21:38 / 15.02.2025
1 459

AQSh foydali qazilmalar kelishuvida Ukrainaga qoʻshin joʻnatishni ham taklif qildi

AQSh foydali qazilmalar kelishuvida Ukrainaga qoʻshin joʻnatishni ham taklif qildi
Foto: Maxym Marusenko / NurPhoto via Getty Images
AQSh Ukrainaga taklif qilgan foydali qazilmalar boʻyicha kelishuv qazib olish jarayoni xavfsizligini ta'minlash uchun qoʻshin yuborish imkoniyatini ham oʻz ichiga oladi. Bu haqda NBC News hukumatdagi toʻrtta manbaga tayanib xabar berdi.

Telekanal suhbatdoshlari kelishuvning amerikacha variantida Qoʻshma Shtatlar Ukrainadagi noyob er metallari zaxiralarining yarmini olishi koʻzda tutilgani haqidagi ma'lumotni ham tasdiqladi.

AQSh moliya vaziri Skott Bessent 12 fevral kuni Kiyevga tashrifi chogʻida kelishuv loyihasini Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga topshirgan.

14 fevral kuni Zelenskiy kelishuvni imzolashdan «muloyimlik bilan bosh tortganini» xabar qildi. Reuters manbasiga koʻra, Ukraina kelishuvning oʻz versiyasini tayyorlab, Amerika tomoniga taqdim etgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp Amerikaning Kiyevga koʻrsatgan yordami evaziga Ukrainadan 500 milliard dollarlik noyob tuproq metallarini olmoqchi ekanini bir necha bor aytgan edi. Shu bilan birga, Tramp Rossiya va Ukraina oʻrtasida tinchlik bitimi muvaffaqiyatli tuzilishi mumkinligidan qat'i nazar, Qoʻshma Shtatlar Ukrainaning tabiiy resurslariga kirish huquqiga ega boʻlishi kerakligini ta'kidladi. Zelenskiy, oʻz navbatida, Ukraina koʻrsatilgan yordam evaziga Gʻarb hamkorlari bilan birgalikda foydali qazilmalarni qazib olishga qarshi emasligini aytdi.

14 fevral kuni WSJ AQSh vitse-prezidenti Jeyms Vens intervyusini e'lon qildi. Unda Vens agar Rossiya prezidenti Vladimir Putin tinchlik shartnomasiga rozi boʻlmasa, Ukrainaga Amerika qoʻshinlarini yuborishni istisno etmadi. Biroq, intervyu e'lon qilinganidan soʻng, Vens oʻz soʻzlari buzib talqin etilganini aytdi. «Amerika kuchlariga hech qachon Amerika manfaatlari va xavfsizligini ta'minlamaydigan joyda zarar etkazilmasligi kerak. Bu urush Rossiya va Ukraina oʻrtasida», dedi u.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo