Rossiyaga qarshi urushda 45 100 ga yaqin ukrainalik harbiy xizmatchi halok boʻldi, deya ma'lum qildi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy.
Zelenskiy, bundan tashqari, Ukraina himoyachilarining 390 mingga yaqin yaralanish holati qayd etilganini aytdi.
"Aniqlashtiraman: jarohatlar soni jarohatlanganlar sonidan koʻproq, chunki yarador boʻlib, soʻng jang maydoniga qaytib, yana jarohatlangan odamlar bor", deya tushuntirdi u.
Zelenskiy Rossiyaning yoʻqotishlari sonini ham baholadi. Uning soʻzlariga koʻra, Ukrainaga hujum paytida 350 mingga yaqin rossiyalik halok boʻlgan, yana 600-700 ming kishi yaralangan.
Dekabrda Zelenskiy Ukraina armiyasining 43 ming askari halok boʻlganini aytgan edi
2024 yilning dekabr oyi boshida Ukraina etakchisi urush boshlanganidan beri 43 ming nafar ukrainalik askar halok boʻlgani, yana 370 ming nafari esa jarohatlangani haqida xabar bergan edi. U “yaradorlarning taxminan 50 foizi safga qaytishi va barcha jarohatlar, shu jumladan yengil hamda takroriy jarohatlar qayd etilishi”ni ta'kidladi.
Ochiq ma'lumotlar asosida Ukrainaning yoʻqotishlari haqida ma'lumot toʻplaydigan UALosses loyihasi 63 ming nafardan ortiq halok boʻlgan ukrainalik harbiylar haqida xabar bergan.
The Economist noyabr oyi oxirida Ukraina urush boshlanganidan beri 60 mingdan 100 ming nafargacha askarini yoʻqotgan boʻlishi mumkinligi haqida yozgan. Nashr Gʻarb razvedka xizmatlari ma'lumotlari, AQSh ma'muriyati vakillarining bayonotlari va ochiq manbalardan olingan ma'lumotlarga tayanib, yana 400 ming nafarga yaqin ukrainalik askar safga qaytishga imkon bermaydigan darajadagi jarohatlar olganini qayd etgan.
Bir oz avval Ukraina prezidenti agar aholiga tinchlik olib kelishning yagona sxemasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar stoliga oʻtirish boʻlsa, bunga tayyorligini aytdi.
"Agar bu ukrainaliklar uchun tinchlikka erishishimiz va odamlarni yoʻqotmasligimiz mumkin boʻlgan yagona konfiguratsiya boʻlsa, albatta, biz bunga boramiz", dedi Zelenskiy.
Shuningdek, u hozirgi kunda Ukraina barcha hududlarni qaytarib ololmasligini va “erishish ehtimoli boʻlmagan natija uchun millionlab odamlarni yoʻqotishi mumkin emasligini” ta'kidladi.
♦ Ukrainaning urushni tugatish shartlari
Ukraina qoʻshinlarni 1991 yil chegaralariga olib chiqishni nazarda tutuvchi “tinchlik formulasi”ni amalga oshirishni talab qilmoqda. Gap 2014 va 2022 yillarda Rossiya tomonidan u erda oʻtkazilgan “referendumlar” va Ukrainaning Qrim, Donesk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlari noqonuniy anneksiya qilingani haqida ketmoqda. Moskva “tinchlik formulasi” asosida muzokaralar olib borish imkoniyatini istisno qiladi.
♦ Rossiya shartlari
Putin oʻt ochishni toʻxtatish uchun oʻz shartlarini ilgari surdi, jumladan, Ukraina qoʻshinlari oʻzini oʻzi mustaqil deb e'lon qilingan DXR, LXR, Xerson va Zaporoje viloyatlaridan olib chiqilishi, ushbu toʻrtta hudud va Qrim goʻyoki xalqaro miqyosda Rossiyaning bir qismi sifatida tan olinishi, Ukrainaning NATOga a'zolikdan voz kechishi va sanktsiyalarni olib tashlash. Zelenskiy bu taklifni “ishonib boʻlmaydigan” ultimatum deb atadi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar