![Ukrainadagi urushda bedarak yoʻqolganlar soni 50 ming kishidan oshdi](/uploads/posts/2025-02/b0b4ca0748_chiqhwbzpvu0on4x8prorefoef4xulsy.webp)
Foto: Reuters
Oxirgi bir yil ichida Ukrainadagi harbiy harakatlar natijasida bedarak yoʻqolganlar soni ikki baravardan koʻproq oshib, 50 ming kishiga etdi. Bu haqda Xalqaro Qizil xoch qoʻmitasi (XQXQ) ma'lumotlariga tayanib, Reuters xabar berdi.
«XQXQ oʻtgan yili 23 ming bedarak yoʻqolgan odamni hujjatlashtirgan edi. Oradan bir yil oʻtib, bu raqam ikki baravardan koʻproq oshdi: qoʻmita 50 mingga yaqin bedarak yoʻqolish holatini qayd etdi», — deydi agentlikning bedarak yoʻqolganlarni qidirish boʻyicha Markaziy byurosi rahbari Dushan Vujasanin.
Uning soʻzlariga koʻra, Ukrainada bedarak yoʻqolganlarning qariyb 90 foizi harbiy xizmatchilardir. XQXQ yoʻqolganlarning millati boʻyicha statistikani keltirmagan. Tashkilot «eksponentsial oʻsish»ni qayd etgan — oʻrtacha har oy 1 000 dan 5 000 nafargacha odam bedarak yoʻqolmoqda. Bu holat Rossiya-Ukraina urushining har oy kuchayib borayotgani va hisobot mexanizmlari takomillashayotgani bilan bogʻliq (masalan, bedarak yoʻqolganlarning oilalari uchun onlayn hujjatlashtirish tizimi ishlamoqda).
XQXQ Ukrainadagi urush natijasida bedarak yoʻqolganlarni qidirishni 2022 yil mart oyidan boshlab, Markaziy qidiruv byurosi orqali muvofiqlashtirib kelmoqda. Tashkilotga ham Ukraina, ham Rossiya bedarak yoʻqolganlar haqidagi ma'lumotlarni etkazadi.
Oʻtgan haftada Ukrainadagi harbiy asirlar bilan ishlash boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi shtab yanvar oyida Rossiya armiyasining bedarak yoʻqolgan harbiy xizmatchilari boʻyicha RF fuqarolaridan rekord darajada soʻrov kelib tushganini e'lon qilgandi. Shtab ma'lumotlariga koʻra, 2025 yil yanvar oyida «Topishni xohlayman» loyihasi doirasida Rossiya harbiylarining qarindoshlari tomonidan 8 548 ta soʻrov berilgan — bu 2024 yil dekabriga nisbatan 22 foizga koʻp boʻlib, butun loyiha davomida eng yuqori koʻrsatkichdir. Loyiha davomida Rossiya Qurolli kuchlarining 60 mingdan ortiq bedarak yoʻqolgan askarlari haqida soʻrovlar kelib tushgan. Bu koʻrsatkich halok boʻlganlarni hisobga olmaydi va real yoʻqolganlar sonidan 2-3 baravar kam, chunki u faqat rasmiy soʻrovlarga asoslangan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy britaniyalik jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusida urush boshlanganidan beri 45,1 ming nafar ukrain harbiysi halok boʻlgani, yaradorlar soni esa 390 mingga etganini ma'lum qilgandi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar