
Foto: REUTERS
Ukraina hukumati Saudiya Arabistonida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan muzokaralar haqida hech narsa bilmaydi, unda ishtirok etmaydi va uni tan olish niyatida ham emas. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy RF va AQSh vakillari Ar-Riyodda uchrashishi toʻgʻrisidagi xabarlarga shunday izoh berdi.
«Ukraina ishtirok etmaydi. Ukraina bu haqida hech narsa bilmagan. Ukraina oʻzining ishtirokisiz oʻtkaziladigan har qanday muzokaralarni natijasiz deb hisoblaydi. Va biz, bizning ishtirokimizsiz Ukraina borasida erishilgan har qanday narsalar yoki shartnomalarni tan ololmaymiz. Biz bunday kelishuvlarni tan olmaymiz», — deydi Zelenskiy.
Ukraina prezidentining ta'kidlashicha, boʻlajak muzokaralar «ikki tomonlama ahamiyatga» ega, Moskva va Vashington «agar ularda ikki tomonlama masalalar boʻlsagina bunga haqli».
Ayni vaqtda Zelenskiy rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklarida boʻlib turibdi. 18 fevral kuni Ukraina prezidenti Saudiya Arabistoniga yoʻl oladi. Zelenskiyning soʻzlariga koʻra, uning Ar-Riyodga safari «Saudiya Arabistonida Qoʻshma Shtatlar va Rossiya vakillari darajasida sodir boʻlayotgan voqealarga umuman aloqador emas».
18 fevral kuni Ar-Riyoddan AQSh va Rossiya vakillarining uchrashuvi rejalashtirilgan. Vashington tomonidan unda davlat kotibi Marko Rubio, AQSh prezidentining milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Mayk Uols va Trampning Yaqin Sharq boʻyicha maxsus vakili Stiv Uitkoff ishtirok etadi. Moskva esa uchrashuvga TIV rahbari Sergey Lavrov hamda RF prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakovni yuborgan.
Rossiya—Ukraina urushini toʻxtatish boʻyicha Saudiya Arabistonida muzokaralar oʻtkazilishini avvalroq Donald Tramp e'lon qilgandi. U muzokaralarda Rossiya, AQSh va Ukraina vakillari qatnashishini aytgandi. NBC News manbalariga koʻra, AQSh avvaliga Rossiya va Ukraina vakillari bilan alohida muzokara oʻtkazishni rejalashtirgan. Shu bilan birga, telekanal manbasining ta'kidlashicha, Ukraina vakillari muzokaralarga hozircha taklif qilinmagan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar