13:51 / 31.01.2025
134

Dunyoda oltinning narxi tarixiy rekordni yangiladi

Dunyoda oltinning narxi tarixiy rekordni yangiladi
Foto: CNN
Amerikaning Comex birjasida oltin bir troya unsiya uchun 2850 dollardan oshdi. Soʻnggi marta oltin narxi 2024 yil oktyabr oyida 2800 dollardan oshgandi.

Reuters nashri yozishicha, investorlar AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan savdo bojlari joriy etilishi xavfidan xavotirda. Bozor yaqinlashib kelayotgan muhim inflyatsiya hisobotini kutmoqda. Ushbu hisobot AQSh Federal zaxira tizimining kelajakdagi siyosatini baholashga yordam berishi mumkin.

31 yanvar kuni shaxsiy iste'mol xarajatlari indeksi boʻyicha ma'lumotlar e'lon qilinadi. The Wall Street Journal ma'lumotiga koʻra, soʻnggi kunlarda Xitoyning DeepSeek chat-boti muvaffaqiyati AQSh fond bozorida texnologiya sektorida oʻzgarishlarga sabab boʻlgan. Natijada, bu beqarorlik oltin narxining oʻzgaruvchanligiga ta'sir qilgan.

Avvalgi rekord

2024 yilning 30 oktyabrida troya unsiyasining narxi tarixda birinchi marta 2800 dollardan oshdi. Tahlilchilar oltin qimmatlashishini AQShdagi saylovlar va dunyoda davom etayotgan mojarolar tufayli yuzaga kelgan siyosiy noaniqlik bilan bogʻladi. Xususan, Yaqin Sharq va Ukrainadagi vaziyat bilan.

J.P. Morgan 2024 yil avgust oyida oʻtkazgan tadqiqotida, odatda, iqtisodiy va geosiyosiy beqarorlik sharoitida oltin qimmatlashishini ta'kidlagan. Buning sababi – oltinning xavfsiz aktiv sifatidagi obroʻsidir. Shuningdek, moliyaviy tahlilchilar fikricha, oltinning boshqa investitsiya vositalari bilan bogʻliqligi past boʻlgani uchun u samarali sugʻurta aktivi hisoblanadi.

Oltinning yirik xaridorlari

Butunjahon oltin kengashining (WGC) iyul oyidagi hisobotiga koʻra, 2024 yilning ikkinchi choragida jahon boʻylab oltin talabi oʻtgan yilga nisbatan 6 foizga kamayib, 929 tonnani tashkil qilgan. Shunga qaramay, markaziy banklar oltin xarid qilishda davom etgan. Eng yirik xaridorlar orasida Polsha Milliy banki (19 tonna), Hindiston Rezerv banki (19 tonna) va Turkiya Markaziy banki (15 tonna) bor.

Oanda kompaniyasining katta tahlilchisi Kelvin Vongning prognoziga koʻra, oltin narxi asosan AQSh saylovlari natijalariga bogʻliq. Kelajakda uning bahosi 2826 dollar atrofida barqarorlashishi mumkin.

Manba: Daryo.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo