16:22 / 06.01.2025
44

Marsni oʻrganishga moʻljallangan yangi vertolyot namoyish qilindi

Marsni oʻrganishga moʻljallangan yangi vertolyot namoyish qilindi
2021 yil 19 aprel Marsni oʻzlashtirish tarixidagi muhim kunga aylangandi — shu kuni Ingenuity vertolyoti oʻzining ilk boshqariladigan parvozini amalga oshirdi. Quyosh batareyalari bilan jihozlangan kichik apparat muhandislik innovatsiyasining timsoli boʻlib, Mars atmosferasi sharoitida parvoz qilish mumkinligini isbotladi.

Dastlab, Ingenuity missiyasi tajriba sifatida ishlab chiqilgan: u 30 kun ichida atigi beshta parvozni amalga oshirishi kerak edi. Biroq vertolyot salkam uch yil ichida 72 ta parvozni amalga oshirib, kutilganidan yuqori natija berdi. U Perseverance marsoxodi uchun havo razvedkachisiga aylanib, Mars relefi va atmosferasi haqida qimmatli ma'lumotlar taqdim etdi. Ingenuity oʻz missiyasi davomida 24 metr balandlikka koʻtarildi, soatiga 36 kilometrgacha tezlikka chiqdi va bir parvozda 705 metr masofani bosib oʻtdi. Ushbu missiya Erdan tashqaridagi tadqiqotlar uchun aviatsiyadan foydalanish imkoniyatini oʻrganishda muhim bosqich boʻldi.

Endi NASA oʻz e'tiborini yangi vertolyot qurishga qaratmoqda. Bu vertolyot Ingenuity bilan taqqoslaganda ancha kattaroq va koʻproq vazifalarni bajarishga qodir boʻladi. Hozircha boshlangʻich bosqichda turgan loyihada oltita rotor oltiburchak shaklida joylashtiriladi, apparatning oʻlchamlari yengil mashina kattaligicha boʻladi. Yangi vertolyot Mars kunida 5 kilogrammgacha ilmiy asbob-uskunalarni koʻtarib, 3 kilometrgacha masofani bosib oʻtadi. Ushbu xususiyatlar tufayli apparat yanada chuqur tadqiqotlar oʻtkazishi, landshaftning murakkab qismlarini va marsxodlar kira olmaydigan hududlarni oʻrganishi mumkin.

Biroq vertolyotlarning yangi avlodini yaratish bir qator qiyinchiliklar bilan kechmoqda. Ingenuity apparatini ishlatish toʻrt tomoni bir xil boʻlgan hududlarda yoʻnalish topish bilan bogʻliq muammolarni yuzaga chiqardi. Masalan, Ezero kraterining qumtepaliklar bilan qoplangan yuzasi vertolyotning vizual navigatsiya tizimi ishini qiyinlashtirdi. Bu toʻsiqni engish uchun yangi qurilma Mars yuzasining turli xil landshaftlari bilan ishlay oladigan takomillashtirilgan navigatsiya tizimlariga ega boʻladi.

NASA reaktiv harakat laboratoriyasining muhandislari yangi texnologiyalarni ishlab chiqmoqda, xususan, uglerod tolasidan tayyorlangan uzunroq va samaraliroq rotor parraklari shular jumlasidan. Bunday parraklarning uzunligi Ingenuity’nikidan 10 santimetr ortiq boʻlib, ular daqiqasiga 3500 marta aylanish boʻyicha muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazilgan. Bu koʻrsatkich Ingenuity’ning maksimal parametrlaridan ancha yuqori hisoblanadi. Yangi konstruktsiya Marsning siyrak atmosferasida parvoz samaradorligini oshiradi, natijada vertolyotlar yanada kuchliroq va koʻproq vazifalarni bajara oladigan boʻladi.

Insoniyat Mars sayyorasini oʻzlashtirishga intilayotgan bir paytda, bunday havo apparatlari missiyalarning ajralmas qismiga aylanishi mumkin. Ular qoʻnish joylarini tekshirish, sirtni toʻliq oʻrganish va hatto kelajakdagi astronavtlarga yordam koʻrsatish kabi vazifalarni bajarishi mumkin. Yangi Mars vertolyotlarining yaratilishi kosmik texnologiyalarning shiddat bilan rivojlanayotganini koʻrsatmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo