18:11 / 05.02.2025
76

Qozogʻistonda kelin oʻgʻirlash uchun jinoiy jazo choralari joriy etilishi mumkin

Qozogʻistonda kelin oʻgʻirlash uchun jinoiy jazo choralari joriy etilishi mumkin
Qozogʻiston parlamenti deputatlari Jinoyat kodeksiga kelin oʻgʻirlash uchun alohida jazo choralari kiritishni taklif qilishdi. Mazkur oʻzgartishlar yaqin vaqt ichida qabul qilinishi kutilmoqda. Bu haqda deputat Murat Abenov ma'lum qildi, deb xabar beradi Vlast.kz.

Jinoyat kodeksiga yangi modda kiritilishi mumkin

Murat Abenovga koʻra, taklif hozirda Jinoyat, Jinoyat-ijro va Jinoyat-protsessual kodekslarini optimallashtirish boʻyicha ishchi guruh tomonidan muhokama qilinmoqda. Yangi moddada vaziyatga qarab turli jazo choralari nazarda tutilgan:
  • Jarima va jamoat ishlari;
  • Ogʻir holatlarda – 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Deputatga koʻra, agar kelin oʻgʻirlash bir guruh shaxslar tomonidan, voyaga etmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan yoki jabrlanuvchiga zarar etkazilgan boʻlsa, sudlangan shaxs 3-5 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

«Bu an'ana emas, jinoyat» – deputat Abenov

Murat Abenov kelin oʻgʻirlashni «urf-odat» sifatida qabul qilish notoʻgʻri ekanini ta'kidladi.

«Aslida bizda bunday an'analar boʻlmagan. Qizlar ota-onasining roziligisiz turmushga chiqmoqchi boʻlsa, oʻz ixtiyori bilan qochib ketishi mumkin edi. Ammo kelin oʻgʻirlash – bu ogʻir jinoyat», – dedi u.

Hozirgi qonunchilikda kelin oʻgʻirlashga alohida jazo yoʻq

Qozogʻiston Jinoyat kodeksida haligacha kelin oʻgʻirlash boʻyicha alohida modda mavjud emas. Bu kabi holatlar «Odam oʻgʻirlash» moddasi asosida koʻrib chiqiladi. Unga koʻra, ayblanuvchi 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Shu bilan birga, qonunchilikda «oʻgʻirlangan shaxsni oʻz ixtiyori bilan ozod qilgan shaxs, agar uning harakatlarida boshqa jinoyat tarkibi boʻlmasa, jazodan ozod etiladi» degan band bor. Bu esa kelin oʻgʻirlovchilarning jinoiy javobgarlikdan qochishiga sabab boʻlishi mumkin.

Yangi qonun qabul qilinsa, kelin oʻgʻirlash uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilanadi va bu kabi holatlarning oldini olishga yordam beradi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo