Prezidentlik saylovlarida gʻalaba qozonganidan keyingi ikki oy ichida Donald Tramp Kanada, Daniya va Panamaga hududiy da'volarini bildirishga ulgurdi. AQShning saylangan prezidenti kanadaliklar oʻz mamlakati Amerikaning 51-shtati boʻlishini istashini aytdi; Panama kanalini qaytarishni va'da qildi; shuningdek, AQSh Daniyaning Grenlandiya oroliga egalik qilishi lozimligini bildirdi. Uchinchi holat boʻyicha Tramp avvaliga orolni sotib olish haqida gapirayotgandi, keyin esa kuch ishlatish ehtimolini ham istisno etmadi.
AQSh oʻz tarkibidagi erlardan ba'zilarini sotib olgan boʻlsa, ba'zilarini kuch bilan bosib qolgan.
AQSh tarixida hududlarni sotib olish ham, erlarni kuch bilan egallash ham, oʻzini respublika deb e'lon qilgan hududlarda referendum oʻtkazish holatlari ham boʻlgan. BBC ularni esga oldi.
Luiziana xarid qilinishi
AQSh mustaqilligi Oʻn uch mustamlakaning (hozirda bular shimoli-sharqdagi shtatlar) Buyuk Britaniyaga qarshi urushi bilan boshlangan. 30 yildan kamroq vaqt ichida AQSh hududi ikki baravardan koʻproqqa kengayadi. 1795 yilda mahalliy hindu qabilalari bilan urushdan keyin Grinvill kelishuvi tuziladi, unga koʻra AQSh hozirgi Ohayo shtatining katta qismi ustidan nazorat oʻrnatadi. Missisipi daryosi sharqidagi hududlar ham asta-sekinlik bilan oʻzlashtiriladi. Ammo eng katta hudud 1803 yilda qoʻlga kiritiladi — Luiziana sotib olinishi bilan.
Fransiyadan Luiziananing sotib olinishi AQShga oʻz hududini ikki baravar koʻpaytirish imkonini berdi. Foto: Getty Images
1763 yilda Fransiya dengiz ortidagi foyda keltirmaydigan hududi Luizianani Ispaniyaga tortiq qilgandi — bu zamonaviy AQShning Missisipi daryosi gʻarbida yastangan, shimoldan janubgacha choʻzilgan katta hududi edi. Ispaniya ham saqlab turish xarajatlari qimmatga tushadigan hududidan foydalanmaydi va 1800 yilda Luizianani frantsuzlarga qaytarib beradi. 1803 yilda hudud uzil-kesil Fransiyaga qaytadi, ular esa erlarni darhol AQShga sotib yuboradi.
Oʻshanda hali imperator boʻlmagan, respublikaning birinchi konsuli boʻlgan Napoleon Bonapart — dengiz ortidagi katta hududni saqlab turish imkonsiz ekanini anglagan va foydali kelishuvga rozi boʻlgan: zarar keltiradigan hudud 15 mln dollarga pullangan. Yakunda prezident Tomas Jefferson 2,1 mln kilometr kvadrat hududni sotib olish boʻyicha bitimni imzolagan — bu Oʻn uch mustamlakaning barcha hududlaridan kattaroq edi.
Prezident Tomas Jefferson Luiziana xarid shartnomasi hujjatiga imzo chekmoqda. Foto: Bettmann
Florida sotib olinishi
XIX asr boshlarida Ispaniya muammoli hududlaridan xalos boʻlishda davom etardi. Napoleon urushlari davrida qirollik Janubiy Amerikadagi mustamlakalarini boy bera boshlaydi. Florida ham notinch edi: 1818 yilda general Endryu Jekson (keyinroq AQShning 7-prezidenti) seminol qabilasining Amerika hududlariga hujumlariga toʻsqinlik qilish uchun ispanlarning ikki fortini egallab oladi. Yakunda Fransiyadan oʻrnak olgan holda Ispaniya Floridani Qoʻshma shtatlarga sotishni ma'qul koʻradi.
Aniqrogʻi, Ispaniya Floridani tekinga topshirgandi. Ammo Amerika davlat kotibi Jon Kuinsi Adams (yana bir boʻlajak prezident) bilan tuzilgan kelishuvda qator shartlar koʻrsatilgandi. Birinchidan, AQSh hudud fuqarolarining ispan hukumatiga da'volari boʻyicha qarzlarni toʻlash majburiyatini oladi (va 5,5 mln dollar toʻlab beradi). Ikkinchidan, Qoʻshma Shtatlar Texas va ispanlarning Shimoliy Amerikadagi boshqa mustamlakalariga da'volaridan voz kechadi.
Texas oʻzini respublika deb e'lon qilishi
Texasga da'vo qilmaslik boʻyicha va'daga oxirigacha vafo qilinmaydi. 1835 yilda Texasga koʻchib kelgan ingliz tilli aholi bu vaqtga kelib Ispaniyadan mustaqillikka erishgan Meksika hukumatiga qarshi isyon koʻtaradi. Texasliklarning noroziligiga asosiy sabablardan biri Meksikada qullik bekor qilingani boʻlgandi.
Yarim yil ichida isyonchilar hukumat armiyasini magʻlub etadi va hatto prezident Santa-Annuni asirga oladi. 1836 yilda tomonlar Texas respublikasi mustaqilligi toʻgʻrisidagi kelishuvni imzolaydi, shu bilan birga, hududning katta qismi maqomi noaniq qoldiriladi. Rasman Qoʻshma Shtatlar urushga ham, respublikadagi keyingi chegara toʻqnashuvlariga ham aralashmaydi, ammo Texasga muntazam ravishda koʻngillilar otryadlari yuborib turiladi.
1845 yilda Texas AQShning 28-shtati boʻladi.
Foto: Prisma/Universal Images Group via Getty Images
1845 yilda AQSh va Texas hukumatlari birlashishga kelishib oladi va Texas teng huquqli davlat sifatida ittifoq tarkibiga kiradi. Ammo hududni tinch yoʻl bilan bunday kengaytirish Meksika bilan urushga olib keladi.
Meksika erlari
1847 yilda general Skott boshchiligidagi Amerika qoʻshinlari Mexikogacha kirib boradi. Foto: Apic/Bridgeman via Getty Images
1846 yilda, Texas qoʻshib olganidan koʻp oʻtmay, AQSh va Meksika oʻrtasidagi munosabatlar tezlik bilan yomonlashadi. AQSh urushga tayyorlanishni boshlaydi, ammo shu bilan bir vaqtda Meksika hududlarini sotib olish boʻyicha muzokaralar ham olib boradi — Kaliforniya (25 mln dollar) va Yangi Meksikani (5 mln dollar). Bu vaqtda Meksikada yana bir bor hukumat almashadi, yangi hukumat sotish taklifini haqoratli kelishuv deb topadi. Buning ortidan Meksika hukumati Texasga da'volarini e'lon qiladi.
Meksika qoʻshinlari bahsli hududga kirib, Amerika patruli bilan jangga kirishadi, soʻng AQSh prezidenti Jeyms Polk Kongressga Meksika «bizning hududimizga bostirib kirdi va Amerika tuprogʻida amerikaliklar qonini toʻkdi» deb e'lon qiladi.
Urush Meksika armiyasi toʻliq tor-mor qilinishi bilan yakunlandi. Urushning eng boshida, 1846 yil avgust oyida AQSh Kaliforniya va Yangi Meksikani anneksiya qiladi. 1848 yilda tinchlik shartnomasi imzolanadi, unga koʻra Meksika ushbu hududlarni AQShga beradi. Texasni qoʻshib hisoblaganda, oʻshanda Meksika suveren hududining yarmidan koʻprogʻini yoʻqotgandi.
Qoʻshma Shtatlarda koʻplab siyosatchilar Meksika bilan urushga qarshi chiqishgan, keyinchalik general Uliss Grant Fuqarolar urushi (1861—1865) «gunohlar uchun jazo» va Meksika hududlarini qoʻshib olish oqibati boʻlganini aytgan.
Alyaskani sotib olish
Alyaska AQShga 7,2 million dollarga sotilgan. Foto: Bettmann
Qit'aning shimoli-gʻarbida joylashgan hududni yevropaliklar orasida birinchi boʻlib rus savdogarlari oʻzlashtira boshlagan. 1799 yildan boshlab Alyaskani maxsus tashkil etilgan Rossiya-Amerika kompaniyasi boshqargan.
Rossiya imperiyasi Alyaskaning tabiiy resurslarga boyligini bilardi, ammo rasmiylar bu hududni saqlab qolish oson emasligini tan olgan. Sharqiy Sibir general-gubernatori Muravyov-Amurskiy 1853 yilda shunday deb yozgandi: «Shimoliy Amerika Qoʻshma Shtatlari muqarrar ravishda butun Shimoliy Amerika boʻylab tarqaladi, biz esa ertami-kechmi Shimoliy Amerikadagi erlarimizni ularga berishga majbur boʻlamiz».
Bir yil oʻtgach, AQSh Alyaskani Rossiya imperiyasidan sotib olishni taklif qiladi. Bitim 1867 yilda rasmiylashtiriladi: Rossiya Shimoliy Amerikadagi 1,5 million kilometr kvadrat erlari uchun 7,2 million dollar oladi. Bu mablagʻning katta qismini Rossiya oʻz temiryoʻl infratuzilmasini yaxshilashga sarflaydi.
Ispaniya orollari
Amerika qoʻshinlari Guantanamo shahriga tushirilishi, Kuba. Foto: Photo12/UIG/Getty Images
1898 yilda AQSh, oʻsha paytda Ispaniya mustamlakasi boʻlgan Kubaga yordam berishga qaror qiladi. Kubalik qoʻzgʻolonchilarga koʻmaklashish uchun amerikalik koʻngillilardan iborat guruhlar joʻnatiladi, orol sohillarida esa «Men» nomli zirhli kema aylanib yurardi. Ushbu kemani vayron qilgan portlash (zamonaviy tarixchilarning fikricha, detonatsiya tashqi ta'sirsiz sodir boʻlgan) urushga bahona boʻladi.
AQSh urushda gʻalaba qozonadi va tinchlik shartnomasi shartlariga koʻra Kuba, Puerto-Riko, Filippin va Guamni qoʻlga kiritadi. Kuba 1902 yilda mustaqillikka erishadi, ammo Amerika ta'siri ostida qoladi; Filippin 1946 yilga kelibgina suverenitetga ega boʻlgan; Puerto-Riko va Guam alohida shtatga aylanmagan, ammo hali ham AQShga qaraydi.
Havayi orollari anneksiyasi
«Majburiy nikoh». Havayi orollari qoʻshib olinishiga bagʻishlangan Britaniya karikaturasida AQSh prezidenti Mak-Kinli ruhoniy qiyofasida tasvirlangan, «yangi turmush qurganlar»ning orqasida esa moliyachi J.P. Morgan turibdi. Foto: Pictures From History/Universal Images Group via Getty Images
XIX asr oxirigacha Havayi mustaqil qirollik boʻlgan. 1893 yilda AQSh Davlat departamentining qoʻllab-quvvatlashi bilan orollarda toʻntarish yuz beradi. Qirolicha taxtdan agʻdariladi, monarxiya oʻrnini respublika egallaydi, hukumatga AQShga qoʻshilish tarafdorlari kirib oladi.
Amerika-Ispaniya urushi davrida AQSh prezidenti Uilyam Mak-Kinli Havayi orollarini qoʻshib olish toʻgʻrisidagi shartnomani imzolaydi. Ikki yildan soʻng, orollar oʻzini oʻzi boshqaruvchi hudud maqomini qoʻlga kiritadi, 1959 yilda esa Havayi AQShning 50-shtatiga aylandi. Bu AQSh qoʻshib olgan oxirgi hudud boʻlib qolgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Tramp bilan Ukraina boʻyicha muzokaralarda Putin nimalar talab qilishi aytildi
Tramp Isroil va HAMAS oʻrtasida kelishuvga erishilganini e'lon qildi
Xitoy Baydenni ikkiyuzlamachilikda ayblab, sanktsiyalarga javob qaytarishga va'da berdi
Los-Anjelesda “oʻta xavfli vaziyat” e'lon qilindi
Isroil HAMAS bilan kelishuvga erishganini rad etdi
Erdoʻgʻon boshqa davlatlarni Suriyadan “qoʻllarini tortishga” chaqirdi