Foto: Prezident matbuot xizmati
Oʻzbekiston Prezidenti va Malayziya Bosh vaziri sheriklikni innovatsion rivojlantirish davrini boshlashga kelishib oldilar.
5 fevral kuni «Perdana Putra» hukumat majmuasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara oʻtkazdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Malayziya Bosh vaziriga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan «Madani» davlat strategiyasining yuksak natijalari bilan dildan qutladi.
Oʻzbekiston bilan Malayziya oʻrtasidagi doʻstlik va sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.
Malayziya Bosh vazirining oʻtgan yil may oyida Oʻzbekistonga amalga oshirgan tarixiy tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni rivojlantirishga katta sur'at bagʻishlagani ta'kidlandi.
Siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalar faollashdi. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi, qoʻshma korxonalar va aviaqatnovlar soni oshmoqda.
Oʻtgan yili Hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishi samarali oʻtkazildi, Ishbilarmonlar kengashi tuzildi, qator yirik biznes forumlari tashkil etildi.
Tashrif arafasida tahliliy markazlar uchrashuvi, Oʻzbekistonning turizm salohiyati va madaniy merosi taqdimotlari, etakchi oliy ta'lim muassasalari rektorlari forumi oʻtkazildi.
Hamkorlikni rivojlantirish va oliy darajadagi kelishuvlar ijrosini samarali muvofiqlashtirish maqsadida Tashqi ishlar vazirlarining strategik muloqoti platformasini tashkil etishga qaror qilindi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi amaliy hamkorlik masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Tovar ayirboshlashni koʻpaytirish maqsadida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimni ishlab chiqish, oʻzaro sanoat koʻrgazmalarini oʻtkazish, Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilishga kelishib olindi.
Malayziya hukumati Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo boʻlishini faol qoʻllab-quvvatlamoqda.
Etakchilar 2025-2026 yillarni Oʻzbekiston-Malayziya sherikligini innovatsion rivojlantirish davri deb e'lon qilishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy hamkorlikning yangi modelining ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi. Bular – neft-kimyo va kimyo, elektronika va yarimoʻtkazgichlar sanoati, innovatsion sanoat, «aqlli» qishloq xoʻjaligi, «yashil» energetika, ziyorat turizmi va boshqalar.
Kooperatsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Toshkent viloyatida Malayziyaning etakchi kompaniyasi boshqaruvida maxsus iqtisodiy zona tashkil etilmoqda.
Davlat rahbarlari faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish muhimligini ta'kidladilar. Joriy yilda Oʻzbekiston va Malayziyada madaniyat haftaliklari oʻtkaziladi.
Etakchilar mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar. Terrorizm, radikalizm va islomofobiyaga qarshi kurashda sa'y-harakatlarni birlashtirish muhimligi qayd etildi.
Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni tayyorlashga qaror qilindi.
Yakunda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimni rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonga kelishga taklif etdi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar