19:09 / 09.01.2025
45

Eron generalining Suriyadagi “jiddiy strategik magʻlubiyat” haqidagi bayonoti

Eron generalining Suriyadagi “jiddiy strategik magʻlubiyat” haqidagi bayonoti
Eron Suriyada katta magʻlubiyatga uchragan, ammo shunday boʻlsa-da, mamlakatda oʻz faoliyatini davom ettirishga urinadi. Bu haqda Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusining (IIQK) brigada generali Behruz Esbatiy ma'lum qildi.

NYT nashri ma'lumotlariga koʻra, general oʻtgan hafta Tehrondagi masjidda soʻzga chiqqan va uning nutqi Eron rahbariyatining bayonotlariga keskin zid boʻlgan. Eron rasmiylari haftalab Suriyadagi strategik yoʻqotishlar koʻlamini kamaytirib koʻrsatishga uringan.

Esbatiy Rossiyani “rus samolyotlari Suriya qoʻzgʻolonchilarini bombardimon qilayotgani” haqidagi da'volari bilan Eronni chalgʻitganlikda ayblab, aslida ular ochiq maydonlarga bomba tashlaganini ta'kidladi.

Uning soʻzlariga koʻra, 2024 yilda Isroil Suriyadagi Eron nishonlariga zarba berganida, Rossiya “radarlarni oʻchirib, amalda ushbu hujumlarga koʻmaklashgan”.

Foto: Reuters
IIQK generali, shuningdek, Eronning Suriya prezidenti Bashar Asad bilan munosabatlari u iste'foga chiqishidan bir necha oy oldin keskinlashganini aytgan.

Men Suriyaning yoʻqotilishini faxrlanadigan narsa deb hisoblamayman. Biz magʻlubiyatga uchradik va magʻlubiyat juda ogʻir boʻldi”, deydi Esbatiy.

Suriyadagi vaziyat
Noyabr oyi oxirida qurolli isyonchilar Suriya shimoliy qismiga yurishni boshladi. Ular Idlib viloyatini, mamlakatdagi aholi soni boʻyicha ikkinchi oʻrinda turuvchi Halab shahrini, Xama va Xoms viloyatlari hududlarining bir qismini oʻz nazoratiga oldi. Shundan soʻng Damashqqa kirdi. Prezident Bashar Asad oilasi bilan mamlakatni tark etdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Bashar Asad isyonchilar bilan kelishuvga erishib, iste'foga chiqishga rozi boʻlgani, shundan keyin Suriyani tark etgani haqida ma'lumot berdi. Isyonchilar Asadni qoʻlga olishda yordam beradigan ma'lumot uchun 10 million dollar va'da qilgan.

Siyosatchi mamlakatni tark etganidan keyin isyonchilar Asad qarorgohiga bostirib kirgan, odamlar buyumlarni talon-toroj qilgan. Qarorgohdagi garajda BMW, Audi, Ferrari, Lamborghini Diablo kabi 50 ga yaqin hashamatli va qimmatbaho avtomobillar aniqlangan. Kechroq Kremldagi manbalar Suriyadan qochgan prezident oilasi bilan Moskvaga kelgani, Putin ularga boshpana berganini ma'lum qildi.

10 dekabr kuni Idlib shahrida isyonchilarga rahbarlik qilgan Muhammad al-Bashir oʻzini Suriyaning oʻtish davri hukumati rahbari etib tayinladi. U fuqarolarga qarata qilgan televideniye murojaatida bu lavozimni kamida 2025 yil 1 martgacha egallab turishini ma'lum qildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo