
Oʻz davrida turli davlatlarni boshqargan ayrim odamlar bugun shohona hayot kechirayotgan boʻlsa ham, yurtiga borolmaydi. Dunyoda bundaylar ancha. Qirgʻizistonning sobiq rahbarlari Askar Akayev va Qurmanbek Bakiyev, Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovich shular jumlasidan. Yaqinda ular safiga Suriyaning sobiqqa aylangan prezidenti Bashar Asad ham qoʻshildi.
2024 yil noyabr oyi oxiri va dekabr oyi boshlarida Suriyada prezident Bashar Asad boshqaruviga qarshi isyonchi kuchlar faollashdi va birin-ketin mamlakatning yirik shaharlarini egallay boshladi.
Qarshilik harakati vakillari mamlakat poytaxti Damashq shahriga yaqinlashganda Bashar Asad poytaxtni tark etdi. Suriyada hokimiyat qarshilik harakati ixtiyoriga oʻtdi.
Avvaliga Asad oʻtirgan samolyot halokatga uchragan boʻlishi mumkinligi aytildi. Soʻng u Moskvaga qochgani oydinlashdi. Asadgacha Rossiya poytaxtidan Qirgʻiziston va Ukrainaning sobiq rahbarlari Askar Akayev va Viktor Yanukovich ham panoh topgandi.
Quyida 20-asrning ikkinchi yarmidan hozirgacha boʻlgan davrda hokimiyatdan ayrilib, boshqa davlatlarga qochgan ayrim rahbarlar haqida hikoya qilamiz.
Askar Akayev, Qirgʻiziston prezidenti

Askar Akayev, Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev Qozogʻistonda
stock.adobe.com
1944 yilda tugʻilgan Askar Akayev Qirgʻizistonni 1991 yil 31 avgustdan 2005 yil 11 aprelgacha boshqargan. 1990 yilda Qirgʻiziston Fanlar akademiyasi prezidenti boʻlib turgan Akayev KPSS markaziy qoʻmitasi a'zosi boʻlib saylanadi.
Sobiq ittifoq respublikalarida prezidentlik lavozimi joriy etilgach, u 1990 yil kuzda Qirgʻiziston SSRning birinchi prezidenti boʻladi.
1991 yil 31 avgustda Qirgʻiziston mustaqil boʻlgach, oʻsha yili oktyabrda prezidentlik saylovi oʻtkaziladi. Unda gʻalaba qozongan Akayev mamlakat rahbari boʻlib qolaveradi. 1995 va 2000 yillarda oʻtkazilgan saylovlarda Akayev yana gʻalaba qozonadi va Qirgʻizistonni boshqarishda davom etadi.
2005 yil martda Qirgʻizistonda “Lola inqilobi” hodisalari boshlanadi va chorasiz qolgan Akayev Moskvaga qochishga majbur boʻladi. Oʻshanda Qirgʻiziston Bosh prokuraturasi Akayev va uning oila a'zolariga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatadi.
Soʻng Rossiyadan ularni Bishkekka topshirish soʻraladi. Biroq Rossiya tomoni bu soʻrovni e'tiborsiz qoldiradi. Koʻp oʻtmay u Rossiya poytaxtidagi institutlarning biriga oʻqituvchi boʻlib ishga kiradi va hozirda ham Moskvada yashab kelmoqda.
Viktor Yanukovich, Ukraina prezidenti

Viktor Yanukovich va Putin
indrus.in
1950 yilda tugʻilgan Viktor Yanukovich Ukrainani 2010 yil 25 fevraldan 2014 yil 22 fevralgacha boshqaradi. U ilk marta 2004 yilda mamlakat prezidenti boʻlish uchun urinib koʻradi.
Oʻshanda Yanukovich saylovda gʻalaba qozongani haqida xabarlar tarqalgach, mamlakat boʻylab namoyishlar boshlanib ketadi. Oxir-oqibat Yanukovich emas, uning saylovdagi raqibi Viktor Yushchenko Ukraina prezidenti boʻladi.
2010 yil yanvarda oʻtkazilgan saylovda bu safar Yanukovich gʻalaba qozonadi va mamlakat rahbariga aylanadi. 2013 yil noyabrda u Vilnyusda oʻtkaziladigan Evropa hamkorligi sammiti arafasida Ukrainaning Evropa Ittifoqi bilan integratsiyalashuvi haqidagi kelishuvni imzolashdan bosh tortadi.
Shundan soʻng Kiyevda norozilik namoyishlari boshlanib ketadi. Oxir-oqibat Yanukovich 2014 yil fevral oyi oxirida Rossiyaga qochib ketadi. Hozirda u Moskvada yashayotgani aytiladi.
2019 yil 24 yanvar kuni Kiyevdagi Obolon tumani sudi Yanukovichni davlatga xiyonat qilganlikda aybdor deb topadi va unga sirtdan 13 yil qamoq jazosi beriladi. Shuningdek, unga Gʻarb mamlakatlari tomonidan sanktsiya e'lon qilingan.
Bashar Asad, Suriya prezidenti

alamy.com
1965 yilda tugʻilgan Bashar Asad Suriyani 2000 yil 17 iyuldan 2024 yil 8 dekabrgacha boshqardi. Ungacha bu davlatni 30 yil uning Otasi Hafiz Asad boshqargan.
Bu oila mansub boʻlgan Alaviylar jamoasi Suriyada ozchilikni tashkil etadi. Shu sababli Suriya xalqi avvaliga Hafiz Asadning, keyin Bashar Asadning boshqaruviga qarshi boʻlgan. Lekin ularning ikkalasi ham mamlakatni juda qattiqqoʻllik bilan boshqargan.
Asadlar oʻz hukmronligi davrida muxolifatni, oʻzlariga qarshi chiqqanlarni va oʻzgacha fikrlaydiganlarni ayovsiz jazolashadi. Ota va oʻgʻilning Suriyani uzoq yillar davomida boshqarishi ham ana shu qattiqqoʻllik tufayli edi.
2024 yil dekabr boshlarida Asad rejimiga qarshi boʻlgan kuchlar faollashadi va birin-ketin yirik shaharlarni egallay boshlaydi. Ular Damashqqa yaqinlashganda Bashar Asad Il-76 samolyoti bilan poytaxtdan uchib ketadi.
Koʻp oʻtmay samolyot radarlardan yoʻqoladi. OAV u oʻtirgan samolyot halokatga uchragan boʻlishi mumkinligini yozayotgan paytda Bashar Asad Moskvaga qochib ketgani haqida xabarlar chiqadi. U hozir ham Rossiya poytaxtida yashamoqda.
Asad taxtdan agʻdarilmasdan avval turli davlatlar va ayrim xalqaro tashkilotlar uni harbiy jinoyatlar sodir etganlikda va tinch aholini qirganlikda ayblagandi.
Suriya hukumati hozirgi davrda Moskvadan uni Damashqqa topshirishni talab qilib kelmoqda. Agar bu ish amalga oshsa, Asad oʻz yurtida jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Belarus, AQSh va boshqa davlatlarga qochganlar

rferl.org
Qurmanbek Bakiyev, Qirgʻiziston prezidenti. 1949 yilda tugʻilgan Bakiyev 1990 yildan boshlab turli vazifalarda ishlab keladi va 2000 yildan 2005 yilgacha ikki marta Qirgʻiziston bosh vaziri boʻladi.
2005 yilda boʻlib oʻtgan “Lola inqilobi”dan soʻng Bakiyev bir muddat prezident vazifasini bajaruvchi boʻladi. Soʻng navbatdan tashqari oʻtkazilgan prezident saylovida gʻalaba qozonib, rahbarlikni davom ettiradi.
2009 yilda Qirgʻizistonda navbatdagi saylov oʻtkaziladi, unda Bakiyev gʻolib chiqadi. Biroq 2010 yilga oʻtib mamlakatda unga qarshi norozilik namoyishlari boshlanadi. Bakiyev poytaxtdan Qirgʻiziston janubidagi Jalol-Obod viloyatiga qochadi.
2010 yil 15 aprel kuni Bakiyev va muxolifat liderlari oʻrtasida muzokara oʻtkaziladi. Bakiyev xavfsizligi ta'minlanishi evaziga hokimiyatdan voz kechishga rozi boʻladi. U oʻsha kuni Qozogʻiston orqali Belarusga yoʻl oladi.
Keyinchalik Bakiyevga nisbatan bir nechta jinoyat ishlari qoʻzgʻatiladi. Sud unga sirtdan 25 yil qamoq jazosi tayinlaydi. Qirgʻiziston tomoni Bakiyevni qidiruvga bergan. Hozirda u Minskda yashab kelayotgani aytiladi.

infobae.com
Ferdinand Markos, Filippin prezidenti. 1917 yilda tugʻilgan Ferdinand Markos 1965 yilda oʻtkazilgan saylovda gʻalaba qozonib, Filippin prezidenti boʻladi. 1969 yildagi saylovda u yana gʻolib chiqadi.
1972 yilda Markos parlament hamda siyosiy partiyalar bilan kelisha olmay qoladi va mamlakatda favqulodda vaziyat e'lon qiladi. Soʻng konstitutsiyani yangilaydi va kommunistik partiya faoliyatiga ruxsat beradi.
1983 yilda muxolifat etakchisi Benigno Akino oʻldiriladi. 1986 yilda muddatidan avval prezidentlik saylovi oʻtkazilib, unda yana Markosning gʻalaba qozongani e'lon qilinadi.
Shunda Akinoning bevasi Korason Akino boshchiligidagi muxolifat namoyishlarni boshlaydi. Bu safar Markos oʻz hokimiyatini saqlab qololmaydi va AQShning Havayi orollariga qochib ketadi. Oradan 3 yil oʻtgach u shu erda vafot etadi.

stock.adobe.com
Jan-Klod Dyuvale, Gaiti prezidenti. 1951 yilda tugʻilgan Jan-Klod Dyuvale Haitida hokimiyat tepasiga 1971 yilda otasining vafotidan soʻng keladi va mamlakatni 1986 yil 6 fevralgacha boshqaradi. 1971 yilgacha Haitiga uning otasi Fransua Dyuvale hukmronlik qilgan.
1985 yilda Haitida konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish yuzasidan referendum oʻtkaziladi. Yangi konstitutsiyada Jan-Klod Dyuvale umrbod rahbar boʻlishi, oʻzidan keyingi prezidentni belgilashi va bosh vazirni tayinlash ham prezident vakolatiga oʻtkazilishi belgilangandi.
Konstitutsiyadagi bu oʻzgarishlarni muxolifat qabul qilmaydi va namoyishlar boshlanadi. Mamlakatda harbiy holat e'lon qilinadi. Oxir-oqibat 1986 yil 7 fevral kuni Dyuvale oilasi bilan Fransiyaga qochib ketadi.
25 yildan soʻng 2011 yil Jan-Klod Dyuvale xotini bilan Haitiga qaytib keladi. Oradan ikki kun oʻtgach, uni hibsga olishadi. Jan-Klod Dyuvale korruptsiya va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanadi.
Biroq uni jazolashga ulgurishmaydi. Jan-Klod Dyuvale 2014 yil 4 oktyabr kuni Haiti poytaxti Port-o-Prens shahrida vafot etadi. Oʻshanda u 63 yoshda edi.

vietnamnet.vn
Alberto Fuximori, Peru prezidenti. 1938 yilda tugʻilgan Fuximorining millati yapon boʻlib, uning ota-onasi Peruga 1934 yilda Yaponiyadan koʻchib borgan edi.
1990 yilda Fuximori prezidentlik uchun nomzodini qoʻyadi va gʻalaba qozonib, Peru prezidentiga aylanadi. 1995 yilda oʻtkazilgan prezidentlik saylovida u yana gʻolib chiqadi.
2000 yilda Fuximori uchinchi marta saylovda gʻalaba qozongach, mamlakat boʻylab namoyishlar boshlanib ketadi va u qochishga majbur boʻladi. Fuximori 2000 yil 13 noyabr kuni Bruneyda boʻlib oʻtadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi tashkiloti (APEC) forumida qatnashish uchun Perudan uchib ketadi.
14 noyabr kuni esa Bruneydan Yaponiyaga uchib boradi va ortga qaytmaydi. Peruda Fuximoriga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatiladi va hukumat bir necha marta Yaponiyadan uni topshirishni talab qiladi. Biroq yaponlar Fuximorini bermaydi.
2005 yil noyabrda Fuximori Chiliga borganda uni Interpol orderi bilan hibsga olishadi. 2007 yil sentyabrda Chili sobiq prezidentni Peruga topshiradi. Fuximori 25 yil qamoq jazosi oladi.
2023 yilda Peru konstitutsion sudi Fuximorini ozod qilish haqida qaror qabul qiladi. Bu paytda u 85 yoshda edi. Oradan bir yil oʻtgach, u 86 yoshida vafot etadi.

alamy.com
Zayn al-Obidin Ben Ali, Tunis prezidenti. 1936 yilda tugʻilgan Ben Ali 1987 yilda mamlakat bosh vaziri etib tayinlanadi. Oʻsha yili noyabrda Tunisda “Yasmin inqilobi” boʻlib oʻtadi va amaldagi prezident Habib Burgiba agʻdariladi. Uning oʻrnini Ben Ali egallaydi.
2010 yilda Tunisda “Ikkinchi Yasmin inqilobi” deb nomlangan namoyishlar boshlanadi va 2011 yilda Ben Ali iste'foga chiqib, Saudiya Arabistoniga qochadi.
Tunisda unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatiladi. 2012 yilda Tunis oliy sudi Ben Alini sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qiladi. U uzoq davom etgan kasallikdan soʻng, 2019 yilda 83 yoshida Saudiyada vafot etadi.

alamy.com
Ashraf Gʻani, Afgʻoniston prezidenti. 1949 yilda tugʻilgan Ashraf Gʻani ilk bor 2009 yil Afgʻoniston prezidenti boʻlishga urinib koʻradi. Biroq saylovda Hamid Karzayga yutqazadi.
2014 yilda oʻtkazilgan navbatdagi saylovda Ashraf Gʻani boshqa nomzod Abdulla Abdullani ortda qoldirib, gʻolib chiqadi va Afgʻoniston prezidentiga aylanadi. U 2019 yilda oʻtkazilgan saylovda gʻalaba qozonib, ikkinchi muddatga ham mamlakat prezidenti boʻladi.
Biroq 2021 yilda “Tolibon” harakati faollashadi va avgust oyiga borib mamlakat hududining katta qismini oʻz nazoratiga oladi. Soʻng Kobulni shturm qilishga tayyorgarlik koʻra boshlaydi.
15 avgust kuni Ashraf Gʻani BAAga qochib ketadi va hokimiyat “Tolibon” tasarrufiga oʻtadi. U hozir shu davlatda yashayotgani aytiladi. Turli ma'lumotlarga koʻra, Ashraf Gʻani Afgʻonistondan qochish paytida oʻzi bilan ancha miqdorda naqd dollarlarni olib chiqib ketgan.
Gʻayrat Yoʻldosh tayyorladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar