
Foto: Volodimir Zelenskiyning telegram kanali
Ukraina xavfsizlik xizmati tergovchilari Kiyevda Shimoliy Koreyadan kelgan va ukrainlarga asir tushgan ikki harbiyni soʻroq qilishdi. Ukraina qurolli kuchlari harbiylari KXDR harbiylarini asir olgani haqida bir kun oldin prezident Volodimir Zelenskiy xabar bergandi.
Janubiy Koreya milliy razvedka xizmati KXDRdan ikki harbiy ukrainlarga asir tushganini tasdiqlagan, deb xabar berdi Yonhap agentligi 12 yanvar kuni. Harbiy asirlardan biri shimoliy koreyalik askarlar Rossiyada «sezilarli» yoʻqotishlarga uchraganini aytishgan, deb xabar bergan razvedkadagilar. «Biz shimoliy koreyalik asirlar boʻyicha ma'lumot almashishda Ukraina razvedka organlari bilan yaqindan hamkorlik qilyapmiz», — degan Janubiy Koreya razvedkasi.
Ukraina xavfsizlik xizmatidagilar 2005 va 1999 yillarda tugʻilgan ikki shimoliy koreyalik asir tushganini ma'lum qilgan. Ulardan birining yonidan Tuvada roʻyxatdan oʻtgan boshqa bir kishi nomiga berilgan harbiy guvohnoma chiqqan, ikkinchisida esa hech qanday hujjat boʻlmagan.
Ukraina xavfsizlik xizmati ikki harbiy asirning koʻrsatmalarini keltirgan. Ukrainalik tergovchilar ular bilan Janubiy Koreya razvedkasi hamkorligida, koreys tili tarjimonlari orqali muloqot qilgan, chunki asirlar ukrain, rus yoki ingliz tillarini bilishmagan.
Rossiyalik harbiy guvohnomasi topilgan shimoliy koreyalik 2021 yildan buyon KXDR armiyasida oʻqchi sifatida xizmat oʻtaganini aytgan. Oʻzining aytishicha, u Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish uchun emas, balki mashgʻulotga kelgandi. U rossiyalik harbiy guvohnomasini 2024 yil kuzida, KXDR jangovar boʻlinmasi tarkibida Rossiya kuchlari bilan jangovar tayyorgarlikdan oʻtayotganida olgan.
KXDRdan boʻlgan boshqa harbiy jagʻidagi jarohati tufayli yozma koʻrsatma bergan. U KXDR armiyasida 2016 yildan buyon xizmat qilishi va razvedkachi mergan sifatida faoliyat koʻrsatganini aytgan.
Ukraina hukumati shimoliy koreyalik harbiylar Kursk oblastidagi janglarda asir olinganini ma'lum qilgan. Ulardan birini Ukraina qurolli kuchlari maxsus amaliyotlar kuchlari harbiylari, boshqarsini — ukrain desantchilari asir olishgan. «Jeneva konventsiyasida nazarda tutilganidek, asirga olinishi bilan xorijliklarga barcha zarur tibbiy yordam koʻrsatildi», — deyilgan Ukraina xavfsizlik xizmati xabarida. Idora asirlar «xalqaro qonunchilik talablariga muvofiq boʻlgan zarur shart-sharoitlarda saqlanishi»ni qoʻshimcha qilgan.
Ukraina xavfsizlik xizmati KXDRdan boʻlgan ikki harbiy asir soʻroq qilinishi aks etgan videoyozuvni namoyish etgan.
Ukraina, Janubiy Koreya va AQSh baholariga koʻra, Shimoliy Koreya hukumati Rossiyaga yordam uchun 10-12 ming harbiysini yuborgan. 2024 yil dekabrida Janubiy Koreya razvedkasidagilar harbiy harakatlar vaqtida kamida 100 nafar shimoliy koreyalik halok boʻlgani, mingga yaqini jarohatlanganini xabar qildi. Volodimir Zelenskiy yanvar oyida ukrain harbiylari Kursk oblastida KXDRdan kelgan toʻrt mingga yaqin harbiyni «zararsizlantirgani»ni ma'lum qildi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar