22:14 / 07.02.2025
96

Tramp qaytgach Federal tergov byurosi ishida «xaos» boshlandi

Tramp qaytgach Federal tergov byurosi ishida «xaos» boshlandi
Foto: AP
Federal tergov byurosi (FBI, FTB) ishi AQSh prezidenti yangi ma'muriyatining kadrlar almashinuvi va ishdan boʻshatishlar tashabbusidan keyin yuzaga kelgan «xaos» tufayli sekinlashdi, deb yozdi The Wall Street Journal (WSJ).

FTB va Adliya vazirligining yigirmadan ortiq xodimi allaqachon ishdan boʻshatilgan va Oq uy 2021 yilda Kapitoliy qamalini tergov qilishdagi roli tufayli ishdan boʻshatilishi mumkin boʻlgan minglab odamlar roʻyxatini tuzishga kirishgan.

27 yanvar kuni Donald Trampga qarshi tergov olib borgan kamida oʻn nafar federal prokurorga ishdan boʻshatilgani toʻgʻrisida bildirishnoma berilgan. Adliya vazirligi yangi rahbariyati AQSh prezidentining rejalarini amalga oshirishda «ularning xizmatiga tayana olmasligini» ma'lum qilgan.

31 yanvar kuni bosh prokuror oʻrinbosari Emil Bove (ilgari Trampning advokatlari guruhida ishlagan) FTB direktori vazifasini bajaruvchi Brayan Driskollga byuroning yuqori martabali rahbarlari iste'foga chiqishi yoki ishdan boʻshatilishi kerakligi haqida maktub yuborgan. U, shuningdek, byurodan Kapitoliyga bostirib kirish ishini tergov qilganlarning roʻyxatini taqdim etishni soʻragan.

Qayd etilishicha, FTB minglab agentlariga 2021 yil 6 yanvardagi tartibsizliklarni tergov qilishdagi roli haqida 12 ta savoldan iborat anketa topshirilgan. 4 fevral kuni Driskoll 5 mingdan ortiq odam haqidagi ma'lumotlarni taqdim etib, Adliya vazirligi talabini bajarganini e'lon qildi. WSJ yozganidek, u erda faqat ID raqamlari koʻrsatilgan, nomlar emas. Bove bundan norozi boʻldi va FTB barcha xodimlari roʻyxatini talab qildi, deb yozdi WSJ.

4 fevral kuni bir guruh FTB xodimlari oʻz ismlarini oshkor qilmaslik uchun Adliya vazirligi ustidan sudga murojaat qildi. Ular Tramp tarafdorlari xodimlar roʻyxatini e'lon qilib, agentlar va ularning oilasini xavf ostiga qoʻyishidan qoʻrqmoqda.

FTB agentlari assotsiatsiyasining WSJ nashriga xabar berishicha, ba'zi xodimlar ishdan boʻshatishlardan shunchalik xavotirga tushgan-ki, allaqachon ish stollarini yigʻishtirib qoʻygan. Assotsiatsiya oʻz a'zolariga xat yuborib, iste'foga chiqmaslik yoki bunday takliflarni qabul qilmaslikka chaqirgan.

Nashr manbalariga koʻra, «bu xaosda byuro ishi sekinlashgan» va FTB yuqori martabali rahbarlari uchun kundalik brifing vaqti «qisqartirilgan».

Yangi ma'muriyat FTB xodimlari oldiga ham yangi vazifalar qoʻymoqda, deb yozdi WSJ. Xususan, Bove 2001 yil 11 sentyabrdagi xurujlardan soʻng tuzilgan terrorizmga qarshi kurash boʻyicha tezkor guruhlarga immigratsiya jinoyatlarini tergov qilishga qoʻshilishni buyurgan. FTB xodimlari unga qayta taqsimlash agentlarni terrorizmda gumon qilinganlarni kuzatishdan chalgʻitishini aytganidan keyin u buyrugʻini yumshatgan.

Bolalarni ekspluatatsiya qilish jinoyatlarini tergov qiluvchi FTB agentlaridan biri oʻzini immigratsiya tekshiruvlarida yordam berish uchun tayinlanganini aytdi.

WSJ ma'lumotlariga koʻra, Trampning FTB direktorligiga nomzodi Kesh Patel byuroning kontrrazvedka va terrorizmga qarshi faoliyati hajmini qisqartiradi. Senatdagi tasdiqlanish jarayonida Patel Xitoy haqida «faqat yuzaki» gapirgan, Rossiya tahdidini umuman esga olmagan.

Patelning yordamchilaridan biri boʻlajak FTB direktori qimmatli qogʻozlar firibgarligi va monopoliyaga qarshi qonunbuzarliklar bilan shugʻullanuvchi agentlarni giyohvand moddalar savdosi va koʻcha jinoyatlarini tekshirishga oʻtkazadi, deb hisoblamoqda.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo