Rossiya AQShda ishlab chiqilayotgan gipertovushli raketa loyihasini oʻgʻirlashga erishdi, deya ma'lum qildi AQSh prezidenti Donald Tramp.
Uning aytishicha, bu voqea 2009 va 2017 yillar oraligʻida, AQShning sobiq prezidenti Barak Obama Oq uyda boʻlgan davrda sodir boʻlgan.
Rossiya loyihani oʻgʻirladi, ular buni bizdan olishdi. Qandaydir yovuz kimsa ularga super gipertovushli raketa loyihasini berdi, dedi Tramp Fox News'ga bergan intervyusida.
Biroq u AQSh baribir oʻzining “oʻta kuchli tovushli” raketalariga ega boʻlishini va ular “Rossiya vakillari oʻgʻirlagan chizmalardan ham bir pogʻona ustun” boʻlishini ta'kidladi. Tramp bunday raketalarni yaratish ishlari tez orada boshlanishini va'da qildi. Shuningdek, u kelajakdagi urushlar jang maydonlarida emas, balki havoda olib borilishini, shu bois dronlarning ahamiyati juda muhimligini qayd etdi.
Aniqlanishicha bu Trampning Rossiyani gipertovushli raketa loyihasini oʻgʻirlashda birinchi ayblovi emas. 2020 yilda AQSh etakchisi Moskvada “tezligi oddiy raketadan 5 baravar yuqori boʻlgan oʻta kuchli tovushli raketa” mavjudligini aytgan edi. Oʻshanda ham u Rossiya Obama ma'muriyati davrida bu ishlanma haqida ma'lumot olganini ta'kidlagan.
Tramp, shuningdek, 2023 yilgi saylovoldi kampaniyasidagi mitinglardan birida oʻz ayblovlarini yana takrorlagan. Kreml bunga javoban Rossiyaning “oʻzining ajoyib raketasi” borligini ma'lum qildi.
Bizning raketamiz janob Trampning oʻta-oʻta tushunchasiga mos keladimi-yoʻqmi, aytishim qiyin, ammo u dunyoda hali oʻxshashi yoʻq ajoyib raketa, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2024 yilning dekabr oyida Qoʻshma Shtatlarga Kiyevga “Oreshnik” tizimidagi raketa bilan zarba berib, “XXI asr yuqori texnologiyali dueli”ni oʻtkazishni taklif qilgan edi.
Agar Gʻarb mutaxassislari “Oreshnik” zarbasini qaytarish mumkin, deb taxmin qilsa, u holda ular bizga va Gʻarbda, AQShda ularga mablagʻ ajratadigan shaxslarga XXI asrning yuqori texnologiyali dueli sifatida muayyan texnologik tajriba oʻtkazishni taklif etishsin. Ular, aytaylik, Kiyevda magʻlubiyatga uchraydigan biror ob'ektni aniqlasin, u erga oʻzlarining barcha havo mudofaasi va raketaga qarshi mudofaa kuchlarini jamlasin, biz esa u erga “Oreshnik” bilan zarba beramiz. Koʻramiz, nima boʻladi. Biz bunday tajribaga tayyormiz. Boshqa tomon tayyormi?, degan Rossiya etakchisi.
Uning qoʻshimcha qilishicha, “bu Rossiya uchun ham, Amerika tomoni uchun ham foydali boʻladi”. Shuningdek, Putin “Oreshnik” “zamonaviy va mutlaqo yangi qurol” ekanligini ta'kidladi.
“Oreshnik” raketa tizimi
Putin 21 noyabr kuni Ukrainadagi ob'ektga ballistik raketa zarbasi berilganini tasdiqlagan edi.
Uning soʻzlariga koʻra, sinovlar muvaffaqiyatli oʻtgan, armiya koʻzlangan maqsadga erishgan: “Dnepropetrovskda Sovet ittifoqi davridan beri eng yirik va mashhur sanoat majmualaridan biri boʻlgan, bugungi kunda raketa texnologiyalari va boshqa qurollar ishlab chiqaradigan Yujmash zavodi zarar koʻrgan”.
“Shu paytdan boshlab, biz bir necha bor ta'kidlaganimizdek, avvalroq Gʻarb tomonidan qoʻzgʻatilgan Ukrainadagi mintaqaviy mojaro global miqyosda tus oldi”, dedi Rossiya etakchisi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar