21:11 / 26.01.2025
704

Rossiya va Ukraina armiyasi Donbass markazida yangi katta jangga kirishmoqda

Rossiya va Ukraina armiyasi Donbass markazida yangi katta jangga kirishmoqda
Donbass janubidagi janglar yakuniga etmoqda. Rossiya qoʻshini oy boshida Kuraxovoni oʻz nazoratiga olgandi, yaqin kunlar ichida Ukraina qurolli kuchlarining yana bir muhim «qal'asi» — Velika Novosilkani egallab olishni koʻzlagan. Ammo ammo bu amaliyot yakunlanmasidan regionda yangi katta jang boshlanadi — Donbassning markaziy qismi uchun.

U butun urushning kulminatsiyasiga aylanishi mumkin. Shu vaqtga qadar Donesk oblasti markazi va shimolida (shuningdek, Xarkiv va Luhansk oblastlarining unga tutash hududlarida) RF qurolli kuchlari harakatlari muvofiqlashtirilgan guruhlar orqali hujum uyushtirmagandi. Endi bu amaliyotlar Slovyansk va Kramatorsk aglomeratsiyasini 2025 yil oxiriga qadar egallab olish maqsadidagi katta yurishga birlashtirilishi mumkin.

Velika Novosilka

Rossiya qoʻshini Velika Novosilkani qurshovga olish jarayonini yakunlagan — bu muhim rayon markazi va Ukraina qurolli kuchlari «qal'asi» boʻlib, undagi garnizon Donesk, Dnipropetrovsk va Zaporijjya oblastlari tutashgan hududni himoya qilish uchun joylashtirilgan. Yanvar oyi oʻrtalarida RF qurolli kuchlarining posyolkaga janubi-gʻarbdan yaqinlashgan guruhi Neskuchne va Vremevka qishloqlarini egalladi. Bu esa Ukraina qurolli kuchlarining Velika Novosilkani «katta er»dan (Ukrainaning asosiy hududi) ajratib turuvchi Mokriye Yali daryosi orqali kechuvlar oʻrnatish imkoniyatini yoʻqqa chiqardi.

Rayon markazi bir necha oy oldinroq shimolda Ukraina qurolli kuchlarining asosiy guruhidan ajratib qoʻyilgan: ukrainlarning qarshi hujumlarini qaytargan RF qurolli kuchlari daryo boʻyidagi Noviy Komar qishlogʻiga chiqishgan. Ukraina qurolli kuchlari Velika Novosilkada qancha kuch qoldirgani oxirigacha aniq emas, ammo, ular katta ehtimol bilan rossiyaliklar shturmiga bardosh berolmaydi. RF qurolli kuchlari bir necha haftalik tin olishdan soʻng rayon markazining sharqiy chekkalariga kirishga muvaffaq boʻlgan.

Katta ehtimol bilan, Velika Novosilkadagi kichik garnizon posyolkani tark etishga ulguradi. Ammo ukrain harbiylari chekinishda katta yoʻqotishlarga uchrashi mumkin, ayniqsa texnikalar va ogʻir qurollarni qoldirib ketishga toʻgʻri keladi: Ukraina qurolli kuchlarining 2003 yilda ushbu hududda amalga oshirgan yurishi vaqtida — ob-havo nisbatan qulay boʻlgan yoz oylarida — Mokriye Yalini kechib oʻtishga urinish chogʻida tanklar va boshqa texnikalar choʻkib ketgandi.

Velika Novosilka egallanishi Rossiyaning «Sharq» guruhiga ukrain qoʻshinini oldinroq «Markaz» guruhi tomonidan egallangan Kuraxovo shahri chekkalaridan gʻarbga chekinishga majbur qilib, Donesk — Zaporijjya trassasiga keng frontda yurish qilishga imkon beradi.

Kuraxovo

Ukraina qoʻshini 31 dekabr kuni Kuraxovodagi umidsiz pozitsiyalarini tashlab chiqqanidan keyin ham yengil tortgani yoʻq: mazkur hududdagi guruh hamon qurshov xavfi ostida qolmoqda.

Kuraxovodan gʻarbdagi mudofaa chiziqlari endi Volchya (shimolda) va Suxiye Yali (janubda) daryolari boʻylab oʻtmoqda. Muammo shundaki, Kuraxovodan 12 kilometr masofada Suxiye Yali Volchyaga quyiladi. Rossiyaning ikki guruhi esa aynan quyilish joyidagi Andreyevka va Konstantinopol qishloqlari tomon intilmoqda.

Shimolda Volchya boʻylab yurish qilayotgan RF qoʻshini allaqachon Shevchenko va Petropavlovka qishloqlarini egallab, Andreyevka chekkalariga etib kelgan. Janubdagi guruh esa Suxiye Yalini shu nomdagi qishloq hududida kechib oʻtgan, shuningdek Konstantinopolga juda yaqinlashib kelgan. Kuraxovodan chiqqan rus qoʻshini esa ukrainlarning Dachnoye qishlogʻi hududidagi pozitsiyalarini shturm qilmoqda.

Katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlari Donesk — Zaporijjya trassasi boʻylab yanada gʻarbga ketishiga toʻgʻri keladi. Shu bilan birga, ularga shimoldan va janubdan (Velika Novosilka tomondan) zarba berilishi xavfi saqlanib qoladi. Ukraina qoʻshini qachon va qayerda barqaror mudofaani tiklashi va qurshov xavfidan qutulishi ayon emas.

Koʻp narsa Rossiya qoʻmondonligi Janubiy harbiy okrugning 8-umumqoʻshin armiyasidan qayerda foydalanishiga bogʻliq, bu armiya oʻtgan yil oxirida Kuraxovoga janubi-sharqdan hujum qilgandi. Ikkita kuchli va tajribali motooʻqchilar diviziyasidan tarkib topgan armiya Vuhledar va Kuraxovoga hujum qilish uchun «Sharq» qoʻshinlar guruhiga biriktirilgandi. Endi bu vazifalar bajarilgan, demak unga yangi vazifalar berilishi kerak. Armiya «Sharq» qoʻshinlar guruhi tarkibida qolishi va undagi boshqa boʻlinmalar bilan birgalikda Donesk — Zaporijjya trassasi boʻylab Janubiy harbiy okrugning Zaporijjya oblastida harakatlanayotgan 58-armiyasi bilan uchrashgunicha yurish qilishi mumkin. Shuningdek, 8-armiyaning diviziyasi RF qurolli kuchlarining shusiz ham kuchli boʻlgan «Markaz» guruhi bilan shimolga — Pokrovskdan Chasiv Yarga qadar boʻlgan front chizigʻi boʻylab hujumga oʻtishi ham mumkin. Bunday amaliyotdan maqsad — Kramatorsk — Slovyansk aglomeratsiyasiga chiqish boʻladi.

Pokrovsk

RF qurolli kuchlari dekabr oyida Ukraina qurolli kuchlari bor e'tiborini Kuraxovo hamda Pokrovsk janubidagi hududlar mudofaasiga qaratganidan foydalanib, ushbu ikki shahar oraligʻidan zarba berdi.

Ukraina qoʻshini ushbu yurishni qarshi hujumlar bilan toʻxtatishga urindi, ammo bunga ulgurmadi. Rossiya boʻlinmalari Solenaya daryosini kechib oʻtib, Pokrovsk gʻarbiy chekkasidagi sanoat zonalariga yaqinlashdi.

Hozirda Pokrovsk 7–12 kilometr masofadagi Kotlino va Udachnoye posyolkalari atrofidagi kon komplekslari va kokskimyo korxonalar uchun janglar ketmoqda. Sanoat binolari va konlar terrikonlari mudofaa marralari uchun qulayligiga qaramay, RF qurolli kuchlari hozirgi urush uchun nisbatan tez sur'atlarda maqsad sari harakatlanmoqda — ular Pokrovskni Ukrainaning markaziy qismi bilan bogʻlovchi E50 Dnipr (shahri) — Donesk trassasiga chiqish uchun harakatlanmoqda.

Shu bilan birga, RF qurolli kuchlari Solenaya boʻylab yanada gʻarbga yurmoqda. Bu esa ukrainlar mudofaasini uzaytirmoqda. Agar Rossiya armiyasi trassaga Kotlino va Udachnoye orqali chiqa olmasa, buni boshqa joyda qilishga ham urinib koʻrishi mumkin.

RF qurolli kuchlarining boshqa bir guruhi yarim yillik harakatsizlikdan keyin faollashib, Vozdvijenka qishlogʻini egallagan va Pokrovskdan sharqda E50 trassasiga chiqqan.

Rus qoʻshini shahardan gʻarbda ham Dniproga olib boruvchi yoʻlni toʻsib qoʻya olsa, Pokrovsk mudofaasi keskin yomonlashadi. Shundan keyin toʻgʻridan toʻgʻri Pokrovsk — Mirnograd (urushga qadar aholisi soni qoʻshni posyolkalar bilan qoʻshib hisoblaganda — 150 mingdan ortiq boʻlgan) aglomeratsiyasi uchun jang boshlanadi.

Oʻrtaga koʻp narsa tikilgan: Pokrovsk egallanishi RF qurolli kuchlariga ham Dnipro tomon, ham Donesk oblasti shimoliy hududlariga yoʻl ochadi.

Toresk va Chasiv Yar

Rossiyaning koʻp oylar davomida Toresk va Chasiv Yarni shturm qilib turgan qoʻshinlari yangi yilga kelib vazifani bajarishga yaqinlashdi. Bu shaharlar atrofidagi janglar Donesk oblasti janubidagi yurishdan butkul farqlanadi. RF qurolli kuchlari tepaliklarda joylashgan Chasiv Yardan ukain boʻlinmalarini siqib chiqarish uchun bir yildan ortiq vaqt davomida harakat qilmoqda. Toresk aglomeratsiyasi uchun koʻcha janglari esa 2024 yil yozida boshlangandi. Bu shaharlarda oldingi siljish haftasiga bir necha yuz metrdan oshmagan.

Toreskdagi janglar shaharning konlar va ularning terrikonlari joylashgan shimoliy va sharqiy chekkalarida kechmoqda. Aholi yashash kvartallari esa allaqachon RF qurolli kuchlari qoʻliga oʻtgan. Ukraina qurolli kuchlarining qarshilik oʻchoqlari — temiryoʻl va uning yoqasida, shahar gʻarbida joylashgan sanoat zonasi boʻlib qolmoqda.

Chasiv Yarda RF qurolli kuchlari Ogneuporniy kombinati hududini egallagan — bu Ukraina qurolli kuchlarining shahardagi asosiy istehkomi edi. Bunga Rossiya qoʻshini ukrainlarning kombinatga ta'minot yoʻlini kesib qoʻyib, shaharga shimoldan bostirib kirish orqali erishildi. Endi janglar bir vaqtlar Chasiv Yar markazi boʻlgan xarobalarda kechmoqda.

Katta ehtimol bilan, yaqin oylar ichida Rossiyaning Toresk va Chasiv Yarga hujum qilayotgan guruhlari bir vaqtning oʻzida yirik Konstantinovka shahriga yaqinlashadi — bu Kramatorsk — Slovyansk aglomeratsiyasining eng janubida joylashgan aholi yashash punktidir.

Ukraina qurolli kuchlarining bu yoʻnalishdagi muammolari koʻp jihatdan bu erdagi qoʻshinlarning bir qismi frontning boshqa uchastkalari, jumladan, Kursk oblastiga olib ketilgani tufayli boʻldi.

Kupyansk va Liman yoʻnalishlari

RF qurolli kuchlari Kramatorsk va Slovyanskka shimoldan yaqinlashtirishi kerak boʻlgan amaliyotni davom ettirmoqda. Ammo hozirgi ilgarilash sur'atlari bu vazifani 2025 yilda bajarish uchun umid bermaydi.

Rossiya qoʻshini Ukraina qurolli kuchlarini hududni shimoldan janubga qarab kesib oʻtuvchi Oskol daryosi ortiga chekintirishga urinmoqda. Kuzda ular Kupyanskdan janubda daryo boʻyiga etib kelgandi, ammo oʻtgan vaqt ichida bu muvaffaqiyatini rivojlantira olmadi.

Kupyanskning sharqiy sohildagi qismini zirhli texnikalar bilan egallash uchun urinishlar ham muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

Endi rus qoʻshini Oskolga janubdagi Tern va Makiyivkadan shimoldagi Borovayaga qadar boʻlgan keng front boʻylab etib kelishga urinmoqda.

Bundan tashqari, RF qurolli kuchlari Oskolni keyin daryoning gʻarbiy sohili boʻylab janubga yurish uchun Kupyanskdan shimolda ham kechib oʻtgan. Ukraina qurolli kuchlari bir necha haftadan buyon ushbu plasdarmni bartaraf eta olmayapti, ammo uning kengaytirilishiga ham yoʻl qoʻymayapti.

Ukraina qurolli kuchlarining bu yoʻnalishdagi muammolari ham bu erdagi eng jangovar boʻlinmalar frontning boshqa uchastkalariga olib ketilgani bilan bogʻliq.

Kursk oblasti

Ukraina qurolli kuchlari kuzgi muvaffaqiyatsizlik va chekinishdan keyin Sudja rayoni markazi atrofida mustahkam himoya chizigʻi yaratishga muvaffaq boʻlgan. Kuz davomida va qishning ilk oylarida front chizigʻi taxminan ikki barobarga qisqardi. Va endi ukrain qoʻshinining bu hududdagi tigʻiz joylashuvi (toʻqnashuv chizigʻining oʻrtacha bir kilometrini bir batalyon himoya qilmoqda va bu batalyonlarning koʻpchiligi — Ukraina qurolli kuchlaridagi eng jangovar tuzilmalar sirasiga kiradi) butun frontdagi eng yuqorisi boʻlib turibdi.

Rossiya guruhi ham asosan havo desant qoʻshinlari va dengiz piyodalarining eng yaxshi boʻlinmalaridan tarkib topgan. Ammo Donbass janubidagi vaziyatdan farqli oʻlaroq ular bu frontda son jihatdan raqibdan katta ustunlikka ega emas.

Rossiya yurishining dastlabki oyidan keyin Ukraina qurolli kuchlari mudofaasida bir necha oʻta muhim punktlar borligi oydinlashdi: plasdarm shimolidagi mudofaa qurilgan Malaya Loknya; uning janubi-gʻarbiy qismida, Ukraina bilan chegaradagi Sverdlikovo; Sudjaning janubiy chekkalari.

RF qurolli kuchlari uchala punktni ham egallashga urinmoqda. Ayniqsa Malaya Loknya atrofida ogʻir janglar kechmoqda, bu erda pozitsiyalar koʻp marta qoʻldan qoʻlga oʻtmoqda. Sudjadan janubda Rossiya qoʻshini Ukraina qurolli kuchlarining Maxnovkadagi qarshi hujumlari bilan toʻxtatilgan.

RF qurolli kuchlari Sverdlikovoga yangi yoʻnalishdan hujum boshlagan — bu safar Kursk oblastining Ukraina bilan chegarasi boʻylab harakat qilinmoqda. Rossiya qoʻshini Kursk oblastidagi Nikolayevo-Darinoni qaytarib olgan va Ukrainaning Sumi oblasti bilan chegarani kesib oʻtgan.

Rossiya qoʻshini Sudjaga yaqinlashgani sari ukrainlar qarshiligi faqat kuchayib bormoqda. Ammo butun front boʻylab Ukraina qurolli kuchlariga jangovar kuchlar etishmayotgani inobatga olinsa, kichik hududda ikki tomonning eng yaxshi tuzilmalari ishtirokidagi qirgʻinbarot Kreml uchun koʻproq foydali boʻladi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo