![Bokuda «Rus uyi» yopilishi Moskva bilan siyosiy sovuqlik nishonasimi?](/uploads/posts/2025-02/6e1edb331f_a8cd078f-d272-4685-d776-08dd3bb47256_w1200_r1.webp)
Ozarboyjon mamlakat poytaxti Bokuda joylashgan «Rus uyi» («Russkiy dom») yopilishini e'lon qildi. Bir necha kun avval bu tashkilot muassisi hisoblangan Rossotrudnichestvo bu haqda xabardor qilgandi. 10 fevral kuni Bokudagi «Russkiy dom» binosini buzish boshlandi. Ozarboyjon holatni rasman tashkilotning roʻyxatdan oʻtishdagi muammosi bilan bogʻlagan, lekin gap boshqa narsada ekani aniq...
Oqtovdagi aviahalokatdan keyin
25 dekabr kuni Qozogʻistonning Oqtov shahrida Ozarboyjon havo yoʻllariga tegishli Embraer 190 samolyoti qulab tushgani esingizda boʻlsa kerak. Bokudan Rossiyaning Grozniy shahriga qarab uchgan samolyot kutilmaganda butun boshli Kaspiy dengizini uchib oʻtib Qozogʻistonga qoʻnishga qaror qilgani ma'lum boʻlgandayoq jiddiy nimadir sodir boʻlganini taxmin qilish mumkin edi. Keyinroq uchoq Qozogʻiston osmonida keskin pastlab, gʻalati manyovrlarni amalga oshirgani va qulab tushib portlagani aks etgan mash'um videolar tarqaldi. Halokatdan koʻp oʻtmay samolyot fyuzelajida oʻq izlari aks etgan videolar paydo boʻldi va oʻsha ondayoq hammasi aniq edi – samolyot erdan turib oʻqqa tutilgan.
Bir necha soat oʻtib Embraer 190 Grozniy osmonida Rossiya harbiylari tomonidan oʻqqa tutilgani ma'lum boʻldi. Biroq Rossiya tomoni hamon buni tan olgani yoʻq. Rossiya halokat haqida faqat bir marta rasmiy ma'lumot berdi va unda aytilishicha, samolyot halokatiga qushlar galasi bilan toʻqnashuv, shuningdek, kislorod balloni portlashi sabab boʻlgan.
Halokatdan bir necha kun oʻtib Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev mahalliy telekanallarga intervyu berib, samolyot ruslar tomonidan urib tushirilgani, biroq Moskva buni tan olish oʻrniga qushlar va kislorod balloni haqida uydirmalarni ilgari surayotganini jahl bilan gapirdi. Oʻsha intervyu kuni Vladimir Putin Ilhom Aliyev bilan telefon suhbati chogʻida boʻlib oʻtgan voqea uchun uzr soʻradi. Biroq Putin Rossiya samolyotni urib tushirgani uchun emas, Kreml xabariga koʻra, shunchaki «hodisa Rossiya osmonida sodir boʻlgani uchun» kechirim soʻragan.
Aliyev keyinchalik ham Rossiya aybini tan olishi kerakligi haqida bir necha marta gapirdi. Xususan, halokatda qurbon boʻlgan ozarboyjonliklar oila a'zolari bilan uchrashuv vaqtida samolyot ruslar tomonidan urib tushirilgani kunday ravshan ekanini ta'kidladi. Xullas, oʻsha halokatdan keyin Moskva va Boku oʻrtasidagi munosabatlar keskin yomonlashdi.
«Pishib kelgan» sovuqlik
Shu oʻrinda Rossiya – Ozarboyjon munosabatlari haqida ikki ogʻiz. Birinchi Qorabogʻ urushida Armaniston Rossiya yordami bilan Qorabogʻni Ozarboyjondan tortib olganini bilsangiz kerak. Shu jihatdan olinsa, Ozarboyjon Rossiyaga nisbatan qanday munosabatda ekanini tushunish mumkin. Lekin Rossiya qanchalik kuchli davlat ekani inobatga olinsa, Boku tabiiyki, Moskva bilan sen-menga bora olmasdi.
Ozarlar 30 yil tarixiy erlarini qaytib olish uchun tayyorlandi. Va tabiiyki dushmanlari kimning quroli bilan Qorabogʻni bosib olganini unutmadi. Rossiya Ukrainaga qarshi urush bilan boʻlib qolib, Erevan bilan munosabatlari sovuqlashgan vaqtda Ozarboyjon payt poylab bitta hamlada Qorabogʻni qaytib oldi.
30 yil davomida Boku Rossiyaga qarshi biror harakat qilmadi, urush boshlanganidan keyin sanktsiyalarga ham qoʻshilmadi, Aliyev Moskvadagi tadbirlarda doimiy qatnashib keldi. Biroq Embraer 190 aviahalokati shuncha yil qaysidir ma'noda «pishib kelgan» sovuqlik yuzaga chiqishiga sabab boʻldi.
Toʻgʻri, Ozarboyjon «Russkiy dom» yopilishini siyosiy munosabatlar bilan bogʻlagani yoʻq. Lekin mahalliy nashrlarda bu uy yopilishi rasmiy xabarda aytilganidek shunchaki registratsiya bilan bogʻliq emasligi haqida gaplar chiqdi. «Ozarboyjonning oʻzi donor davlat va tashqaridan yordamga muhtoj emas. Ayniqsa bu yordam razvedka bilan shugʻullanishi kunday ravshan boʻlgan tashkilotlar orqali kelsa», degan Report nashri bilan suhbatda mahalliy mulozimlardan biri. U «Russkiy dom» va AQShning USAID tashkilotlari ofisi yopilganiga shu tariqa munosabat bildirgan.
Valuyevga taqiq
Rossiyalik Nikolay Valuyev degan bokschini eslasangiz kerak. Bizning Ruslan Chagayevdan «bir arava kaltak eb» chempionlik jangida magʻlub boʻlgan barzangi. Ana shu bokschi hozir siyosatga kirgan. U hukmron «Edinaya Rossiya» deputati. Ozarboyjon ana shu rossiyalik deputatga mamlakatga kirishni taqiqladi. Valuyev «Russkiy dom» yopilishiga munosabat bildirar ekan, «Rossiyadagi ozarboyjonliklarni tekshirib qoʻyish kerak», degandi. Ozarboyjon tashqi ishlar vazirligi bu gapidan keyin Valuyevni persona non grata deb e'lon qildi.
![](/uploads/posts/2025-02/49900391c1_e-qif1ynt879d0tn2usb9zsv1dqxfpiw.webp)
Valuyev Bokuning bunday roʻyxatiga kirgan birinchi rossiyalik deputat emas. Ungacha Konstantin Zatulin va Vitaliy Milonov ham Ozarboyjonda hushlanmaydigan kas deb e'lon qilingan.
Ozarboyjon TIV matbuot kotibi Oyxon Hojizoda bu deputatlarning uchalasi ham hukmron partiya vakillari ekani afsuslanarli degan. Ya'ni diplomat Ozarboyjonni haqorat qilgan deputatlarning barchasi Putinning partiyasidan demoqchi. Diplomatiya tili shunaqa, hamma narsani ochiq aytish yaramaydi.
Xullas, mana shunaqa gaplar. Sobiq ittifoq hududidagi yana bir davlatning Rossiya bilan munosabatlari sovuqlashdi. Biz voqealar rivojini kuzatib boramiz va muhim gap boʻlsa, albatta, sizga xabar beramiz. Eng muhim voqealarni oʻtkazib yubormaslik uchun Kun.uz'ni kuzatib boring. Ijtimoiy tarmoqlardagi va YouTube sahifamizga obuna boʻling.
Oʻtkir Jalolxonov tayyorladi.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar