06:00 / 14.02.2025
300

Kamoliddin Rabbimov: “Kollektiv Gʻarb bugun mavjud emas”

Kamoliddin Rabbimov: “Kollektiv Gʻarb bugun mavjud emas”
AQShning yangi prezidenti, avvalgisidan farqli ravishda, Putinni yakkalab qoʻyish yoʻlidan yurmoqchi emas. U RF rahbari bilan faol muloqot boshladi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, bu – Trampning avtoritar shaxslarni hurmat qilishi bilan bogʻliq. “U diktatorlarni kuchli shaxslar deb hisoblaydi, buni hech qachon yashirmagan”, deydi tahlilchi.

AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin oʻrtasidagi telefon muloqoti soʻnggi kunlarda global maydondagi eng asosiy voqelik boʻlib turibdi. Kun.uz ayni mavzuda siyosiy tahlilchilar ishtirokida jonli efir tashkil etdi.

Unda siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Oq uyning yangi rahbari Rossiya prezidenti bilan muloqotni tiklashiga sabab boʻlgan omillar haqida fikr bildirdi.

“Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin AQSh siyosiy elitasi oxirgi uch yilda Putin va uning ma'muriyati bilan muloqotni mutlaqo toʻxtatib qoʻygan edi. Bu bilan ular Rossiyani izolyatsiya qildi va xalqaro hamjamiyatdan quvib soldi. Bu davrda Putin bilan Evropaning faqatgina ba'zi vositachi rahbarlari, jumladan, avvaliga Makron, keyin Shols muloqot qilib turdi. Endi Tramp hokimiyatga kelib, Putin bilan muloqotni toʻgʻridan toʻgʻri amalga oshirmoqda. Bu Amerikaning jiddiy siyosiy kardinal oʻzgarishini anglatadi. Trampning usuli shundan iborat: u dunyodagi eng “izgoy” siyosatchilar bilan bemalol gaplashaveradi. Masalan, Shimoliy Koreya prezidenti bilan ham.

Aslida Tramp avtoritar shaxslarni hurmat qiladi, ya'ni demokratik liderlardan koʻra avtoritar shaxslar bilan oʻzini erkinroq va qulayroq his qiladi. Diktatorlarni kuchli shaxslar deb hisoblaydi. U buni hech qachon yashirmagan.

Bir yarim soatlik suhbatning asosiy qismi, ishonchim komilki, Ukrainaga bagʻishlangan. NATOning Evropa Ittifoqidagi liderlari bilan uchrashuvda Pentagonning yangi rahbari Pit Hegset Ukrainaning Qrim annektsiyasigacha boʻlgan chegaralarga qaytishi va NATO a'zosiga aylanishi noreal ekanini aytdi. Ukraina 1991 yilgi chegaralarga qaytmoqchi edi, biroq AQSh oʻzining bunga qarshi pozitsiyasini e'lon qildi. AQSh Ukrainaning NATOga a'zo boʻlishga veto qoʻyishini ham ma'lum qildi.

Pit Hegset Evropa davlatlariga aytdi: urushga tayyorlaninglar, NATOga koʻproq ajratmasalaring, ertaga undan-da koʻproq pul toʻlaysizlar. Shu tariqa, bugun kollektiv Gʻarb mavjud emas. Tramp kelishi bilan Gʻarb davlatlari boʻlindi. Trampning pozitsiyasini Evropa qabul qilmaydi, u Kanada bilan ham muammolar boshladi, qolgan davlatlar bilan ham oʻrtada jiddiy muammolar chiqishi mumkin. Hozircha Yaponiya, Janubiy Koreya bilan munosabatlar iliq koʻrinib turibdi, lekin Evropa… Tramp Evropaga savdo-iqtisodiy urush qilishga tayyorlanyapti. Bugungi kunda Amerika va Evropa oʻrtasida yaxlitlik, birlik mavjud emas.

Donald Tramp Ukraina strategiyasini toʻliq qayta koʻrib chiqmoqchi. Va bu Rossiya uchun bonus boʻlish ehtimoli yuqori. Albatta, Xitoy uchun ham”, – deydi Rabbimov.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo