![Daniya razvedkasi: Rossiya 5 yil ichida Evropada katta urush boshlashi mumkin](/uploads/posts/2025-02/eaecaccdf6_271767172_06530721601_1240x0_80_0_0_2b044a39ce1b0aded80c113c43c50cdf.webp)
Daniya harbiy razvedka xizmati (DDIS) yaqin 5 yil ichida Evropada “keng koʻlamli urush” xavfi haqida ogohlantiruvchi hisobot tayyorladi. Bu haqda Politico'ga tayangan holda Daryo xabar berdi.
Razvedka prognoziga koʻra, Rossiya NATOni ham harbiy, ham siyosiy jihatdan zaif deb hisoblab, alyansning bir yoki bir nechta davlatiga qarshi kuch ishlatishi mumkin. Bunda AQShning roliga alohida e'tibor qaratilgan.
“Agar Rossiya AQSh hujum sodir boʻlgan taqdirda Evropa ittifoqchilarini qoʻllab-quvvatlay olmaydi yoki xohlamaydi degan xulosaga kelsa, harbiy mojaro ehtimoli ortadi”, deyiladi hisobotda.
Shuningdek, Moskva NATO bilan ehtimoliy qarama-qarshilikka tayyorgarlik koʻrish uchun faol ravishda harbiy salohiyatini oshirayotgani ta'kidlangan. Hujjatda mojaro toʻxtatilsa yoki muzlatilsa, voqealar rivojining uchta ehtimoliy stsenariysi koʻrib chiqiladi. Barcha variantlar Rossiya bir vaqtning oʻzida bir nechta davlatlarga qarshi urush olib borishga qodir emasligini koʻrsatadi.
Rossiya tomonidan haqiqiy harbiy tahdid Ukrainadagi urushning rivojlanishiga ham bogʻliq, deb hisoblaydi Daniya razvedkasi.
Hujum boʻyicha uchta stsenariy
Hisobot mualliflari hujum stsenariysini quyidagicha baholanmoqda:
- Ukrainadagi urush tugagandan soʻng, Rossiya nomi oshkor etilmagan “qoʻshni davlat” bilan mahalliy qurolli toʻqnashuvni boshlashi mumkin;
- Taxminan 2 yildan soʻng NATOning bir yoki bir nechta davlatlari uchun haqiqiy tahdid tugʻdiradi va shu tariqa Boltiqboʻyi mamlakatlarining bir nechtasiga qarshi urushga tayyor boʻladi;
- Rossiya 5 yildan keyin esa AQShning ishtirokisiz Evropa qit'asida keng koʻlamli urush olib borishga qodir boʻlishi mumkin”.
Hisobotda NATO mamlakatlarining mudofaa salohiyati kuchayishi mumkinligi inobatga olinmagan.
AQSh NATOning harbiy xarajatlarini oshirishga chaqirmoqda
Donald Tramp NATO davlatlarining harbiy xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning (YaIM) 5 foizigacha oshirishni talab qilmoqda. Hozirda erishilgan kelishuvlarga koʻra, blokga a'zo davlatlar mudofaa uchun YaIMning kamida 2 foizini ajratishi kerak, ammo 2024 yil oxirida bu talabni alyansning 32 davlatidan atigi 23 tasi bajargan.
Tramp oʻzining birinchi prezidentlik muddati davomida agar Evropa davlatlari mudofaa xarajatlarini oshirmasa, AQShning NATOdan chiqishi bilan bir necha bor tahdid qilgan. 2024 yilgi saylovlardagi gʻalabadan soʻng u Vashingtonning alyansdan chiqish imkoniyatini yana bir bor tan oldi. Biroq agar yevropalik hamkorlar “hisoblarni toʻlashni” boshlasa, buning oldini olish mumkinligini ta'kidladi.
Yanvar oyida Reuters agentligi manbalarga tayanib, NATO davlatlari mudofaa xarajatlarini oshirish zarurligiga rozi ekani, biroq YaIMning 5 foizi miqdoridagi koʻrsatkichni ortiqcha deb hisoblashini ma'lum qilgandi.
Muqobil variant sifatida xarajatlarning minimal darajasini YaIMning 3 foizigacha oshirish varianti koʻrilgan.
“Biroq hatto bunday qadam ham alyansning koʻplab a'zolari uchun jiddiy sinov boʻladi, ular hozirgi 2 foizlik chegara darajasiga etishga qiynalmoqda”, deyiladi xabarda.
Bu boradagi yakuniy qaror NATOning iyun oyida Gaagada boʻlib oʻtadigan sammitida qabul qilinishi kerak. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar