07:10 / 07.02.2025
108

Ilon Mask Ukraina haqida soxta xabar tarqatdi (video)

Ilon Mask Ukraina haqida soxta xabar tarqatdi (video)
Amerikalik tadbirkor Ilon Mask X ijtimoiy tarmogʻida jahon yulduzlarining Ukrainaga safari moliyalashtirilgani haqidagi soxta xabarni tarqatdi. Bu Rossiyaning "Matryoshka" dezinformatsiya tarmogʻiga bogʻliq boʻlishi mumkin, deb yozadi The Insider.

Mask joylagan videoda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) prezident Zelenskiyni qoʻllab-quvvatlash maqsadida taniqli shaxslarning Ukrainaga tashriflarini tashkil qilish uchun amerikalik soliq toʻlovchilarning pullari sarflangani aytilgan.

Goʻyo ENews media kompaniyasi tomonidan e'lon qilingan soxta videoda qator mashhur aktyorlar Ukrainaga borgani uchun katta mablagʻ olgani da'vo qilingan:
  • Anjelina Joli – 20 million dollar;
  • Orlando Blum – 8 million dollar;
  • Ben Stiller – 4 million dollar;
  • Jan-Klod Van Damm – 1,5 million dollar.

Ben Stiller ushbu dezinformatsiyaga tezkor javob qaytarib, Ukrainaga safari oʻz hisobidan moliyalashtirilganini va USAID tashkilotidan hech qanday yordam olmaganini aytdi. Ukraina Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko ham ENews bunday materialni chop etmaganini ta'kidladi.

Raddiyalarga qaramay, Mask bu yolgʻon kontentni uzoq vaqt davomida X sahifasidan oʻchirmadi. Shu vaqt ichida post ostida ijtimoiy tarmoq tomonidan izoh paydo boʻldi, unda material ENews uslubiga taqlid qilib yaratilgani, biroq media kompaniya bunday yangilikni e'lon qilgani haqida hech qanday dalil yoʻqligi aytilgan.

2024 yil dekabr oyida Bluesky ijtimoiy tarmogʻida Rossiyaning "Matryoshka" dezinformatsiya kampaniyasi paydo boʻlgani aniqlandi. Uni birinchi boʻlib Bellingcat asoschisi Eliot Xiggins payqadi. Kampaniya tarkibida oltita soxta video boʻlib, ular bir xil tamoyil asosida ishlangan: avval ishonchli shaxs (mutaxassis, professor yoki nufuzli universitet talabasi) oʻzini tanishtiradi va ekologik mavzu haqida gapiradi. Keyin esa, ushbu shaxsning ishtirokisiz, uning ovozi Ukrainaga qarshi rivoyatlarni tarqatishda ishlatiladi, Gʻarbni Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashga chaqirish va Zelenskiyni obroʻsizlantirishga urinishlar qilingan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo