06:48 / 11.02.2025
285

Tramp: “AQSh rejasi boʻyicha falastinliklarning Gʻazoga qaytish huquqi boʻlmaydi”

Tramp: “AQSh rejasi boʻyicha falastinliklarning Gʻazoga qaytish huquqi boʻlmaydi”
Foto: AFP
Falastinliklar Isroil bilan mojaroni hal qilish va AQSh rejasi boʻyicha eksklavni tiklash doirasida Gʻazo sektoriga qaytish huquqiga ega boʻlmaydi. Bu haqda Amerika prezidenti Donald Tramp ma'lum qildi.

"Yoʻq, boʻlmaydi, chunki ularda ancha yaxshiroq uy-joy boʻladi", deb javob berdi Tramp falastinliklarning qaytish huquqi boʻladimi, degan savolga.

AQSh prezidenti falastinliklar uchun “doimiy yashash joyi qurilishi” haqida gapirayotganini tushuntirdi.

Tramp avvalroq Vashington Gʻazoni oʻz nazoratiga olishga tayyorligini aytgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, Falastin aholisini boshqa hududlarga koʻchirish, eksklavni vayron boʻlgan binolardan tozalash va yangi ish oʻrinlari va uy-joy bilan ta'minlaydigan iqtisodiy rivojlanish markaziga aylantirish kerak.

"Gʻazo sektoridagi falastinliklarning hayoti “doʻzax” edi va ularning bu hududga qaytishi maqsadga muvofiq emas", deb hisoblaydi Tramp.

Siyosatchi gʻazoliklar uchun qoʻshni davlatlar taqdim etishi mumkin boʻlgan muqobil joylashuv zonalarini yaratishni taklif qildi. Loyihani moliyalashtirishni, uning fikricha, mintaqaning boy davlatlari oʻz zimmasiga olishi kerak.

Xususan, Tramp Iordaniya va Misrga Gʻazo aholisini qabul qilishni taklif qildi va gap “bir yarim millionta odam” haqida ketayotganini ta'kidladi. Mazkur taklifni ikkala davlat ham rad etdi.

HAMAS vakillari ham bunday qarorga qarshi chiqdi

"Gʻazo sektoridagi Falastin xalqi shunchaki oʻz erida qolish uchun 15 oy davomida oʻlim va vayronagarchilikni boshdan kechirdi", dedi tashkilot siyosiy byurosi a'zosi Basem Naim The New York Times (NYT) gazetasiga bergan intervyusida.

Naimning qoʻshimcha qilishicha, “gʻazoliklar hatto ular yaxshi niyatda boʻlsa ham va AQSh prezidenti Tramp taklif qilganidek, tiklanish niqobi ostida amalga oshirilsa ham hech qanday taklif yoki qarorni qabul qilmaydi”.

Arab davlatlari rahbarlari Amerika prezidentining taklifiga javoban AQSh davlat kotibiga maktub yoʻlladi. Unda ular falastinliklarni chiqarib yuborishga yoʻl qoʻyib boʻlmasligini aytib, bunday qadamni nafaqat xalqaro huquqning buzilishi, balki mintaqaviy xavfsizlikka tahdid deb atadi.

Tramp, shuningdek, Gʻazo sektorini sotib olib, uning ustidan nazorat oʻrnatishi va keyin arab davlatlari yordamida qayta tiklashi mumkinligini aytdi.

Foto: Reuters
"Gʻazoni sotib olish va unga egalik qilishga qaror qildim. Qayta tiklash masalasiga kelsak, biz uni Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlarga topshirishimiz mumkin, ular alohida qismlarni qayta qurishlari uchun yoki boshqalar bizning homiyligimiz ostida buni amalga oshirishi mumkin", dedi AQSh prezidenti.

Uning tushuntirishicha, AQSh HAMASning hududga qaytishiga yoʻl qoʻymaslik uchun Gʻazo sektorini oʻz nazoratida saqlab turishga majbur.

"U erga qaytadigan joy yoʻq. Bu joy butunlay buzib tashlanishi kerak. Qolgan qismlari ham buzib tashlanadi. Hammasi yoʻq qilinadi", dedi siyosatchi.

Tramp, shuningdek, ba'zi falastinlik qochqinlarni AQShga kiritish imkoniyatiga ochiqligini, biroq bunday soʻrovlarni alohida koʻrib chiqishini aytdi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo