14:14 / 14.02.2025
387

Putin va Tramp 9 maygacha Ukraina boʻyicha kelishuvga erishishi mumkin

Putin va Tramp 9 maygacha Ukraina boʻyicha kelishuvga erishishi mumkin
Foto: “Sputnik”
AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya rahbari Vladimir Putin 20 aprelga toʻgʻri keladigan Pasxa bayrami yoki 9 mayga qadar Ukrainadagi urushni toʻxtatish boʻyicha kelishuvga erishishi mumkin. Bu haqda Ukraina va Gʻarbning yuqori martabali amaldorlariga tayanib, Financial Times xabar berdi.

“Putin shunday muhim kunlardan birida kelishuvga erishishni xohlaydi”, deydi ukrainalik amaldor.

Putinga yaqin manbalarga koʻra, prezidentning asosiy maqsadi Rossiyaga Evropadagi ta'sir doirasiga oʻxshash mavqeni ta'minlaydigan yangi xavfsizlik tizimini yaratishdir. Bu xuddi Ikkinchi jahon urushi oxirida Yalta konferentsiyasi Sovet ittifoqiga bergan imkoniyatlarga oʻxshash boʻlishi kutilmoqda.

"Hozirgi vaziyat Putin uchun uch yillik urushning boshqa har qanday davridagidan ham qulay koʻrinmoqda", deb ta'kidlaydi Berlindagi Karnegi Evroosiyo markazi direktori Aleksandr Gabuyev.

U AQSh Ukrainani harbiy va diplomatik jihatdan qoʻllab-quvvatlashni, razvedka ma'lumotlari almashishni toʻxtatsa, Kiyev juda ogʻir ahvolga tushishi ta'kidladi.

"Bu Evropa davlatlari yanada koʻproq aralashsa ham, inqirozdan chiqishni kafolatlamaydi", dedi u.

Ta'kidlanishicha, Trampning 12 fevral kuni rossiyalik hamkasbiga telefon qoʻngʻirogʻi Moskvada sezilarli kayfiyat uygʻotgan.

"Birgina qoʻngʻiroq tarix yoʻnalishini oʻzgartirishi mumkin — bugun AQSh va Rossiya rahbarlari, ehtimol, qarama-qarshilik emas, balki hamkorlikka asoslangan kelajak eshigini ochdi", deydi mahbuslarni almashish boʻyicha AQSh bilan maxfiy muzokaralar olib borgan Rossiya suveren boylik jamgʻarmasi rahbari Kirill Dmitriyev.

Bu qoʻngʻiroq Jo Bayden davridagi AQSh siyosatidan keskin burilish boʻldi. Bayden Rossiyani izolyatsiya qilish uchun boshqa Gʻarb mamlakatlari bilan hamkorlik qilayotgan bir paytda, Ukrainani “kerak boʻlguncha” qoʻllab-quvvatlashga va'da bergandi. Endi esa Tramp Ukraina shartlari asosidagi gʻalaba “realistik emas” deb baholamoqda.

"Nihoyat, amerikaliklar urush boshlanganidan beri ukrainaliklarga singdirib kelgan behuda xomxayollarsiz jiddiy munosabatda boʻlmoqda. Bu sogʻlom fikr va urushni toʻxtatish imkoniyatidir", dedi Rossiyaning sobiq yuqori lavozimli amaldori.

"Putin uch kun oʻtganidan soʻng, Rossiyaning gʻalaba rejalari amalga oshmayotganini anglab etganida, oʻzining barcha xayollaridan voz kechgandi. Lekin yevropaliklar va amerikaliklar shundan beri xomxayollar ta'sirida boʻlib keldi va endi anglay boshlashdi”, deydi sobiq amaldor.

AQSh prezidenti Putin va Zelenskiy bilan telefonda suhbatlashdi

Tramp 12 fevral kuni dastlab rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinga qoʻngʻiroq qilgan. Tomonlar Ukrainadagi urush, Yaqin Sharq, energetika, sun'iy intellekt va dollar ta'siri haqida gaplashgan. Rossiya prezidenti Trampni Moskvaga taklif qilgan va Ukraina masalasini hal qilish uchun Amerika rasmiylarini qabul qilishga tayyorligini aytgan. Tramp esa ular oʻrtasidagi uchrashuv Saudiya Arabistonida boʻlishini aytmoqda.

Ukraina rahbari esa amerikalik hamkasbi bilan suhbat tafsilotlarini quyidagicha izohlagan:

"Tinchlikka erishish imkoniyatlari haqida uzoq gaplashdik. Hech kim Ukrainadan koʻra koʻproq tinchlikni xohlamaydi. AQSh bilan birgalikda Rossiya agressiyasini toʻxtatish va barqaror tinchlikni ta'minlash ustida keyingi qadamlarimiz xaritasini belgilamoqdamiz, boʻlajak uchrashuvlarni rejalashtirdik", dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidentiga koʻra, suhbatda Tramp Putin bilan nimalarni muhokama qilganini ham aytgan. Biroq bunga aniqlik kiritmagan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo