06:20 / 10.01.2025
34

Hisobot: Ukraina magʻlubiyati AQShga qimmatga tushadi

Hisobot: Ukraina magʻlubiyati AQShga qimmatga tushadi
Agar Ukraina urushida Rossiya gʻalaba qozonsa, AQSh 2029 yilga qadar mudofaa xarajatlarini 808 milliard dollargacha oshirishi kerak boʻladi. Bu haqda Amerika tadbirkorlik instituti tomon e'lon qilingan hisobotda soʻz boradi.

Ushbu nodavlat tadqiqot instituti tahlilchilariga koʻra, AQSh harbiy yordam koʻrsatishni toʻxtatib qoʻysa Ukraina magʻlub boʻladi, Rossiya va NATO oʻrtasidagi chegara kengayadi, Moskva blokning Evropadagi a'zolari uchun tahdidga aylanadi. Bundan tashqari, Rossiyaning gʻalabasi AQShning Osiyodagi pozitsiyasiga ham ta'sir koʻrsatib, mazkur mintaqa bilan bogʻliq qoʻshimcha mudofaa xarajatlarini yuzaga keltiradi.

Hisobotda keltirilishicha, 808 milliard dollar Vashingtonga dushmanni tutib turish va zarurat tugʻilganida Moskvaning yadroviy boʻlmagan hujumini qaytarish uchun talab etiladi. Bunday holatda Pentagonning 2029 yilgacha moʻljallangan amaldagi xarajatlar rejasi 4,4 trillion dollardan 5,2 trillion dollargacha oshadi — bu rejalashtirilgan yillik xarajatlar 165 milliard dollarga koʻpayishini anglatadi.

Shu bilan birga, 2022 yildan beri Kongress Ukrainaga yordam koʻrsatish uchun Pentagonga 112 milliard dollar ajratgan boʻlib, mablagʻlarning asosiy qismi AQShda ishlab chiqarilayotgan qurollarga sarflanmoqda. Tahlilchilarning ta'kidlashicha, bu Kiyev magʻlubiyatga uchraganda yuzaga keladigan qoʻshimcha xarajatlardan etti barobarga kam.

AQSh Ukrainaga eng koʻp harbiy yordam koʻrsatayotgan davlatdir. Ammo Donald Tramp prezidentlik saylovida gʻalaba qozongach, bir necha bor Kiyevni harbiy qoʻllab-quvvatlash xarajatlarini tanqid qildi, Ukraina va Evropa AQSh harbiy yordamni qisqartirishidan xavotirda.

Avvalroq Associated Press Oq uy Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini e'lon qilishi toʻgʻrisida xabar bergandi. Ushbu paket Jo Bayden administratsiyasining soʻnggi yordami boʻlishi aytilgan. Manbalar mazkur yordam paketi «sezilarli darajada katta» boʻlishiga qaramay, AQSh Kongressi Ukrainaga ajratish uchun ma'qullagan 4 milliard dollarning hammasini oʻz ichiga olmasligini ta'kidlagandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo