21:41 / 25.01.2025
122

Isroil hukumati 200 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi

Isroil hukumati 200 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi
Isroil HAMAS bilan tuzilgan kelishuv doirasida Isroil qamoqxonalarida jazo oʻtayotgan falastinliklarning ikkinchi guruhini ozod etdi.

Jami 200 kishi ozod qilindi. Galey Saxal radiosi ma'lumotiga koʻra, 114 nafar falastinlik mahbus Gʻarbiy qirgʻoqdagi Ramalla shahriga joʻnatiladi, 70 nafari Misrga, 16 nafari esa Gʻazo sektoriga yuboriladi.

Foto: Reuters
Zarur tadbirlar amalga oshirilgach va hukumat tomonidan tasdiqlangach, mahbuslar Ofer va Ksiot qamoqxonalaridan ozod etildi, deya xabar berdi Isroil qamoqxonalar xizmati.

Falastinlik mahbuslarning ozod etilishi HAMAS va Isroil oʻrtasidagi 19 yanvarda kuchga kirgan bitimning shartlaridan biri hisoblanadi. Bunga javoban HAMAS 33 nafar isroillik garovga olinganlarni ozod qilish majburiyatini olgan. Hozirga qadar etti kishi asirlikdan ozod etilgan. 25 yanvar kuni HAMAS Isroil armiyasi razvedkasida xizmat qilgan toʻrt nafar isroillik harbiy ayollarni ozod qildi.

Bitim kuchga kirgan birinchi kuni HAMAS uchta isroillik garovga olinganlarni topshirgan edi, Isroil esa 90 nafar falastinlik mahbusni ozod qilgan. Bitimning ikkinchi bosqichida HAMAS qolgan barcha garovga olinganlarni ozod qilishi, Isroil esa oʻz harbiylarini Gʻazo sektoridan olib chiqishni yakunlashi kutilmoqda. Uchinchi bosqichda halok boʻlganlarning jasadlari almashtiriladi.

Isroil va HAMAS oʻrtasida oʻt ochishni toʻxtatish bitimi kuchga kirdi

Bitimning birinchi bosqichida HAMAS Isroil tomoniga 33 nafar garovga olinganlarni topshiradi, ularning aksariyati tirik deb taxmin qilinmoqda. Bular asosan ayollar, bolalar, keksalar, bemorlar va yaradorlardir. Bunga javoban Isroil yuzlab falastinlik mahbuslarni qamoqdan ozod qiladi.

Kelishuv shartlariga koʻra, Isroil armiyasi Gʻazo sektori hududlarining aksariyat qismidan chiqib ketadi, faqatgina Gʻazo sektori va Misr oʻrtasidagi Filadelfiya yoʻlagida, shuningdek, Falastin eksklavi va Isroil chegarasidagi maxsus bufer hududida harbiy mavjudligini saqlab qoladi. Gʻazoning tinch aholisi oʻz uylariga, jumladan, janglar tufayli eng koʻp zarar koʻrgan shimoliy hududlarga ham qaytish imkoniyatiga ega boʻladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo