23:58 / 08.01.2025
173

Xitoy raisi nima uchun mashhur iqtisodchini jazolashni buyurdi?

Xitoy raisi nima uchun mashhur iqtisodchini jazolashni buyurdi?
Gao Shanven
Dekabr oyida Vashingtondagi konferentsiyada chiqish qilgan Xitoyning SDIC Securities kompaniyasi bosh iqtisodchisi Gao Shanven XXR hukumati YaIM oʻsish sur'atini oshirib koʻrsatayotgan boʻlishi mumkinligini aytdi.

«Biz Xitoy iqtisodiy oʻsishiga oid haqiqiy raqamlarni bilmaymiz… Taxminimcha, rasmiy raqamlar 5 foizga yaqin koʻrsatilayotgan boʻlsada, oxirgi ikki-uch yilda YaIMning real koʻrsatkichi 2 foiz atrofida. Agar men haq boʻlsam, keyingi uch-besh yilda oʻsish sur'atlari 3 foizdan 4 foizga chiqishini kutish oqilona boʻladi deb oʻylayman. Ammo rasmiy raqamlar doim 5 foiz atrofida boʻladi», — degan Gao.

Uning qoʻshimcha qilishicha, Xitoyda YaIM oʻsayotganiga oid raqamlarni oshirib koʻrsatish pandemiyadan keyin boshlangan, mamlakat hukumatining iqtisodiyotni ragʻbatlantirish borasidagi sa'y-harakatlari esa samara keltirishi dargumon.

The Wall Street Journal manbalariga koʻra, iqtisodchining soʻzlari Xitoy etakchisi Si Jinpingni «gʻazabga keltirgan». Ularning aytishicha, XXR raisi Gaoga nisbatan tergov oʻtkazish va unga intizomiy chora koʻrish (aynan qandayligiga aniqlik kiritilmagan) topshirigʻini bergan. Ushbu buyruq sabab iqtisodchiga ommaviy chiqishlar qilish taqiqlangan, biroq hozircha u ishini yoʻqotgani yoʻq.

Xitoy hukumatining rasmiy ma'lumotlariga koʻra, mamlakat iqtisodiyoti 2023 yilda 5,2 foizga oʻsgan va 2024 yil yakunlari boʻyicha ham oʻsish taxminan shunchani tashkil etadi. 5 foizli oʻsish Si Jinpingning va'dalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi: 2020 yilda u Xitoy iqtisodiyoti 2035 yilga borib ikki barobarga oʻsishini aytgan. Bunday maqsadga erishish uchun 15 yil davomida yillik oʻsish taxminan 5 foizni tashkil etishi kerak.

Gao Shanven — iqtisodiyotni boshqarish samaradorligi boʻyicha shubhalarini bildirgan xitoylik birinchi mutaxassis emas. WSJ ma'lumotlariga koʻra, 2024 yil bahorida XXR Ijtimoiy fanlar akademiyasi Iqtisodiyot instituti direktori oʻrinbosari Chju Xenpen lavozimidan chetlatilgan va hibsga olingan. U WeChat messenjeridagi yopiq chatda bir nechta «nooʻrin» tuzatishlarni keltirgan.

Manbalardan birining soʻzlariga koʻra, Chju «Xitoy iqtisodiyoti kuchsizlanayotgani»ni qoralab, Si Jinpingni tanqid qilgan.

Gao Shanvenning bayonotidan keyin Xitoy Qimmatli qogʻozlar assotsiatsiyasi hukumatning iqtisodiy siyosatini talqin qilishda «ijobiy rol oʻynashdan» bosh tortgan iqtisodchi va tahlilchilarni ishdan boʻshatish bilan tahdid qilgan. Si Jinping administratsiyasi rahbari Tsay Tsi esa oʻtgan hafta propaganda boʻlinmalari rahbarlarini butun mamlakat boʻylab «iqtisodiy reklamalarni kuchaytirishga» chaqirgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo