14:34 / 15.01.2025
180

Moskva markazida FSB aksilrazvedka xodimi otib ketildi

Moskva markazida FSB aksilrazvedka xodimi otib ketildi
Foto: Depositphotos
Moskva markazidagi Olxovaya koʻchasida joylashgan Rossiya Mudofaa vazirligi binosida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) aksilrazvedka boshqarmasi xodimi Vladimir Feshchenko oʻlik holda topildi, deb xabar bermoqda TASS agentligi 14 yanvar, seshanba kuni. «Tekshiruv chogʻida boshidan oʻq jarohati aniqlangan. Qotillikka harbiy xizmatchi bilan maishiy janjal sabab boʻlgan», — dedi agentlik manbasi.

TASS manbasining aniqlik kiritishicha, jinoyatda gumonlanuvchi qoʻlga olingan. Qotillik moddasi boʻyicha jinoiy ish ochilgan.

Tergov jarayonidan xabardor manbaning RBK agentligiga aytishicha, asosiy versiya qotillikdir. "Oʻq ikki erkak oʻrtasidagi janjal natijasida otilgan boʻlishi mumkin", dedi u.

Feshchenko - tosh koʻtarish boʻyicha Rossiya chempioni.

FSB rossiyalik harbiylarga qarshi teraktlar oldi olinganini xabar qilgan

26 dekabr kuni Federal xavfsizlik xizmati rossiyalik yuqori martabali harbiy xizmatchilar va ularning yaqinlariga qarshi Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan tayyorlangani aytilgan qator teraktlarning oldi olingani haqida ma'lum qildi. FSB ushbu suiqasdlarni tayyorlashda ishtirok etgani aytilayotgan toʻrt nafar Rossiya fuqarosi hibsga olingani va ulardan «qoʻlbola portlovchi qurilmalar va aloqa vositalari» musodara qilingani haqida xabar berdi.

Hujumlar nishoniga aylanishi mumkin boʻlgan yuqori martabali rossiyalik zobitlar Rossiyaning Ukrainadagi keng koʻlamli urushida qatnashmoqda, deya aniqlik kiritdi FSB.

Moskvada general Kirillovning oʻldirilishi

17 dekabr kuni Moskvada Rossiya Qurolli kuchlarining radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik mudofaa qoʻshinlari boshligʻi general-leytenant Igor Kirillov va uning ad'yutanti Ilya Polikarpov oʻldirildi. Tergovchilarning taxminiga koʻra, portlovchi qurilma ular chiqib ketayotgan kirish eshigi yonida turgan samokatga oʻrnatilgan. The Wall Street Journal, Reuters va "Ukrinform" manbalarga tayanib, portlashda Ukraina maxsus xizmatlarining ishtiroki haqida yozgan. SBUdagi manbaning VVS'ga aytishicha, Kirillov «harbiy jinoyatchi» sifatida «maxsus operatsiya» natijasida yoʻq qilingan.

Shu bilan birga, Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak The Breakfast Show efirida Kiyev terrorchilik usullaridan foydalanmasligini va «u yoki bu generalga oid qarorlar jang maydonida qabul qilinishini» aytdi.

Rossiya Tergov qoʻmitasi Oʻzbekiston fuqarosi Ahmad Qurbonov Kirillovning oʻldirilishida gumonlanuvchi sifatida qoʻlga olinganini ma'lum qildi. U terrorizmda ayblanmoqda.

13 yanvar kuni Ingushetiyaning ikki fuqarosi general Kirillovning oʻldirilishiga aloqadorlikda ayblanib hibsga olingani ma'lum boʻldi. «Kommersant» xabariga koʻra, ism-shariflari oshkor etilmagan erkaklar Sibirda ushlangan. Ular hozirda politsiya xodimlariga boʻysunmaslik va mayda bezorilik moddalari boʻyicha ma'muriy qamoqqa olingan, yanvar oyi oxirida esa tergov harakatlari uchun Moskvaga joʻnatilishi rejalashtirilgan.

FSB ma'lumotlariga koʻra, qoʻlga olinganlar Kirillov oʻldirilishidan oldin jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan oʻzbekistonlik Ahmad Qurbonov uchun Moskva oblastida uy ijaraga olgan. Qotillikdan keyin ular Sibirga joʻnab ketgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo