15:35 / 18.02.2025
420

Insoniyat shokoladsiz qolishi mumkin: muammo nimada?

Insoniyat shokoladsiz qolishi mumkin: muammo nimada?
Gʻarbiy Afrika mamlakatlaridagi fermerlar kuchli issiqlik va qurgʻoqchilikka duch kelmoqda, bu esa allaqachon kakao hosilining pasayishiga sabab boʻldi. Iqlim oʻzgarishi global kakao ishlab chiqarishining 70 foizini ta'minlaydigan hududlarda bir necha haftalik kuchli issiqlikni keltirib chiqardi. Climate Central yangi tadqiqotini e'lon qildi, deb yozadi Daryo nashri.

Foto: hightech.fm
Tadqiqotga koʻra, eng yirik kakao etkazib beruvchilar — Kot-d’Ivuar va Ganada vaziyat murakkablashgan. Olimlar 44 ta hududdan olingan ma'lumotlarni tahlil qilib, soʻnggi oʻn yillikda asosiy oʻsish mavsumida harorat 32 darajadan yuqori boʻlgan kunlar soni uch haftaga oshganini aniqladi. Kuzatuvlar tarixidagi eng issiq 2023 yilda bu koʻrsatkich 42 kunga etgandi.
Bunday issiqlik hosil miqdori va sifatiga salbiy ta'sir koʻrsatmoqda, bu esa allaqachon kakao narxining oshishiga olib kelgan. Olimlar boshqa xavf omillari qatoriga qurgʻoqchilik, oʻsimlik kasalliklari, beqaror yogʻingarchilik va hatto kontrabandani ham kiritmoqda.

Missisipi shtati universiteti xodimi Narsisa Prikopning soʻzlariga koʻra, fermerlar issiqxona gazlari chiqindilari oqibatlari tufayli “ekzistensial tahdid”ga duch kelgan. Agar tendentsiya davom etsa, jahon shokolad sanoati yanada jiddiy muammolarga duch kelishi mumkin.

Yogʻingarchilik va hasharotlar tarqatadigan infektsiyalar kabi koʻplab omillar kakao daraxtlariga ta'sir qilsa-da, anomal issiqlik hosilning miqdori va sifatini pasaytirishga olib kelishi mumkin. Bu esa shokolad narxlarining oshishiga va Gʻarbiy Afrika mamlakatlari mahalliy iqtisodiyotiga salbiy ta'sir koʻrsatadi.

Tadqiqotchilarning fikriga koʻra, kakao daraxtlari atrof-muhit oʻzgarishlariga juda sezgir. Ular harorat va namlikning ma'lum bir muvozanatini talab qiladi. Bu muvozanat buzilganda daraxtlar kam hosil bera boshlaydi yoki kasallanadi.

Shokolad ishlab chiqaruvchilar va fermerlar vaziyatga moslashishga harakat qilmoqda. Masalan, ular daraxtlar uchun soya yaratish yoki chidamliroq navlardan foydalanish kabi kakao etishtirishning yangi usullarini sinab koʻrmoqda. Lekin bu choralar iqlim oʻzgarishi oqibatlarini hali toʻliq qoplay olmaydi.

2024 yil holatiga koʻra, jahon shokolad sanoatining qiymati 127,9 milliard AQSh dollarini tashkil etadi. Koʻplab odamlar shokolad iste'moli ahamiyatini e'tibordan chetda qoldirsa-da, shokolad bizning hayotimizda muhim rol oʻynaydi — kayfiyatni koʻtarishdan tortib mukammal sovgʻa qilishgacha.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo