18:37 / 03.02.2025
321

Putin va Tramp uchrashuvi Saudiya Arabistoni yoki BAAda oʻtkazilishi mumkin

Putin va Tramp uchrashuvi Saudiya Arabistoni yoki BAAda oʻtkazilishi mumkin
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Donald Trampning ehtimoliy uchrashuvi Saudiya Arabistoni yoki Birlashgan Arab Amirliklarida oʻtkazilishi mumkin. Reuters agentligi ikki rossiyalik manbaga tayanib shu haqda xabar berdi.

Manbalarning ma'lum qilishicha, soʻnggi haftalar davomida Rossiyaning yuqori martabali amaldorlari Saudiya Arabistoni va BAAga tashrif buyurgan. Biroq, ma'lumotlarga koʻra, ushbu taklifga ma'lum bir qarama-qarshiliklar mavjud, chunki bu davlatlar AQSh bilan yaqin harbiy va xavfsizlik aloqalariga ega. Rossiya va Ukraina oʻrtasida ilk muzokaralar oʻtkazilgan Turkiya esa bu safar uchrashuv joyi sifatida koʻrib chiqilmayapti.

Reuters'ning xabar berishicha, Tramp AQSh prezidentligi davrida Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan ilk suhbatlardan birini oʻtkazgan. Shuningdek, 2023 yilda Putin Saudiya Arabistoni va BAAga tashrif buyurib, mahbuslar almashinuvida koʻrsatgan yordami uchun Muhammad bin Salmonga minnatdorchilik bildirgan.

Muhammad bin Salmon va BAA rahbari Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon Ukrainadagi mojaro davomida Rossiyaga qarshi sanktsiyalarga qoʻshilmagan. BAA esa Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi asirlar almashinuvida vositachi sifatida qatnashgan. Shuningdek, ular Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan aloqalarni ham saqlab kelmoqda.

Qolaversa, mazkur ikki davlat Putinni hibsga olish boʻyicha xalqaro orderni chiqargan Gaaga sudining a'zosi emas.

Kreml mazkur xabarlarga munosabat bildirishdan bosh tortgan, Saudiya Arabistoni va BAA ham bu borada izoh bermagan.

Shuningdek, yanvar oyida Tramp Saudiya Arabistoni va OPEK davlatlarini neft narxini tushirishga chaqirgan. Uning fikriga koʻra, agar yoqilgʻi narxi kamayganida, Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi mojaro tezroq yakunlangan boʻlardi.

3 fevral kuni Tramp oʻz ma'muriyati Ukraina, Rossiya va boshqa davlatlar bilan uchrashuv va muzokaralar oʻtkazishni rejalashtirayotganini ma'lum qildi. Biroq, bu uchrashuvlarda aniq qaysi tomonlar ishtirok etishi haqida tafsilotlarni oshkor qilmadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo