date
views 577

Ukraina boʻyicha muzokaralarda yangi shaxslar

Ukraina boʻyicha muzokaralarda yangi shaxslar
Sergey Karpuxin / TASS / Profimedia; David Paul Morris / Bloomberg / Getty
Stiv Uitkoff Donald Tramp bilan doʻstlashganiga 40 yildan oshdi — ular ikkisi ham koʻchmas mulkka investitsiya kiritish bilan shugʻullanib kelgan. Uitkoff hatto 2024 yil dekabrda tugʻilgan nabirasiga Tramp sharafiga Don ismini qoʻygan.

Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganida Uitkoff kutilmaganda jahondagi eng muhim diplomatlardan biriga aylandi. U Trampning Yaqin Sharqdagi maxsus vakili sifatida 2025 yil yanvarida Isroil va Hamas oʻrtasida Gʻazo sektorida oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuv imzolanishida muhim rolni bajardi. Buning ortidan Tramp unga Ukrainada qariyb uch yildan buyon davom etayotgan urushni yakunlash uchun Rossiya bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyishni topshirdi.

11 fevral kuni Uitkoff giyohvand moddalar kontrabandasi uchun Rossiya qamoqxonasida oʻtirgan amerikalik maktab oʻqituvchisi Mark Fogelni olib ketish uchun xususiy biznes-jetda Moskvaga uchib keldi. Buning evaziga AQSh BTC-e kriptovalyuta birjasining hammuassisi Aleksandr Vinnikni ozod qildi — u pul yuvish boʻyicha jinoyatini tan olgan.

Donald Tramp va Mark Fogel, 2025 yil 11 fevral
Kevin Lamarque / Reuters / Scanpix / LETA

Oʻzining qisqa tashrifi davomida Uitkoff Rossiya rasmiylari vakillaridan biri bilan suhbatlashishga muvaffaq boʻlgan. Qaytganidan keyin jurnalistlarning savollariga u shunday dedi: Rossiyadan kelgan bir jentlmen bor, uning ismi Kirill, u bunga bevosita aloqador. U ikki tomon oʻrtasida koʻprik qurgan juda muhim vositachi edi».

Taxminlarga koʻra, gap Rossiya toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi (RFPI) bosh direktori Kirill Dmitriyev haqida ketmoqda. U Stenford va Harvard bitiruvchisi, yoshligida McKinsey va Goldman Sachs’da ishlagan, 2007 yildan 2011 yilgacha Ukrainaning taxminan milliard dollarlik kapitalga ega Icon Private Equity investitsiya fondini boshqargan — bu asosan Ukrainaning sobiq prezidenti Leonid Kuchmaning kuyovi Viktor Pinchukning puli edi. Pinchuk Kirill Dmitriyevni VEB davlat korporatsiyasi rahbari Vladimir Dmitriyevga tavsiya qilgan (ular qarindosh emas). 2011 yilda ikki Dmitriyev oʻsha paytdagi prezident Dmitriy Medvedev va bosh vazir Vladimir Putinni suveren investitsiya fondini yaratishga koʻndirishadi va unga Kirill Dmitriyev rahbarlik qiladi.

RFPI investitsiya kiritgan eng mashhur loyiha kovidga qarshi «Sputnik V» vaktsinasi boʻldi.

Dmitriyev Putin oilasiga yaqin. Uning rafiqasi Natalya Popova — prezidentning kenja qizi Katerina Tixonovaning kursdoshi va dugonasi — 2012 yildan beri «Innopraktika» fondida uning oʻrinbosari. Dmitriyning oʻzi esa bir necha yil Tixonovaning oʻsha vaqtdagi turmush oʻrtogʻi Kirill Shamalov bilan birga «Sibur» direktorlar kengashida boʻlgan.

Dmitriyev Yaqin Sharqda katta aloqalarga ega. RFPIning eng yirik hamkorlari qatoriga Qatar, Saudiya Arabistoni va BAA suveren fondlari kiradi. Ushbu jamgʻarmalarning boshqaruv va direktorlar kengashlarida davlat va hukumat rahbarlari hamda ularning qarindoshlari oʻtiradi — ularning barchasi Dmitriyevning doimiy suhbatdoshlari hisoblanadi.

2017 yilda, Donald Trampning birinchi inauguratsiyasidan biroz oldinroq, Dmitriyev Seyshel orollarida BAAning ba'zi amaldorlari va bir guruh amerikalik tadbirkorlar, jumladan, Blackwater xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Erik Prins va koʻp oʻtmay Tramp ta'lim vaziri etib tayinlagan Betsi Devosning ukasi bilan uchrashgan. Keyinchalik, Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashuvini tergov qilgan maxsus prokuror Robert Myuller bu Rossiya rasmiylari va Tramp ma'muriyati oʻrtasida norasmiy aloqalarni oʻrnatishga qaratilgan uchrashuvlardan biri boʻlganini taxmin qildi.

Trampning birinchi inauguratsiyasidan keyin Dmitriyev Davos iqtisodiy forumida Amerika prezidenti maslahatchisi Entoni Skaramuchchi bilan uchrashadi.

Yaqin Sharq davlatlari keng koʻlamli Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan beri muntazam ravishda populyar va populyar boʻlmagan tinchlik tashabbuslari bilan chiqmoqda. Saudiya Arabistoni Ukraina tomonida jang qilgan va Rossiya asirligiga tushgan xorijliklarni ozod qilishda vositachilik qildi. 2023 yilda u erda Rossiya va Ukraina oʻrtasida tinchlik oʻrnatish boʻyicha xalqaro konferentsiya boʻlib oʻtdi, biroq Rossiya unda ishtirok etmadi. 2023 yil dekabr oyida Putin BAA va Saudiya Arabistoniga safar qildi.

Qatar 2024 yilda Rossiya va Ukraina oʻrtasida xususiy masala boʻyicha vositachilik qilishga uringan: Ukraina energetika infratuzilmasining daxlsizligi evaziga Rossiya neft infratuzilmasining daxlsizligi. Kelishuv muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

2024 yil avgust oyida Kirill Dmitriyev Mark Fogelni Aleksandr Vinnikka almashish boʻyicha muzokaralarda ishtirok etdi. Shuningdek, unda valiahd shahzoda, bosh vazir va Saudiya Arabistonining amaldagi hukmdori Muhammad bin Salmon ham qatnashgan.

Stiv Uitkoffning ham Yaqin Sharqdagi ulkan aloqalari bor — va u ham birinchi navbatda suveren investitsiya fondlari bilan bogʻliq. Masalan, 2013 yildan 2023 yilgacha u Birlashgan Arab Amirliklari fondi bilan birga Manhettendagi Park Lane mehmonxonasiga egalik qilgan va keyin uni Qatar fondiga sotgan. 2018 yilda, Trampning birinchi prezidentik muddatida Qatar tomonidan yollangan lobbistlar Qatar rasmiylarining «Trampga ta'sir oʻtkaza oladigan» 250 kishi, jumladan, Uitkoff (oʻsha paytda hali diplomat emas, shunchaki yirik tadbirkor edi) bilan uchrashuvlarini tashkillashtirgan. 2024 yilda Uitkoff Qatar iqtisodiy forumida ishtirok etgan.

2025 yil 12 fevralda Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy bilan telefon suhbatlaridan soʻng Tramp jurnalistlarga Rossiya prezidenti bilan Saudiya Arabistonida uchrashish niyatida ekanini aytdi.

Dmitriyevning tanishi ta'kidlaydi: uni muzokarachi deb atash notoʻgʻri, uning vazifasi faqat aloqa oʻrnatishga yordam berish. Trampning birinchi prezidentlik muddatidan boshlab Jared Kushner (Amerika prezidentining kuyovi va Yaqin Sharq boʻyicha sobiq maslahatchisi) bilan aloqasi saqlanib qolgan. Dmitriyevning tanishiga koʻra, aynan Kushner orqali Uitkoff Dmitriyev bilan aloqa oʻrnatgan, keyin esa u orqali Fogelning Vinnikka almashtirilishini ham, Trampning Putin bilan telefon suhbatini ham tashkillashtirgan «boshqa odamlar» bilan aloqa oʻrnatgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina boʻyicha muzokaralarda yangi shaxslar