00:48 / 15.02.2025
619

Sobiq prezident Poroshenko davlatga xiyonatda gumonlanmoqda

Sobiq prezident Poroshenko davlatga xiyonatda gumonlanmoqda
Petro Poroshenko degan odamni eslasangiz kerak. 2014 yil ukrainlar Viktor Yanukovichni agʻdargach, prezidentlik saylovi oʻtkazilgan va unda aynan mana shu tadbirkor gʻolib boʻlgandi.

Poroshenkoning saylovdagi gʻalabasi yorqin boʻladi, lekin uning prezidentligi haqida bunday deyolmaymiz. Axir tadbirkorlikdan chiqqan, siyosatda suyagi qotmagan Poroshenko Qrimday katta hududini boy bergan, Donbassda urush holatiga tushib qolgan chalajon Ukrainani boshqarishi kerak edi.

Poroshenko prezidentligi ukrainlar uchun ogʻir kechadi, uning faoliyatiga savollar juda koʻp boʻldi. Masalan, dunyodagi eng katta davlatga qarshi urushayotgan Ukraina negadir armiyani deyarli rivojlantirmaydi, yoppasiga qurol-yarogʻ sotib olmaydi. Etmaganiga Poroshenkoning Rossiyadagi zavodlari Donbassda urush davom etayotgan vaqtda ham ishlayveradi. Darvoqe, bilmaganlar uchun: Poroshenko dunyoga mashhur Roshen konfet zavodi asoschisi hisoblanadi. E'tibor bersangiz, Roshen soʻzi ham Poroshenko soʻzidan ajratib olingan.

Xullas, Poroshenkoning prezidentligiga savollar juda koʻp boʻlgani uchun 2019 yil oʻtkazilgan saylovlarda aktyor Zelenskiy konfetchi Poroshenkoni osonlik bilan magʻlub etadi. Oʻsha saylovlarda amaldagi prezident Poroshenkodan tashqari mashhur siyosatchilar Yuliya Timoshenko va Yuriy Boyko ham qatnashganiga qaramay, siyosiy debyutant Zelenskiy ikkinchi turda 74 foiz ovoz olib gʻolib boʻladi.

Zelenskiy gʻolib boʻlishiga oʻsha vaqtda mamlakat telekanalida efirga uzatilayotgan «Sluga naroda» seriali asosiy rol oʻynaydi. Film Zelenskiy reytingini keskin koʻtarib yuborgandi. Bundan tashqari Kiyevdagi «Olimpiyskiy» stadionida minglab ukrainlar koʻz oʻngida oʻtgan debatda Zelenskiy Poroshenkoni «eb tashlagandi».

Endi davlatga xiyonatda ayblanishi mumkin

Ana shu Poroshenkoga nisbatan bugun Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi tomonidan sanktsiya e'lon qilindi. Poroshenkodan tashqari Konstantin Jevago va «Privatbank» sobiq xoʻjayini Gennadiy Bogolyubov ham kengash «qora roʻyxati»ga tushgan. Zelenskiy 13 fevral kuni bu qarorni tasdiqladi.

Shuningdek, Putinning Ukrainadagi odami, urush boshida «Azov» batalyoni komandirlariga almashilgan Viktor Medvedchuk va Ukrainaning eng boy odamlaridan boʻlmish Viktor Kolomoyskiy ham sanktsiyaga uchragan. Medvedchuk hozir Rossiyada, Kolomoyskiy esa Ukraina Xavfsizlik xizmati tomonidan 2023 yilda hibsga olingan.

Roʻyxatdagi Viktor Medvedchuk va Petro Poroshenko davlatga xiyonatda gumonlanmoqda. Medvedchuk-ku tushunarli, u Ukrainada Rossiya manfaatlari uchun xizmat qilganini hamma biladi. Bunday boʻlmasa, Moskva Ukraina fuqarosi boʻlgan Medvedchukni Rossiya fashistlar deb e'lon qilgan batalyon liderlariga almashmagan boʻlardi. Poroshenkoni esa oʻsha eski ish – Donbassdagi Rossiya ta'siridagi guruhlardan koʻmir sotib olishda ayblanmoqda. Bu ish Zelenskiy prezident boʻlganidan koʻp oʻtmay qoʻzgʻatilgandi.

Sanktsiyaga tushganlarning Ukrainada olingan mukofotlari bekor qilinadi, avtivlari bloklanadi, ular savdo operatsiyalari amalga oshira olmaydi, Ukrainadan chiqolmaydi va mamlakat ichida yashash manzilini oʻzgartira olmaydi.

Poroshenko oʻziga nisbatan ayblovlarni siyosiy deb atadi va barchasining buyurtmachisi prezident Zelenskiy ekanini aytdi.

Putin nima degandi?

Poroshenkoga nisbatan sanktsiya qoʻllangach, tarmoqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin unga siyosiy boshpana berishga tayyorligini aytgan video tarqaldi. Bu feyk emas, lekin shu kunlarda aytilgan gap ham emas. Putin bu gapni 2022 yil 7 fevral kuni, ya'ni Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan ikki hafta avval aytgan.

Esingizda boʻlsa, Putin Kremlda Makronni qabul qilgan va ular oʻsha mashhur uzun stolning ikki tomonidan turib 6 soat suhbatlashgandi. Oʻsha uchrashuv yakunlari boʻyicha oʻtkazilgan matbuot anjumanida Putin shunday degan: «Hozir Poroshenkoni davlatga xiyonatda ayblashmoqchi. Axir men hali navbat keladi deganda hazillashmagandim. Bunday holatda biz Poroshenkoga siyosiy boshpana berishga tayyormiz. Lekin uning siyosati bizga yoqqani uchun emas, odamiylik qilib», degandi Putin. Poroshenko Rossiya prezidentiga Ukraina oʻz muammolarini mustaqil hal qilishini aytib javob bergandi.

Oʻtkir Jalolxonov tayyorladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo