Polsha bosh vaziri: Rossiya butun dunyo boʻylab «havo terrori» aktlarini rejalashtirgan

Polsha bosh vaziri: Rossiya butun dunyo boʻylab «havo terrori» aktlarini rejalashtirgan
Polsha bosh vaziri Donald Tusk Rossiyani butun dunyo boʻylab aviakompaniyalarga qarshi diversiyalar tayyorlaganlikda aybladi. «Men ayta olaman — batafsil gapirmayman, lekin bu xavotirlar asosli ekanligini tasdiqlayman — Rossiya nafaqat Polshaga qarshi, balki havo terrori aktlarini rejalashtirgan», dedi Tusk 15 yanvar, seshanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan Varshavadagi uchrashuvi yakunlari boʻyicha qoʻshma matbuot anjumanida.

Tuskning soʻzlariga koʻra, Polsha «Rossiya qoʻporuvchilik harakatlariga qarshi turishda Yevropada asosiy rol oʻynaydi». Uning bayonotlari Moskva Yevropa Ittifoqi davlatlaridan Shimoliy Amerikaga uchayotgan yuk va yoʻlovchi samolyotlariga oʻt qoʻyish boʻyicha operatsiyalarni rejalashtirgani haqidagi OAV soʻnggi xabarlari fonida yangragan.

The Wall Street Journal gazetasi Gʻarb razvedka agentliklariga tayanib, ushbu qoʻporuvchilik harakatlariga Leyptsig (Germaniya) va Birminhem (Britaniya)dagi DHL logistika markazlarida yozda sodir boʻlgan yongʻinlar kiradi, deb yozdi. Huquq-tartibot idoralari bundan avval ham bu qoʻporuvchilik harakatlari boʻlishi mumkinligini taxmin qilgan edi.

Tusk: Polsha Ukrainaning Yevroittifoqqa kirishini tezlashtiradi

Donald Tuskning qoʻshimcha qilishicha, 1 yanvardan Yevropa Ittifoqi kengashiga navbatdagi olti oylik raislik vazifasini oʻz zimmasiga olgan Polsha Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qoʻshilish jarayonini tezlashtiradi. Zelenskiy, oʻz navbatida, «Ukraina Yevropa Ittifoqiga qanchalik tez kirsa, NATOga tezroq a'zo boʻlishi, butun Yevropa oʻziga kerakli geosiyosiy ishonchni shunchalik tez olishi»ga ishonch bildirdi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar