13:46 / 13.01.2025
19

Turkiyada «Alisher Navoiy kulliyoti» nomli koʻrgazma ochildi

Turkiyada «Alisher Navoiy kulliyoti» nomli koʻrgazma ochildi
Alisher Navoiy vafotining 524 yilligi munosabati bilan Turkiya Qoʻlyozmalari Jamiyati (TYEK) tomonidan tashkil etilgan «Alisher Navoiy kulliyoti» koʻrgazmasi Sulaymoniya qoʻlyozma kutubxonasida ochildi, deb yozdi Xabar.uz nashri.

TYEK rahbari, doktor Joshkun Yilmaz koʻrgazmaning ochilishida soʻzga chiqib, muassasa tomonidan qoʻlyozmalar boʻyicha turli dasturlar tashkil qilinganligi va bu dasturlar bilan tarixiy davomiylikni saqlashga harakat qilganliklarini ta'kidladi.

«Biz chuqur siyosiy va ilmiy an'anaga ega boʻlgan xalqmiz. Navoiy, shubhasiz, an'anamizning eng muhim namoyandalaridan biridir. Bu qadrli insonni xotirlash maqsadida ushbu koʻrgazmani tashkil qildik. Ustozimiz Gunay Kutga bu yoʻldagi mehnatlari va bugungi koʻrgazmadagi ishtiroklari uchun minnatdorchilik bildiraman», – deydi u.

2024 yilgi Madaniyat va san'at boʻyicha Prezidentlik oliy mukofoti bilan taqdirlangan faxriy professor va «Alisher Navoiy kulliyoti»ning noshiri Gunay Kut oʻzining «Alisher Navoiy: shoir, mutasavvif va davlat arbobi» nomli nutqida Navoiyning chagʻatoy turk tilining asoschisi va koʻplab asarlar yaratgan ilm arbobi ekanligiga toʻxtaldi.

«U jami 29 ta asar yaratgan. Bular orasida devonlar, hamsa, masnaviy, tazkira, til va tarixga oid asarlar, diniy, axloqiy, biografik asarlar va hujjatlar bor. Bu ma'noda Navoiy juda samarali olimdir. Uning asarlari haqida gap ketganda, unga eng yaqin ismlar kotib Chalabiy va Lamidir» – deydi Olima Navoiyning koʻp qirrali shoir va yozuvchi ekanligini ta'kidlab.

Gunay Kut Navoiyning koʻplab asarlari turkiy tilda nashr etilganiga e'tibor qaratdi.

«Doktorlik dissertatsiyamni Alisher Navoiyning ijodi boʻyicha qildim va unda ustozlarim Ali Nihat Tarlan va Reshit Rahmeti Aratning hissalari juda katta. Ustozim Tarlan adabiyotshunos, Reshit Rahmeti esa tilshunos edi. Ulardan juda qimmatli ma'lumotlar oʻrgandim. 1965 yilda dissertatsiyani tamomladim va shu bilan Navoiy boʻyicha tadqiqotlar boshlandi. Bugungi kunga qadar bir qancha qimmatli va original asarlar nashr etildi. Shulardan biri Turkiya Qoʻlyozmalar Jamiyati rahbariyatining iltimosi bilan «Alisher Navoiy kulliyoti» boʻyicha qilgan ishim boʻldi. Ushbu asarni Navoiy vafotining 523 yilligiga nashr etilishi va bu dasturning tashkil etilishi meni juda quvontirdi», – deya qoʻshimcha qildi u.

Navoiy ijodiyoti bilan shakllangan adabiyot tarixiga oydinlik kiritish, uning til va adabiyotga betakror ta'sirini anglash maqsadida tayyorlangan koʻrgazmani 17 yanvarga qadar tomosha qilish mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo