15:05 / 27.01.2025
104

Mask Las-Vegasda Tesla uchun yangi “metro” ochdi

Mask Las-Vegasda Tesla uchun yangi “metro” ochdi
Milliarder Ilon Maskka tegishli The Boring Company Las-Vegasda yana bir tunnel va stantsiyani ishga tushirdi.

Ushbu tarmoq yirik mehmonxona, kazino va Westgate Resort konferentsiya markazini asosiy tarmoq bilan bogʻlaydi. Shaharning bu hududida avtoturargohlar etishmasligi va transport tirbandligi kabi jiddiy muammolar mavjud. Tunnel avtomobil harakatini kamaytirishga xizmat qilishi kerak.

Foto: AFP
The Boring Company Las-Vegas ostida 12 metr chuqurlikkacha boʻlgan tunnellar tarmogʻini qurish shartnomasini 2019 yilda qoʻlga kiritgandi. Birinchi bekat 2021 yilda ishga tushirildi va oʻsha paytga kelib loyihaning qiymati 52 million dollardan oshib ketdi. Oʻshandan beri oltita yangi bekat barpo etildi, jumladan yaqinda qurilgan Westgate Resort ham shular qatoriga qoʻshildi.

Tunnellar ikkita tor “quvur”dan iborat boʻlib, ular orqali Tesla Model 3 va Tesla Model Y avtomobillari yoʻlovchilarni tashiydi. Hozircha bu mashinalar haydovchilar yordamida boshqarilmoqda, biroq kompaniya 2025 yil oxiriga kelib ularni avtonom haydash tizimiga oʻtkazishni rejalashtirmoqda.

Yangi yoʻnalish konferentsiya markazining keng hududida harakat imkoniyatlarini kengaytiradi. Aytishlaricha, odatda 25 daqiqada bosib oʻtiladigan masofani tunnel orqali ikki daqiqada bosib oʻtish mumkin. Tarmoqning ushbu qismidan toʻliq foydalanilganda, ya'ni 62 ta avtomobil harakatlanganda, soatiga 4400 nafargacha yoʻlovchini tashish mumkin. Biroq hozircha tarmoq imkoniyatlarining uchdan bir qismi ham ishga tushirilmagan.

Tugallangan tunnellar tizimining uzunligi 109 kilometrni tashkil etib, Las-Vegasning barcha asosiy hududlarini, aeroportdan tortib yirik biznes va koʻngilochar markazlargacha oʻz ichiga oladi. Tizimda 55 ta bekat va oraliq toʻxtash joylari rejalashtirilgan. Butun majmua nazariy jihatdan bir soatda 90 mingdan ortiq yoʻlovchini tashish imkoniyatiga ega boʻladi.

Ta'kidlash kerakki, The Boring Company ish jarayonida turli muammolarga duch keldi. Xususan, u mehnat shartlarini buzgani uchun bir necha bor jarimaga tortildi. Bundan tashqari, nazorat organlari xavfsizlik masalasiga shubha bilan qaramoqda, chunki har yili tunnelga oʻnlab begona piyodalar yoki hatto avtomobillar kirishi holatlari qayd etilmoqda. Ularning barchasi tunnelga tasodifan kirib qolganini ta'kidlashadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo