22:39 / 14.01.2025
116

Tramp Netanyaxudan Gʻazo boʻyicha kelishuvni inauguratsiyagacha tuzishni talab qilmoqda

Tramp Netanyaxudan Gʻazo boʻyicha kelishuvni inauguratsiyagacha tuzishni talab qilmoqda
Foto: Reuters
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp joriy yilning 20 yanvar kuni oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan inauguratsiyasigacha Gʻazo boʻyicha kelishuv tuzish yuzasidan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga bosim oʻtkazayotgani ma'lum boʻldi.

Bu haqda vaziyatdan xabardor boʻlgan ikki nafar Isroil rasmiysi The Times of Israel nashriga ma'lumot bergan. Xabarlarga koʻra, Oq uy boʻlajak ma'muriyatining Yaqin Sharq boʻyicha maxsus vakili Stiv Uitkoff Netanyaxuga ushbu talabni etkazgan.

Nashr ma'lumotlariga koʻra, 11 yanvar kuni Uitkoff va Netanyaxu oʻrtasida “keskin muzokaralar” oʻtkazilgan.

Amaldorlarning aytishicha, maslahatlashuvlar davomida bu masaladagi “muhim boʻshliqlar” bartaraf etilgan. Isroil bosh vaziri 2024 yil mayda taqdim etilgan Isroilning uch bosqichli taklifining faqat birinchi bosqichida vaqtinchalik oʻt ochishni toʻxtatishni talab qilgan. Biroq, bitimning yakuniy variantida birinchi bosqich qolgan ikki bosqich bilan bogʻlangan. Nashr suhbatdoshlarining ta'kidlashicha, birinchi bosqich kuchga kirgandan soʻng, u Isroilning Gʻazoga hujumlarini davom ettirishini qiyinlashtiradigan qoidalarni oʻz ichiga olgan dastlabki taklifga yaqinroq boʻladi.

Dohada Qatar, Misr va AQSh vositachiligida HAMAS va Isroil oʻrtasida asirlarni ayirboshlash va Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha yakuniy kelishuvni ishlab chiqish maqsadida faol bilvosita muzokaralar davom etmoqda.

Netanyaxu Mossad direktori Devid Barnea va Isroil ichki xavfsizlik xizmati Shin Bet (Shabak) direktori Ronen Bardan iborat yuqori martabali shaxslarni muzokaralar uchun Qatarga yubordi.

Arab va Isroil rasmiylarining anonimlik sharti bilan The Wall Street Journal'ga ma'lum qilishicha, tomonlar asosiy bandlar boʻyicha kelishib olgan, ammo ba'zi ta'riflarni muhokama qilishda davom etmoqda.

Shartnomaning yakuniy loyihasi allaqachon HAMAS tomonidan qabul qilingan, Isroil hukumati tomonidan tasdiqlanishi kutilmoqda, deb xabar berdi Associated Press manbalari.

AP va Reuters'ning yozishicha, bitimning uchta bosqichidan birinchisi olti hafta davom etadi, bu vaqt ichida HAMAS 33 nafar isroillik garovga olinganlarni, xususan, ayollar, bolalar, keksalar va yaradorlarni Isroildagi 1000 nafar mahbus falastinlik ayollar va bolalar evaziga ozod qilishi kerak. Shu bilan birga, Isroil qoʻshinlari Gʻazo sektori aholi punktlarini tark eta boshlaydi.

Ikkinchi bosqichda jangarilar Isroil armiyasini anklavdan toʻliq olib chiqish evaziga qolgan asirlarni ozod qiladilar, uchinchi bosqichda esa HAMAS halok boʻlgan garovdagilarning jasadlarini qaytaradi va tomonlar Gʻazo sektorini qayta qurish boʻyicha besh yillik rejani kelishib oladilar.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo