09:12 / 05.02.2025
395

Zelenskiy: “Putin bilan muzokaralar stoliga oʻtirishga tayyorman”

Zelenskiy: “Putin bilan muzokaralar stoliga oʻtirishga tayyorman”
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy agar aholiga tinchlik olib kelishning yagona sxemasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar stoliga oʻtirish boʻlsa, bunga tayyorligini aytdi. Bu haqda “Ukrainskaya pravda” xabar berdi.

“Agar bu ukrainaliklar uchun tinchlikka erishishimiz va odamlarni yoʻqotmasligimiz mumkin boʻlgan yagona konfiguratsiya boʻlsa, albatta, biz bunga boramiz”, dedi Zelenskiy britaniyalik jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusida.

Zelenskiy bu vaziyatda uning Kreml rahbariga shaxsiy munosabati ahamiyatga ega emasligini ta'kidladi:

“Men uni dushman deb hisoblayman. Toʻgʻrisini aytsam, u ham meni dushman deb bilsa kerak, deb oʻylayman”, dedi Ukraina prezidenti.

Shuningdek, u hozirgi kunda Ukraina barcha hududlarni qaytarib ololmasligini va “erishish ehtimoli boʻlmagan natija uchun millionlab odamlarni yoʻqotishi mumkin emasligini” ta'kidladi.

Zelenskiy “vatan uchun jonini fido qilganlarga bergan qasamyodini buza olmasligi”ni aytdi. Siyosatchi Konstitutsiyani buzish va bosib olingan hududlarni Rossiyaga tegishli deb tan olish mumkin emasligini qayd etdi.

Ukraina prezidenti jangovar harakatlar davom etayotgan paytda mamlakatda saylovlar oʻtkazish imkoniyatini yana bir bor inkor etdi.

Mamlakatda navbatdagi prezidentlik saylovi 2024 yil 31 mart kuni oʻtkazilishi kerak edi. Ukrainadagi harbiy holat tufayli ular oʻtkazilmadi. Mamlakat Konstitutsiyasi harbiy holat paytida prezidentlik saylovlarini oʻtkazishni toʻgʻridan toʻgʻri taqiqlamaydi. Biroq bunday taqiq “Harbiy holatning huquqiy rejimi toʻgʻrisida”gi qonun darajasida belgilangan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bir necha bor muzokaralar “qonuniyligini yoʻqotgan” Ukraina davlat rahbari bilan oʻtkazilmasligini da'vo qilgandi. Chunki Putinning fikricha, Vladimir Zelenskiy “noqonuniyligi tufayli hech narsa imzolashga haqli emas”.

Ukrainaning urushni tugatish shartlari

Ukraina qoʻshinlarni 1991 yil chegaralariga olib chiqishni nazarda tutuvchi “tinchlik formulasi”ni amalga oshirishni talab qilmoqda. Gap 2014 va 2022 yillarda Rossiya tomonidan u erda oʻtkazilgan “referendumlar” va Ukrainaning Qrim, Donesk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlari noqonuniy anneksiya qilingani haqida ketmoqda. Moskva “tinchlik formulasi” asosida muzokaralar olib borish imkoniyatini istisno qiladi.

Rossiya shartlari

Putin oʻt ochishni toʻxtatish uchun oʻz shartlarini ilgari surdi, jumladan, Ukraina qoʻshinlari oʻzini oʻzi mustaqil deb e'lon qilingan DXR, LXR, Xerson va Zaporoje viloyatlaridan olib chiqilishi, ushbu toʻrtta hudud va Qrim goʻyoki xalqaro miqyosda Rossiyaning bir qismi sifatida tan olinishi, Ukrainaning NATOga a'zolikdan voz kechishi va sanktsiyalarni olib tashlash. Zelenskiy bu taklifni “ishonib boʻlmaydigan” ultimatum deb atadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy: “Putin bilan muzokaralar stoliga oʻtirishga tayyorman”