18:01 / 08.02.2025
230

Rossiya Kursk viloyatida yana KXDR askarlaridan foydalanmoqdami?

Rossiya Kursk viloyatida yana KXDR askarlaridan foydalanmoqdami?
Foto: AFP
Kiyev ma'lumotlariga koʻra, Shimoliy Koreya harbiylari bir necha hafta davom etgan tanaffusdan soʻng Kursk viloyatida yana faol jangovar harakatlarga qaytgan. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy vatandoshlariga an'anaviy kechki videomurojaatida, shuningdek, Reuters agentligiga bergan intervyusida aytib oʻtdi, deb yozmoqda Daryo nashri.

"Kursk operatsiyasi hududlarida yangi hujumlar boʻldi — Rossiya armiyasi yana Shimoliy Koreya askarlarini jalb qildi", dedi Ukraina rahbari.

Zelenskiyning soʻzlariga koʻra, Kursk yaqinidagi janglarda “koʻplab bosqinchilar”, xususan, rus va Shimoliy Koreya harbiylari yoʻq qilingan. Uning qoʻshimcha qilishicha, Kursk viloyatida 60 ming rossiyalik harbiylar toʻplangan.

Joriy yilning 30 yanvar kuni The New York Times gazetasi Shimoliy Koreya harbiylari ogʻir yoʻqotishlardan soʻng Kursk viloyatida front chizigʻidan olib ketilgani haqida yozgan edi. Ukraina va AQSh rasmiylaridan iborat nashr suhbatdoshlarining soʻzlariga koʻra, bu vaqtga kelib KXDR harbiy xizmatchilari ikki haftacha frontda koʻrinmagan. Keyinroq bu ma'lumotni Ukraina maxsus operatsiya kuchlari, shuningdek, Janubiy Koreya razvedkasi tasdiqladi.

Ukraina armiyasi Bosh shtabining hisob-kitoblariga koʻra, KXDRning Kursk viloyatidagi kontingentining umumiy yoʻqotishlari 4000 ga yaqin kishini tashkil etdi: Shimoliy Koreyaning uchta shartli brigadasidan biri amalda yoʻq qilingan, ikkitasi jangovar qobiliyatini yoʻqotgan.

Rossiya va KXDR hamkorligi

Rossiya va Shimoliy Koreya urush boshlanganidan keyin harbiy sohadagi hamkorlikni kuchaytira boshladi. 2024 yil iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreyaga tashrif buyurib, Kim Chen In bilan hujum sodir boʻlgan taqdirda bir-birini qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutuvchi, shuningdek, Gʻarb sanktsiyalariga qarshi hamkorlikni oʻz ichiga olgan keng qamrovli strategik shartnoma imzolagandi.

Ukraina armiyasi Kursk viloyatida shimoliy koreyalik ikki askarni asirga olgan. Prezident Vladimir Zelenskiy 12 yanvar kuni ular soʻroqqa tutilgani aks etgan videoni e'lon qildi. Soʻroq paytida KXDR askarlari qayerdaligini bilmasligi, ularga bu faqat oʻquv mashgʻuloti deb aytilganini ta'kidlagan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo