
Illyustrativ foto: AP Photo
AQSh Qurolli kuchlari Suriyadagi “Al-Qoida” terrorchilik guruhi rahbarlaridan birini yoʻq qildi. Bu haqda prezident Donald Tramp oʻzining Truth Social ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida yozdi, deydi Daryo nashri.
Trampning soʻzlariga koʻra, yoʻq qilingan terrorchi butun mintaqa boʻylab “Al-Qoida” bilan hamkorlik qilgan. Gap aynan qaysi etakchi haqida ketayotgani aytilmagan.
"Ushbu dam olish kuni AQSh qoʻshinlari Suriyadagi “Al-Qoida” a'zolaridan biriga yuqori aniqlikdagi aviazarba berdi", dedi prezident.
U AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qoʻmondonligi rahbari Maykl Kurill va harbiy uchuvchilarni muvaffaqiyatli operatsiya bilan tabrikladi.
AQSh Markaziy qoʻmondonligi xabariga koʻra, 15 fevral kuni Suriya shimoli-gʻarbidagi hududga berilgan zarba natijasida “Al-Qoida”ga aloqador “Xurras ad-Din” tashkiloti etakchilaridan biri oʻldirilgan. U guruhda moliyaviy operatsiyalar va logistika uchun mas'ul boʻlgan.
"Hujum terrorchilarning AQSh fuqarolari va harbiylariga qarshi hujumlarni rejalashtirish, tashkil etish va amalga oshirish boʻyicha urinishlarini barbod qilish maqsadida amalga oshirildi", deyiladi xabarda.
2024 yil Pokiston huquq-tartibot idoralari xodimlari “Al-Qoida” etakchilaridan biri, Usama bin Ladenning yaqin safdoshi Amin ul-Haqni hibsga olgandi.
2023 yil may oyida esa AQSh Markaziy qoʻmondonligi Suriyadagi “Al-Qoida” etakchisiga uyushtirgan havo hujumi oqibatida oddiy fermer halok boʻlganini tan olgandi.
“Al-Qoida” ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar