![Rossiya Suriyaning yangi hokimiyatiga pul ortilgan samolyot yubordi](/uploads/posts/2025-02/17c146252c_ofa-10.webp)
Foto: Getty Images
Damashq aeroportiga Rossiyadan mamlakatning sobiq prezidenti Bashar Asad davrida muomalaga chiqarilgan yuz milliardlab Suriya funtlari partiyasi etib keldi, deb yozadi Daryo Reuters manbasiga tayanib.
Aniqlanishicha, ushbu mablagʻlar oʻn millionlab AQSh dollariga teng. Agentlik suhbatdoshining soʻzlariga koʻra, 2024 yil dekabr oyi boshida isyonchilar Asadni agʻdarganida Rossiya bu pullarni Suriyaga oʻtkazishga ulgurmagan.
Qayd etilishicha, Suriyaning yangi hukumati Asad Moskvaga qochib ketganidan keyin Rossiyadan valyuta chiqarishni toʻxtatishni talab qilgan. Reuters manbasi Rossiyani bosma naqd pullarni Suriyaga etkazib berishga nima undaganiga aniqlik kiritmagan.
Hukumat oʻzgarganidan soʻng mamlakat likvidlik taqchilligiga duch keldi va yanvar oyida Suriya Markaziy bankining yangi rahbari Maysa Sabrin keskin koʻtarilgan inflyatsiyani toʻxtatish uchun Suriya funtlarini chop etishni toʻxtatmoqchi ekanligini aytdi.
Reuters xabariga koʻra, yangi rahbariyatning hokimiyatga kelishi bilan Suriya funti qora bozorda mustahkamlandi, bunga xorijdan suriyaliklarning kelishi va xorijiy valyuta savdosi ustidan qat'iy nazoratning bekor qilinishi yordam berdi. Birja ma'lumotlariga koʻra, 13 fevral kuni milliy valyuta 1 dollar uchun 9850 funtga sotilgan. Markaziy bank ma'lumotlariga koʻra, birjalar yopilgan 14 fevral kuni rasmiy kurs 1 dollar uchun 13 ming funt atrofida boʻlgan.
Agentlik suhbatdoshining ma'lum qilishicha, Suriya regulyatori atigi 200 mln dollar naqd valyuta zaxirasiga ega va bu 2010 yildagi koʻrsatkichdan juda katta pasayishdir, oʻshanda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Suriyaning 18,5 mlrd dollar zaxirasiga ega boʻlganini taxmin qilgan.
12 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Suriyaning amaldagi rahbari Ahmad ash-Shar'a bilan ilk bor telefon orqali muloqot qilgan edi. Suhbat chogʻida Rossiya rahbari suriyalik hamkasbiga ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga, jumladan, “Suriya aholisiga insonparvarlik yordami koʻrsatish”ga va'da berdi.
Putinga koʻra, Rossiya Suriyaning birligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini “printsipial jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi”, shuningdek, yangi hukumatga mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirishda yordam berishga tayyor. Shuningdek, Suriya rahbari ma'muriyatida Putin Suriyaning yangi tashqi ishlar vazirini Moskvaga tashrif buyurishga taklif qilgani va Moskva Asad davrida imzolangan ikki tomonlama kelishuvlarni qayta koʻrib chiqishga tayyorligini ma'lum qilgan.
Suriya Rossiyada pul chop etishni boshlashidan oldin Avstriya Markaziy bankining shoʻba korxonasi Oesterreichische Banknoten-und Sicherheitsdruck GmbH bilan bu borada kelishuvga erishgan edi, deb yozadi Reuters. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar