01:00 / 11.01.2025
0

Kanadaliklar AQSh tarkibida boʻlishni xohlaydimi? – “Tramp bezori, Mask esa tentak”

Kanadaliklar AQSh tarkibida boʻlishni xohlaydimi? – “Tramp bezori, Mask esa tentak”
Donald Tramp Kanadani AQShga 51-shtat sifatida qoʻshib olish haqida gapirarkan, iste'foga chiqqan bosh vazir Tryudo hech qachon bunday boʻlmasligini yozdi. Kun.uz bilan suhbatlashgan Kanada konservativ partiyasi a'zosi – Obidxon Mamadaliyev fikricha, davlatda Trampning gapini hech kim jiddiy qabul qilmagan.

Nega Tryudo iste'fo berdi?

Kanadaning 2015 yildan beri bosh vaziri boʻlib kelayotgan Tryudo iste'fo berdi. U liberallar oʻziga yangi rahbar topib, saylov oʻtgunicha lavozimida qoladi. Gubernatordan esa liberallar oʻziga yangi lider topmagunicha parlament faoliyatini toʻxtatib turishni soʻradi. Kun.uz bilan suhbatlashgan Konservativ partiya a'zosi, bugun Albertada yashovchi siyosatchi va biolog Obidxon Mamadaliyev fikricha, Tryudo Kanadada eng yomon koʻrilgan bosh vazir boʻldi. Uning davrida iqtisodimiz orqaga ketdi, deydi Mamadaliyev.

Tryudo davrida Kanadada yuqori inflyatsiya, uy-joy narxlarining oshishi, defitsit kuzatildi. Bundan tashqari, qator korruptsion janjallarga ham guvoh boʻldik. Tryudo partiyasi hamkori “Yangi demokratlar” esa yangi yildan avval Kanada xalqi uchun eng yomon ishni qildi, bu 2025 yilning 1 aprelidan e'tiboran soliqlarning sezilarli oshishi boʻldi. Ularning bu ishi unutilmaydi” – Obidxon Mamadaliyev, Kanada Konservativ partiyasi a'zosi.

Jastin Tryudo ommaga iste'fo xabarini etkazarkan, Kanada uchun ishlagani hamda oʻz bosh vazirligida xalqni pandemiyadan himoya qilganini aytdi. Ukraina urushi boshlangach esa Kanada bu davlat suvereniteti uchun kurashganini qoʻshimcha qildi. Mamadaliyev fikricha, pandemiya davrida Kanada byudjeti pulga toʻla boʻlgan. Undan boshqa xohlagan hukumat ham xalqni pandemiyadan yaxshiroq himoya qilishi mumkin edi, deydi yurtdoshimiz.

Ikkinchi saylovda Tryudoning reytingi 30 foiz atrofida edi. Oʻshanda AQShning sobiq prezidenti Barak Obama Kanadaga kelib, u haqida chiqish qildi, saylovchilarni unga ovoz berishga chaqirdi. Shundan soʻng Tryudoning reytingi 70 foizga koʻtarildi. Lekin Kanadada saylov taqdirini Kebek va Ontario hal qiladi. Ontarioni oxirgi 40 yilda liberallar boshqargandi. Tryudoning siyosati tufayli bu provintsiya konservatorlar qoʻliga oʻtib ketdi. Tryudoning boshqaruvi urushlar va pandemiyaga toʻgʻri kelgandir, lekin Kanada boy, iqtisodi qudratli davlat edi. 2008 yilgi jahon moliyaviy inqirozida Kanada inqirozni sezmasdan oʻtib ketgandi. Kovid boʻyicha esa bosh vazir biror nima qilolgani yoʻq. Ijtimoiy ahvol yomonlashdi, xizmatlar soni kamaydi, narx-navo oshib ketdi” – Obidxon Mamadaliyev, Kanada Konservativ partiyasi a'zosi.

Tryudo hukumatdagi tartibsizliklar va unga qarshi kayfiyat kuchaygani fonida iste'fo berdi.

Kanadaliklar AQShga qoʻshilishni istaydimi?

AQShning saylangan prezidenti Kanadani AQShga 51-shtat sifatida qoʻshib olish haqida yozdi. Bosh vazir Tryudo bunday boʻlmasligini bildirib, javob yozdi. Ilom Mask esa Tryudoni «qiz» deya haqoratladi. Obidxon Mamadaliyev fikricha, oddiy xalqqa qaysi davlat tarkibida boʻlish qiziq emas, ular hech nimani yoʻqotmaydi. Lekin Kanadada Trampning gapini hech kim jiddiy qabul qilmagan.

Kanadaning biror bir matbuotida bu gap yoʻq. Hamma gapni MDH regionidagi matbuotdan oʻqiyapman. Tryudoning iste'fosi e'lon qilingan kuni konservativ partiya yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda qatnashganimda, soʻradim, biz AQSh konservativ partiyasiga aylanamizmi? Siyosatchilar kulib yuborishdi. Ya'ni bu Trampning navbatdagi bezoriligi” – Obidxon Mamadaliyev, Kanada konservativ partiyasi a'zosi.

AQShning prezidenti nima desa ham, mamlakatning dunyo bilan aloqalariga davlat departamenti javob beradi. Lekin Trampning bu gaplari – diplomatiya va xalqaro huquq normalariga umuman toʻgʻri kelmaydi. Vaholanki, Rossiya va Ukraina urushi fonida Vashington Ukraina mustaqilligi va suvereniteti himoyachisiga aylangan ekan, Kanadaga nisbatan bunday munosabatni qabul qilib boʻlmaydi. Lekin siyosiy doiralar ham buni jiddiy qabul qilmagan.

Bu faraz amalga oshishi ham juda qiyin. Ikki davlat birlashuvi uchun katta mablagʻ va xarajat, bundan tashqari, tizimli ishlar talab etiladi. Prezident gapi bilan nimadir boʻlishiga ishonish qiyin, deydi suhbatdoshimiz.

Shohrux Majidzoda tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo