni mamlakatlarda OAV fuqarolarni Xitoydagi vaziyatdan xabardor boʻlishga va ehtiyot choralarini koʻrishga chaqirgan.

Qozogʻistonda – 30 ta holat

5 yanvar kuni Qozogʻiston Sogʻliqni saqlash vazirligi ham oʻz statistikasini taqdim etdi. Vazirlik metapnevmovirus yangilik emasligi, u klassik viruslar qatorida turishini qayd etgan.

Statistikaga koʻra, mamlakatda joriy epidemik mavsum boshidan (1 oktyabrdan)dan buyon 8360 ta holatda respirator namunalar gripp boʻlmagan viruslarga tekshirilgan. Shundan 1866 tasida test natijasi ijobiy boʻlgan, jumladan, eng kam – 30 ta holatda metapnevmovirus aniqlangan:

- rinovirus – 680 ta holat (36,4 foiz),
- MS virusi – 433 (23,2 foiz),
- adenovirus – 226 (12,1 foiz),
- koronavirus – 206 ( 11,1 foiz),
- parainfluyenza – 178 (9,5 foiz)
- bokavirus – 113 (6,1 foiz)
- metapnevmovirus – 30 (1,6 foiz).

Metapnevmovirus nima?

Metapnevmovirus (HMPV) – 50 yilga yaqin vaqtdan buyon barcha qit'alarda aylanib yuradi. Ilk marta 2001 yilda Niderlandiyada aniqlangan.

Odamdan odamga asosan havo-tomchi yoʻli bilan (virusni yuqtirgan shaxsning yoʻtalishi, aksirishi, burun suyuqligi yoki tupugi orqali) yuqadi.

Inkubatsion davri 3-5 kun. Asosiy simptomlari – yoʻtal, tumov, nafas qisilishi, isitma, bosh va tanada ogʻriqlar. Shuningdek, toshmalar paydo boʻlishi, qayt qilish yoki diareya holatlari ham kuzatilishi mumkin.

Metapnevmovirus bilan har qanday yoshdagi odamga yuqishi mumkin. Immuniteti kuchli odamlarda engilroq oʻtadi. Yosh bolalar, qariyalar, oʻpka kasalliklariga chalingan va immunitet tanqisligi boʻlganlarda ogʻir kechishi va pnevmoniya kabi jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Aynan shu virusga qarshi ishlovchi alohida dori-darmon yoʻq. Simptomatik davo choralari koʻriladi. Virusni yuqtirib olgan bemor immunitetining kuchlilik darajasiga qarab bir-ikki hafta ichida organizmning kurashish qobiliyati bilan muolajalarsiz tuzalib ketishi ham mumkin.

Profilaktika

Yuqtirib olishning oldini olish choralari infektsion kasalliklardan saqlanish boʻyicha universal qoidalar bilan bir xil:
  • OʻRVI mavsumida odamlar gavjum joylar, ayniqsa, yopiq joylarga borishni kamaytirish;
  • xonani muntazam ravishda ventilyatsiya qilish;
  • virus yuqtirgan odamlar bilan aloqani cheklash, ularni izolyatsiya qilish;
  • shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, qoʻlni tez-tez yuvish yoki antiseptik vositalardan foydalanish.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo